TAYANCH-HARAKAT APPARATINING MEXANIK SHIKASTLANISHLARI. IMMOBILIZATSIYA.

Reja:

  1. Tayanch-harakat apparatining anatomiyasi va fiziologiyasi

  2. Tayanch-harakat sistemasi shikastlanishining sabablari va turlari

  3. Sinish. Chiqish. Muskullar spazmasi (tortishishi)

4. Immobilizatsiya

Tayanch-harakat apparatining anatomiyasi va fiziologiyasi

Tayanch-harakat sistemasi suyak, muskul, pay va boylamlardan iborat boʻlib, ularning barchasi birgalikda bir qancha funksiyalarni bajaradi. Jumladan:

• tanaga tayanch boʻlib xizmat qiladi,

• ichki organlarni himoya qiladi,

• mineral moddalar saqlanadigan joy boʻlib xizmat qiladi, hamda qon toʻqimalarini xosil qiladi,

• issiqlik xosil qiladi,

• harakatlantirishda qatnashadi.

Qoʻl va oyoq suyaklari tufayli yura olamiz, narsa koʻtaramiz va boshqa harakatlarni bajaramiz. Qoʻl panjasi va barmoqlarining mayda suyaklari, masalan, yozishda zarur boʻladigan aniq harakatlarni bajarish imkonini beradi. Oyoq panjalarining mayda suyaklari esa yurishda koʻmaklashadi.

Suyaklarda mineral moddalar toʻplanadi, ilikda esa qon hujayralari xosil boʻladi.

Tananing harakatchanligi muskul toʻqimalarining qisqarishi va boʻshashishi xisobiga ta'minlanadi. Muskullar suyaklarga pay bilan mahkamlanadi. Muskul ishlaganida issiqlik xosil boʻladi. Muskul saqlovchi qobiq sifatida xizmat qilib, suyak, nerv va qon tomirlar uchun himoya vositasi boʻladi.

Miya nerv impulslarini joʻnatib, muskullarga harakat qilish toʻgʻrisida koʻrsatma beradi. Muskul faoliyati ixtiyoriy yoki gʻayriixtiyoriy boʻlishi mumkin. Miya muskulning gʻayriixtiyoriy harakatini, masalan, yurak, qorin pardasi va ichak faoliyatini avtomatik tarzda boshqaradi. Yurak, biz tomondan hech qanaqa koʻrsatma boʻlmasa-da, minutiga 60-80 marta qisqaraveradi. Muskullar, masalan, qoʻl-oyoq muskullarining ixtiyoriy harakati ong nazorati ostida boʻladi.

Skelet

Skelet turli shakl va katta-kichiklikdagi 206 ta suyakdan iborat boʻlib, tana shakllanadigan qovurgʻa (sinch)ni tashkil qiladi. Suyak - zich va mustahkam toʻqima. Skelet hayotiy muqim ichki organlar va yumshoq toʻqimalarni extiyot qiladi. Bosh chanogʻi bosh miyani himoya qiladi. Qovurgʻalar yurak va oʻpkani himoya qiladi. Umurtqa pogʻonasi orqa miyani saqlaydi.

Ba'zi suyaklar qizil qon tanachalarini xosil qilish va saqlash uchun xizmat qiladi. Suyak sinishi, odatda, oqrigʻli boʻlib, qon ketishiga olib keladi. Bunday qon ketish toʻxtatilmasa, jabrlanuvchi hayotiga xavf tugʻdirishi mumkin.

Suyaklar katta-kichikligi va shakliga koʻra turlichadir. Ular shakli oʻzgargan joyda moʻrtroq boʻlib, odatda, oʻsha nuqtalardan sinadi.

Muskullar

Muskul - yumshoq toʻqima. Insonda hammasi boʻlib 600 dan ziyod muskul boʻladi. Koʻpchiligi skelet muskullari boʻlib, suyakka birikib oʻsadi.

