ELEKTR TOKINING ORGANIZMGA TA’SIRI. CHO‘KISH.
Reja:
1. Elektr tokidan shikastlanish belgilari.
2. Elektrdan kuyishda birinchi yordam koʻrsatish
3. Choʻkish. Choʻkkan odamga birinchi yordam koʻrsatish
Elektr toki odam tanasi orqali oʻtar ekan, uni qizdiradi, bu esa kuyishga olib kelishi mumkin.
Bunda jabrlanuvchining elektr toki kirgan va chiqqan joylarida jarohat koʻrinadi. Bu kuyik koʻrinishidan ahamiyatsizga oʻxshasa-da, aslida ancha ogʻir boʻladi, chunki ichki toʻqimalar jiddiy jarohatlangan boʻlishi mumkin. Elektr, odatda, chuqur kuydiradi.
Elektr toki urishi, kuyishdan tashqari yurak aritmiyasini keltirib chiqarishi, hatto yurak va nafas olishning toʻxtashiga ham olib kelishi mumkin.
Elektr tokidan shikastlanganda quyidagi belgilar kuzatiladi
Toʻsatdan qarsillagan tovush eshitiladi yoki yorugʻlik chaqnaganday boʻladi.
Jabrlanuvchi behush holatda boʻladi.
oʻzini gʻalati tutadi.
Teri ustida aniq kuygan joylar uchraydi.
Nafas olish buziladi.
Tomir urishi zaif, aritmik yoki umuman bilinmaydi.
Odatda, qoʻl panjalari yoki oyoq kaftlarida elektr zaryadi kirgan va chiqqan joylar uchraydi.
Elektrdan kuyishning oldini olish uchun elektr uskunalardan hech qachon suv yaqinida foydalanmaslik, eskirgan elektr shnurlarni tashlab yuborish yoki ta'mirlash, uyda kichkina bolalar boʻlsa, elektr rozetkalarni ulardan yaxshilab ehtiyotlanganligiga ishonch hosil qilish kerak.
Momaqaldiroq yaqinlashganda yashin urishidan saqlanish uchun bino ichiga kirib olish, mashinaga oʻtirib, oynalarini butunlay yopib qoʻyish, suzayotgan yoki qayiqdagi inson imkoni boricha tezroq qirgʻoqqa chiqib olishga harakat qilishi, shoshilinch holatlardan tashqari vaqtda telefondan foydalanmaslik, telegraf yogʻochlariga yoki baland daraxtlarga yaqin bormaslik, tepalik ustida boʻlmaslikka harakat qilish, jarlik va pastlikka yashirinishga intilish, qishloq xoʻjalik texnikasi hamda mototsikl, velosiped singari kichik transport vositalariga yaqin bormaslik, metall toʻsiq, yuqori kuchlanishli liniya, poʻlat quvur va relslar yonida, shuningdek elektr oʻtkazadigan boshqa narsalar yaqinida turmaslik kerak
Elektrdan kuyishda birinchi yordam koʻrsatish
Doimo birinchi yordam koʻrsatish qoidalariga amal qilish lozim.
Elektr manbai uzib qoʻyilmagan boʻlsa, elektr shokdan jabrlangan odamga hech qachon yaqinlashmaslik zarur. Agar hodisa sodir boʻlgan joyda elektr uzatish liniyasi simlari yotgan boʻlsa, oʻt oʻchirish komandasi yoki elektriklar brigadasi kelishini kutish, agar usti ochiq sim avtomobil korpusida yotgan boʻlsa, odamlarga mashinada oʻtiraverishni maslahat berish kerak.
Birlamchi koʻzdan kechirishda nafas olishning buzilishi yoki yurakning toʻsatdan toʻxtashi belgilarini diqqat bilan kuzatish zarur. Ikkilamchi koʻzdan kechirishda jarohatini koʻzdan kechirishni unutmaslik, doim ikkita kuyikni izlash va kuygan joyga sterillangan bogʻlam qoʻyish kerak.
Yashin urishidan jabrlangan odamda ham singan joy boʻlishi, mumkin. Shuning uchun uni qimirlatish kerak emas. Kuyish unchalik jiddiy muammo emas.
Choʻkish
Nafas yoʻllariga suv gʻayriixtiyoriy kirsa, choʻkish xavfi tugʻiladi. Bu hol koʻpincha oʻsmirlarda, bolalarda hamda mast holdagi katta yoshlilarda sodir boʻladi. Qurbon suv ostiga tushib qolsa, nafas toʻxtashi roʻy beradi, keyin bu hol beixtiyor nafas olishga aylanadi. Baxtsiz hodisalarning 15 foizida suv oʻpkaga tushmaydi, biroq jabrlanuvchi boʻgʻilib oʻladi.
Bunday vaziyatda dastlab nafas olish, soʻng yurak faoliyati toʻxtaydi. Nafas va yurak-qon tomir sistemasining ishlashi toʻxtagach, bir ozdan soʻng oʻlim yuz beradi. Zudlik bilan tez yordam chaqirish, u yetib kelgunicha esa jabrlanuvchiga birinchi yordam koʻrsatish kerak.
Choʻkishni oldini olish maqsadida oila a'zolarning hammasi suzishni oʻrganib olishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish, kichkina bolalar chuqurligi 10 sm boʻlgan joydagi suvda ham choʻkishi mumkinligini hisobga olgan holda ularning qarovsiz choʻmilishiga hech qachon ruxsat bermaslik, shoʻngʻishdan oldin suvning chuqurligini hamda tubining holatini tekshirish, oqim tez joyda boʻlmaslikka va choʻmilmaslikka harakat qilish, yolgʻiz choʻmilmaslikka harakat qilish, daryo kemalari qatnovi qizgʻin boʻlgan joylarda choʻmilmaslikka harakat qilish, agar uzoqqa suzib borish moʻljallangan boʻlsa, bironta odam qayiqda, qutqarish uchun zarur boʻlgan barcha zarur narsalarni olgan holda, kuzatib borishi, mast holda hech qachon suvga tushmaslik va qayiqda suzmaslik, katta boʻlmagan qayiqda bor boʻy bilan tik turmaslik, qayiqda, ayniqsa sovuq kunlarda suzayotganda doim qutqarish nimchasini kiyib olish, biron-bir qutqaruvchi vositani tayyor tutish kerak.
Suzishni yaxshi bilmaydigan, jismoniy jihatdan quvvatsiz yoki charchagan, kasal yoki jarohatlangan odam, shuningdek sovuq suvda turgan yoki tasodifan suvga tushib ketgan odam choʻkishi mumkin.
Jabrlanuvchilarni qutqarishda tez yordam koʻrsatishning birinchi printsipi alohida ahamiyat kasb etadi. Bunda aniq va ehtimol tugʻilgan xavfni aniqlash uchun hodisa sodir boʻlgan joyni koʻzdan kechirish muhim rol oʻynaydi. Choʻkayotgan odam ongsiz va instinktiv ravishda harakat qilishini tushunib olish kerak. Shuning uchun ham, choʻkayotgan odamga yordam berishga harakat qilinar ekan, hech qachon unga darhol yaqin suzib bormaslik kerak.
Choʻkayotgan odamga yordam koʻrsatishning turli usullari bor, biroq, ularning hech biri universal emas. Bir qarorga kelishdan olish, ushbu vaziyatda foydalanish mumkin boʻlgan eng xavfsiz usulni tanlash kerak.
1. Soʻz bilan yordam koʻrsatish usuli
oʻzimiz uchun xavfsiz joydan turib, jabrlanuvchiga qanday harakat qilish kerakligini aniq, ravshan va qisqa qilib aytish, shuningdek unga soʻz bilan dalda berish kerak. Doim jabrlanuvchining koʻziga qarashga harakat qilinadi.
2. Narsa irgʻitish usuli
Jabrlanuvchidan uncha uzoqda boʻlmagan holatda qoʻl ostida maqbul suzadigan buyum boʻlsa, uni jabrlanuvchi ushlab oladigan qilib irgʻitiladi.
3. Tortib chiqarish usuli
Qoʻl ostidagi buyumni, masalan, eshkak yoki arqonni, uni suzuvchi vositaga bogʻlab, jabrlanuvchiga tashlanadi yoki uzatiladi. Ayni mahalda turgan joyni oʻzida mahkam joylashib olib, toki jabrlanuvchini suvdan tortib chiqarilar ekan, tananing ogʻirlik markazi quyida boʻlishi kerak.
4. Sayoz joyda suvga tushib yordam koʻrsatish
Agar odam sayoz joyda halokatga uchragan boʻlsa, oyoqni suv tubiga kattiq tirab olib, bir qoʻl bilan bironta ishonchli tayanch narsani, masalan, bogʻlash qurilmasini ushlab olgan holda, jabrlanuvchiga tayoq uzatiladi. Agar bunda ancha odam toʻplanib qolgan boʻlsa, jabrlanuvchiga yordam berish uchun ulardan jonli zanjir hosil qilish mumkin.
5. Qayiqdan foydalanish
Choʻkayotgan odamga kichikroq qayiqda unga bironta suzuvchi buyum tashlaydigan yoki tayoq uzatadigan qilib yaqinlashishga intilish kerak. Shundan soʻng, jabrlanuvchini tortib kelish yoki qayiqqa chiqarib olish kerak. Jabrlanuvchining vazni, holati, qayiqning chidamliligini va hokazolarni hisobga olgan holda qaror qabul qilinadi. Choʻkayotgan odamni qutqarayotganda hech qachon qayiqda bor boʻy bilan tik turmaslik kerak.
6. Suzib borib qutqarish
Agar choʻkayotgan odamning oldiga suzib borishga toʻgʻri kelsa, biron-bir qutqarish vositasini olish lozim. Xavfni kamaytirish uchun jabrlanuvchiga juda yaqin bormaslik, undan birmuncha narida toʻxtash va qutqarish vositasini uzatish kerak. Qutqarish vositasini jabrlanuvchi bilan qutqaruvchi oʻrtasida tutib turib, u bilan koʻz va soʻz aloqasi bogʻlanadi. Jabrlanuvchiga dalda berib, uni suzish vositasi yordamida qirg'oq tomon tortib borayotganda oyogini ishlatishga majbur etish lozim
Choʻkkan odamga birinchi yordam koʻrsatish
Jabrlanuvchini suvdan chiqarib olgach, uni qattiq joyga yotqizib yuqori nafas yoʻllarini tozalash, nafas olayotgan-olmayotganini 5 sekund ichida aniqlash, nafas olmayotgan boʻlsa, sun'iy oʻpka ventilyatsiyasini amalga oshirish, uyqu arteriyasidan tomir urishini tekshirish, tomir urmayotgan boʻlsa, yurak-oʻpka faoliyatini tiklash choralarini koʻrish lozim.