Muskullar, boshqa yumshoq toʻqimalardan farqli ravishda, boʻshashishi va qisqarishi mumkin, bunda tana qismlari harakati ta'minlanadi. Miya nervlar orqali muayyan harakatni bajarishi toʻgʻrisida muskullarga koʻrsatma yoʻllaydi. Skelet muskullari ham suyak, nerv va qon tomirlarni himoya qiladi. Har tomondan kelgan muskullarning koʻpchiligi suyakka pay bilan qoʻshiladi. Muskullar va ularning paylari boʻgʻimlar orqali oʻtadi. Bosh va orqa miya shikastlanishi, nervlar zararlanishi oqibatida muskullar faoliyatining boshqarilishini nazorat qilish buzilishi mumkin.

Boʻg’imlar

Boʻgʻim ikki yoki undan koʻp suyak ulanadigan joyda boʻladi. Ayrim boʻgʻimlar bosh chanoqi singari bir turdagi strukturani hosil qilib, birlashib ketgan boʻlsa ham, koʻp boʻgʻimlar harakatda boʻladi.

Boʻgimlarni boylamlar tutib turadi. Barcha boʻgʻimlar muayyan harakat amplitudasiga ega. Boʻg ’im oʻzi uchun normal boʻlgan amplitudadan chetga chiqqan boʻlsa, bu holat ushbu boʻgʻim choʻzilishiga yoki uzilishiga olib keladi. Boylamlar choʻzilishi yoki uzilishi natijasida boʻgʻim beqaror boʻlib qoladi va bu mehnat qobiliyati yoʻqotilishiga olib keladi. Beqaror boʻg'imlar osonlik bilan qayta shikastlanadi.

Tayanch-harakat sistemasi shikastlanishining sabablari va turlari

Tayanch-harakat apparatining shikastlanishi keng tarqalgan holdir. Ular odatdagi koʻkarish (momataloq)dan tortib, ogʻir azob beruvchi sinish va chiqishgacha oʻz ichiga oladi. Bunday shikastlanishda koʻrsatiladigan birinchi yordam ogʻriqni kamaytirish hamda keyingi shikastlanishlarni bartaraf etishdan iborat boʻladi.

Sinish, muskul va boʻgʻim shikastlanishi, garchi, doimo ogʻriq bilan kechsa-da, juda kam hollarda jabrlanuvchining hayotiga xavf soladi. Biroq birinchi yordam koʻrsatilmasa, ularning oqibati jiddiylashib ketishi va hatto, umrbod nogironlikni ham keltirib chiqarishi mumkin. Tayanch-harakat sistemasi turli vaziyatlarda: yiqilganda, noqulay va bexos harakat qilganda yoki avtomobil halokati chogʻida shikastlanishi mumkin.

Tayanch-harakat sistemasi shikastlanishining toʻrt asosiy turi mavjud:

• sinish,

• chiqish,

• boylamlar choʻzilishi yoki uzilishi,

• muskullar va paylar choʻzilishi yoki uzilishi.

Sinish

Sinish - suyak yaxlitligining buzilishidir. Toʻla sinish va suyak boʻlak boʻlib singandagi yoki darz ketgandagi kabi chala sinish mavjud.

Ochiq sinishda jarohat mavjud boʻladi. U qoʻl yoki oyoqqa suyak sinishiga olib keladigan haddan tashqari nagruzka berilganda sodir boʻladi. Singan suyak uchi terini yirtib, tashqariga chiqib qoladi yoki bironta buyum teri qoplamni teshib oʻtib, suyakni sindiradi[1]. Taxmin qilingan siniq atrofidagi yumshoq toʻqimaning har qanday zararlanishi ochiq sinishdan darak beradi. Yopiq sinishda teri qoplami zararlanmay qoladiki, sinishning bunday turi koʻproq uchraydi. Ochiq sinish nisbatan xavfli, chunki unda jarohatga infeksiya tushirish yoki qon yoʻqotish xavfi mavjud boʻladi.

Chiqish

Chiqish - suyakning boʻgʻimdagi oʻz normal holatiga nisbatan siljishidir. Chiqish, odatda, katta kuch ta'siri ostida roʻy beradi.

Suyak boshchasi oʻzining normal holatidan tashqari chiqsa, boylamlar choʻziladi yoki uziladi. Chiqishga sabab boʻlgan kuch ta'sirida suyak sinishi hamda yaqin atrofdagi nervlar va qon tomirlari zararlanishi mumkin. Chiqishni boʻgʻimlar shaklining koʻzga tashlanadigan darajada buzilishiga qarab aniqlasa boʻladi.

Boylamlarning choʻzilishi va uzilishi

Suyak odatiy harakat amplitudasidan tashqari chiqqanda boylam choʻziladi. Boʻgʻinga haddan tashqari ogʻir yuk tushishi boylamlarning toʻla uzilishiga hamda suyak chiqishiga olib kelishi mumkin. Bunday hollarda suyak sinishi ham mumkin.

Boylamlar yengil choʻzilganda, odatda, tez tuzalib ketadi. Jabrlanuvchi qisqa vaqt ogʻriq sezib yurishi mumkin, biroq tezda bir oz ogʻriq his qilgan holda yoki umuman ogʻriq his qilmay jismoniy faollikni yangidan boshlab yuborishi mumkin.

Chiqish - suyakning boʻgimdagi oʻz normal holatiga nisbatan siljishi. Shuning uchun kishilar bunday hodisalarga koʻpincha e'tibor berishmaydi, natijada boʻgʻim qayta shikastlanishi mumkin. Boylamlar choʻzilishining ogʻir shaklida boʻgʻim sal harakatga kelsa, qattiq ogʻriq sezadi. Toʻpiq va tizza boʻgʻimlari, barmoqlar va bilak boylamlari choʻzilishi koʻp uchraydi.

Ba'zan boylamlarning choʻzilishi sinishga qaraganda jiddiyroq funktsional oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin. Singandan keyin bitgan suyak kamdan-kam hollarda qayta sinadi. Boʻgʻim esa, boylamlar choʻzilganidan yoki uzilganidan keyin, ancha beqaror (oʻynoqi) boʻlib qolishi mumkin. Bu hol qayta shikastlanish ehtimolini oshiradi.

Muskullar spazmasi (tortishishi)

Muskullar spazmasini shikastlanishga yoʻyib boʻlmasa-da, u ogʻir jismoniy ishni bajarishda yoki oyoq - qoʻl uzoq vaqt davomida bir xil holatda turganida yuzaga keladigan ogʻriq turidir. Odatda, shu joyni choʻzish (uzatish) hamda uqalab yuborish, dam olish, shuningdek holatni oʻzgartirish ogʻriq bartaraf etilishi uchun yetarli hisoblanadi. Qizib ketish natijasida muskulga yuk koʻp tushishi tufayli sodir boʻladigan tortishish muskul spazmasini eslatishi mumkin, lekin u issiqda jismoniy mashqlarni bajarish jarayonida muskullar suyuqlik yoʻqotishi natijasida ham sodir boʻlishi mumkin.

Tayanch-harakat apparati shikastlanishining belgilari quyidagilardan iborat:

• ogʻriq,

• shish,

• odatdagi harakatlarni bajara olmaslik,

• teri rangining oʻzgarishi,

• deformatsiya (shakl oʻzgarishi),

• tashqi qon ketishi,

• shikast yetgan paytda suyaklarda qisirlagan yoki shaqillagan tovushning eshitilishi.

Ozmi-koʻpmi jiddiy shikastlanishda ogʻriq, shish boʻladi va oʻsha joyga tekkanga ogʻriydi.

Deformatsiyada shish, gʻayrioddiy gʻadir-budurlik, boʻrtiq, chuqurcha paydo boʻladi, tananing ma'lum qismi gʻayriodatiy burchak ostida koʻrinadi. Tananing shikastlangan va sogʻ qismlarini solishtirib deformatsiyani oson aniqlab olish mumkin.

Jabrlanuvchining oʻzi tanasining qaysi qismi qimirlamasligini yoki qanaqa harakat ogʻriq paydo qilayotganini aytishi mumkin.

Immobilizatsiya – jarohatlangan a'zoni harakatsizlantirishdir.

Tayanch-harakat apparati shikastlanganda ba'zan qon ketadi, ogʻriq qattiq boʻladi yoki suyak tashqariga chiqib qoladi. Bunday shikastlanish jabrlanuvchining hayotiga kamdan-kam hollarda xavf tugʻdiradi. Lekin bosh, boʻyin yoki orqa shikastlangan boʻlsa, shikastlanish natijasida yurish yoki nafas olish qiyinlashsa, koʻp joy shikastlangan boʻlsa, albatta tez yordam chaqirish kerak boʻladi.

Tez yordam yetib kelguncha jabrlanuvchi tanasining shikastlangan qismini qoʻl bilan tutib turib, boshqa buyumlar, masalan, yostiq, adyol, kiyim bilan qimirlamaydigan qilib qoʻyiladi.

Tez yordam darhol kelmasa yoki jabrlanuvchini shaxsiy transportda mustaqil olib ketmoqchi boʻlinsa tananing jarohatlangan qismining qimirlamasligini ta'minlash zarur boʻladi.

Tananing shikastlangan qismini harakatsizlantirib (koʻzgʻalmaydigan qilib) qoʻyish natijasida ogʻriqni kamaytirishga, qoʻshimcha shikastlanishning oldini olishga, qon ketishi xavfini kamaytirishga, tananing jarohatlangan qismida qon aylanishi buzilishi ehtimolini kamaytirishga, yopiq siniqning ochiq siniqqa aylanib ketishining oldini olishga erishiladi.

Shikastlangan joyni taxtakachlash, qattiq tutib turuvchi bogʻlam qoʻyish yoki bint bilan oʻrash orqali qimirlamaydigan qilib qoʻyiladi. Buning uchun shinadan foydalaniladi. Shina uch xil: yumshoq, qattiq va anatomik boʻladi. Yumshoq shina sifatida taxlangan adyol, sochiq, yostiq, qimirlatmaydigan bogʻlam yoki bintdan foydalaniladi. Qattiq shinaga taxtacha, metall tilimi, karton, buklangan jurnal va hokazolar kiradi. Anatomik shinada jabrlanuvchining oʻz tanasidan foydalaniladi. Masalan, qoʻl - jabrlanuvchining koʻkragiga bint bilan tortib qoʻyilishi, oyogʻi – sogʻ oyogʻiga bogʻlab qoʻyilishi mumkin.

Shina qoʻyishda quyidagilarga rioya qilinadi:

  1. Shikastlangan joy holatini oʻzgartirmasdan taxtakachlanadi

  2. Ham shikastlangan joy, ham undan yuqorida va quyida joylashgan boʻgʻimlar qoʻshib taxtakachlanadi

  3. Taxtakachlashdan oldin ham, keyin ham tananing shikastlangan qismidagi qon aylanishini tekshiri, shikastlangan qoʻl yoki oyoq barmoqlarini tekshirish, ular ushlaganda iliq va tirnogʻi yoni pushti rang boʻlishi lozim. Uvishgani toʻgʻrisida shikoyat boʻlsa, bogʻlam boʻshatiladi.

  4. Taxtakachni shikastlangan joyning yuqorisidan hamda quyisidan mahkamlab qoʻyish lozim.

Ochiq siniqdan tashqari har qanday shikastlanishda muz qoʻyiladi. Sovuq ogʻriqni kamaytirib, shishni pasaytiradi, chunki u qon tomirlarini toraytiradi. Odatda, sovuq narsa har soatda 15 minutdan qoʻyiladi[2]. Zarur boʻlgan hollarda shikastlanishdan keyingi dastlabki ikki kecha-kunduz davomida shunday qilinadi.

Teri qoplamini muhofaza qilish uchun muz kompress bilan teri orasiga doka yoki mato qatlami qoʻyiladi. Muzni polietilen paketga solib hamda uni hoʻllangan sochiqqa oʻrab kompress qilish ham mumkin. Ochiq sinishda sovuq kompress qoʻyilmaydi, chunki singan joyga bosim bilan ta'sir koʻrsatish ogʻriqni keltirib chiqaradi. Boylam va muskullar choʻzilganda, shish qaytgach (odatda, 2-3 kundan soʻng), shikastlangan qismga qon oqimini kuchaytirish uchun iliq kompress qoʻyiladi. Shunda bitish jarayoni tezlashadi.

Shikastlangan joyni koʻtarib qoʻyish qon oqimini sekinlashtiradi, bu oʻz navbatida shishni kamaytiradi.

Tos shikastlanganda birinchi yordam koʻrsatish

Tos suyaklarining shikastlanishi - juda murakkab shikastlanish turi boʻlib, jabrlanuvchi oyogʻini harakatga keltirishga uringanida tos atrofida qattiq ogʻriq paydo boʻlishiga qarab bunday shikastlanish roʻy berganini taxmin qilish mumkin. Odatda, jabrlanuvchi shok holatida boʻladi, salgina harakat ham ogʻriqni kuchaytirishi hamda singan parchalar siljishiga, tomirlar va ichki a'zolar zararlanishiga olib keladi. Tos suyaklari singani gumon qilinganda yoki singanida jabrlanuvchi qattiq zambilga yoki taxtaga yotqiziladi. Bosh va umurtqa pogʻonasi shikastlangandagi kabi harakat qilinadi. Agar jabrlanuvchi xushdan ketgan boʻlsa, imkoni boricha uni sogʻ yonboshiga yotqiziladi.

Tos shikastlanishi tashqi jinsiy a'zolarga ham taalluqli boʻlishi mumkin. Jinsiy a'zolarning har qanaqa shikastlanishi haddan tashqari ogʻriqli boʻlib, jabrlanuvchini ham, yordam koʻrsatayotganlarni ham noqulay ahvolga solib qoʻyadi.

Son shikastlanishida birinchi yordam koʻrsatish

Son singanda suyak sinishining barcha belgilari kuzatiladi. Bunday hollarda uch: tos-son, tizza hamda boldir-panja boʻgʻimlarining qimirlatilmasligini ta'minlanadi. Shu maqsadda qoʻl ostida mavjud vositalar: reyka, changʻi tayogi, faner tilimidan foydalaniladi. Eng uzun qism tashqaridan qoʻltiq ostidan oyoq panjasi chuqurchasigacha, ichki qismi qovdan panjagacha belgilanadi. Shina besh joydan bogʻlam bilan mahkamlanadi. Singan son yaxshi qotirilmasa, jabrlanuvchini transportda olib ketashda son arteriyasini zararlantirishi mumkin, natijada qon ketib, jabrlanuvchi shok holatiga tushishi kuzatiladi.

Tizza shikastlanganda birinchi yordam koʻrsatish

Hamma turdagi sinishda boʻlganidek, bunda ham jabrlanuvchiga qulay oʻrnashib olishida yordam beriladi. Agar tizzasi bukilgan boʻlsa, uning ostiga loʻla qilib taxlangan adyol yoki yostiq qoʻyib, bukilgan holida qimirlatmaslik, tizza toʻgʻrilangan boʻlsa, shikastlangan oyoqni sogʻ oyoqqa bogʻlab, qotirib, sovuq kompress qoʻyiladi.

Bilak shikastlanganda birinchi yordam koʻrsatish:qattiq shina qoʻyish

Jarohatlangan qoʻlning qimirlamasligini ta'minlash uchun qattiq shina qoʻyiladi. Bunda jabrlanuvchi qoʻlini tutib turishga qodir boʻlmasa, uning qoʻlini shikastlangan joyning yuqorisi va quyisidan tutib turiladi.

Barmoqlari tekshiriladi, ya'ni ular ushlaganda iliq tuyulishi va tirnoq atrofi pushti rangda boʻlishi lozim. Jabrlanuvchining qoʻlidan iloji boricha barcha uzuklarini yechib olish, barmoq uchlari uvishgan-uvishmaganligini jabrlanuvchidan soʻrash, shinani qatlam bilan shikastlangan bilak ostiga qoʻyish va jabrlanuvchidan yoki yon-atrofdagi bironta kishidan shinani oʻsha joyda ushlab turishni iltimos qilinadi. Panjaning tabiiy holatini saqlab qolish uchun jabranuvchining kaftiga bironta yumshoq narsa qoʻyiladi. Shinani shikastlangan joyning yuqorisi va quyisidan bogʻlab, bogʻlam uchini, singan joydan imkoni boricha nari- beri qilib bogʻlanadi.

Bilak shikastlanganda roʻmol bilan bogʻlam qoʻyish mumkin. Buning uchun jarohatlangan qoʻlni tutib turishni jabrlanuvchidan yoki yon-atrofdagi bironta odamdan iltimos qilinadi. Bogʻlamning bir uchini jarohatlangan qoʻl ostidan, sogʻ yelka ustidan oʻtkazib, roʻmolning toʻgʻri burchagi uchini jarohatlangan qoʻl tirsagi ostidan oʻtkaziladi. Agar tirsak shikastlangani gumon qilinmayotgan boʻlsa, qoʻl 90° qilib bukiladi.

Roʻmolning bir uchini boshqa yelkasi osha oʻtkaziladi. Bogʻlam uchini shikastlangan tarafning qarshi tomonidan boʻyinga bogʻlab, bogʻlam tuguni ostiga yumshoq mato qoʻyiladi. Bogʻlamni tirsak yonidan imkoni boricha tortib yoki toʻgʻnogʻich bilan toʻgʻnab qoʻyiladi. Bogʻlamni jarohatlangan qoʻl tomonidan koʻkrak atrofidan tortib, bogʻlam uchlarini qarama-qarshi tomondan sogʻ qoʻl ostidan bogʻlab, bogʻlam tuguni ostiga yumshoq mato qoʻyiladi.

oʻmrov suyagi shikastlanganda jarohatlangan tomondagi bilakni koʻkrakka shunday koʻndalang qilib qoʻyiladiki, barmoqlar qarama-qarshi yelkaga qaratilgan boʻlishi, yozilgan bogʻlamni bilak va panja ustidan qoʻyilishi, bogʻlam tirsak va yelkani yopib turishi kerak. Bilakni tutib turgan holda bogʻlamning ostki uchini panja, bilak va tirsak ostidan oʻrab, bogʻlamning quyi uchini orqadan oʻtkazib, uchlarini bogʻlab qoʻyiladi. Tana bilan qoʻl orasidagi tabiiy botiqlarga mustahkam yumshoq materialdan qatlam joylab qoʻyib, shikastlangan tomon tirsagidan gavda orqali aylantirib bogʻlam tortib, yaxshilab qotiriladi va bogʻlam uchini qarama-qarshi tomonda sogʻlom qoʻl ostidan oʻtkazib bogʻlab qoʻyiladi va paypogʻini yechmasdan uchta bogʻlam: birini — oyoq panjasi (kafti) ostidan va ikkitasini boldir ostidan qoʻyiladi. Boldir-panja boʻgʻimi atrofiga yostiqni asta taxlab yoki oʻrab qoʻyiladi. Adyol yoki yostiqni bolder atrofida ikkita bogʻlam bilan mustahkamlab, uchinchi bogʻlamni panja atrofidan bogʻlanadi. Bogʻlamlar mahkam, lekin qattiq qismay bogʻlangan boʻlishi kerak. Agar bogʻlam ostidan bittadan koʻp barmoq oʻtgan boʻlsa, bogʻlamni qattiqroq tortib tugiladi.

Boldir shikastlanganda anatomik shinadan ham foydalanish mumkin. Buning uchun 4 bogʻlamni oyoq ostidan, toʻpiq, boldir va son bilan bir tekislikda oʻrab, oʻralgan adyolni yoki yostiqni oyoqlar orasiga qoʻyib, sogʻ oyoqni shikastlangan oyoq tomon suriladi. Shikastlangan oyoqni sogʻ oyoqqa mahkam bogʻlab qoʻyish uchun bogʻlamlar uchi bogʻlanadi. Har bir bogʻlam uchining tugunini sogʻ oyoq tomonga qilib mahkam bogʻlanadi. Panjani mahkamlashda «sakkizsimon» bogʻlam qoʻyiladi.



[1] Михаил Морозов. Основы первой медицинской помощи. Учебное пособие „СпецЛит“», 2013

[2] Rui Manuel da Torre Vieito, Sergio Alexandre Neves Gulmaraes, Advanced Training Manual for First-Aid. Junho 2008.