QON KETISH TURLARI. QON KETISHNI TO‘HTATISH USULLARI.
Reja:
Qonning asosiy vazifalari.
Tashqi qon ketishi. Tashqi qon kegishida birinchi yordam koʻrsatish
Ichki qon ketishi. Ichki qon ketishida birinchi yordam koʻrsatish
Qorin boʻshligʻi organlaridan qon ketganda birinchi yordam koʻrsatish.
Burun qonashi. Burun qonaganda birinchi yordam koʻrsatish
Qonning asosiy vazifalari
Qon quyidagi uch asosiy vazifani bajaradi:
1. Organizm toʻqimalariga kislorod va toʻyimli moddalarni yetkazib berish hamda hayot faoliyati mahsulotlarini chiqarish.
2. Antitelalarni ishlab chiqarish yoʻli bilan organizmni kasalliklardan himoya qilish hamda infektsiyadan muhofaza qilish.
3. Qon butun organizm boʻylab aylanishi hisobiga tananing doimiy haroratini saqlab turish.
Qon ketish organizmda bir necha reaktsiyani uygʻotadi. Miya, yurak va buyrak hayotiy muhim organlarga kislorod bilan toʻyingan qon oqimini saqlab turish uchun yoʻqotilgan qon oʻrnini darhol toʻldirishga harakat qiladi. Jarohatlangan joydagi qon iviy boshlaydi. Ivish - shikastlangan tomirni berkitish va qon ketishini toʻxtatishga qaratilgan qonning quyulish jarayonidir. Shuningdek, organizm qizil qon tanachalarini koʻproq ishlab chiqara boshlaydi, bu hujayralarga kislorod yetkazib berilishiga yordam beradi. Oddiy vaziyatda organizmdan chiqarib yuboriladigan ortiqcha suyuqlik, aylanayotgan qonning doimiy miqdorini saqlab turish maqsadida yana qon oqimiga qoʻshiladi.
Aylanib turgan qon hajmi xavfli darajagacha kamayishiga olib keluvchi qattiq qon ketishi jabrlanuvchining hayotiga xavf soladi. Natijada hayotiy muhim organlar yetarli miqdorda kislorod bilan ta'minlanmaydi.
Qon ketishiga olib keladigan sabablar
oʻtkir predmet, masalan, pichoq yoki singan suyak terini teshsa va boshqa organlarga jarohat etkazsa, tashqi qon oqishiga olib kelishi mumkin. Organ yoki tananing bir qismiga zarba tegsa, masalan, oyoq stolga urilsa, ichki qon ketishi yuz berishi mumkin. Jarohatlanuvchi oʻtmas buyumga qattiq urilishi, masalan, avtomobil halokatida rulga urilishi yoki balandlikdan yiqilish natijasida yetgan zarbadan shikastlanganda qattiq ichki qon ketishi sodir boʻlishi mumkin.
Tashqi qon ketishi
Qon tomirlari jarohatlanib, qon teri ustki qatlamiga chiqqan holatlar tashqi qon ketishini keltirib chiqaradi. Bir oz kesib olgandagi kabi ozgina qon oqishi, qonning ivishiga qarab, 10 minut ichida oʻz-oʻzidan toʻxtaydi. Lekin yirik qon tomirlari jarohatlanib, qon tez oqib chiqib, ivishga ulgurmagan hollarda qon oqishi, ayniqsa, kattalarga qaraganda kamroq qonga ega boʻlgan bolalar va goʻdaklar hayotini xavf ostiga qoʻyishi mumkin.
Qon ketishining jadalligi qon tomirning jarohatlanish turiga bogʻliq.
Arterial qon oqishi belgilari:
• qon tez va koʻp oqadi,
• tananing jarohatlangan qismida qattiq ogʻriq seziladi,
• behollik,
• qon och qizil rangda boʻlishi (kislorod kontsentratsiyasi yuqoriligi),
• qon nisbatan kuchli bosim ostida oqadi,
• qon, odatda, jarohatdan favvoradek otilib chiqadi. Arterial qon ketishini toʻxtatish ancha qiyin.
Venoz qon ketishi belgilari:
• qon jarohatdan favvoradek otilmay, bir tekis oqib chiqishi,
• qon toʻq qizil yoki jigar rang boʻladi (kislorod kontsentratsiyasi kamligi hisobiga).
Tashqi qon kegishida birinchi yordam koʻrsatish
• Jarohat siqiladi.
• Shikastlangan qoʻl yoki oyoqni balandroq koʻtariladi.
• Jabrlanuvchini orqasi bilan yotqiziladi.
• Bosib turuvchi bogʻlam qoʻyiladi.
• Shokka qarshi chora qoʻllaniladi.
Arterial qon ketishida arteriyani barmoq bilan bosish uslubi arterial qon ketishini toʻxtatishning bir usulidir. Uni jarohatni bevosita bosish bilan birga qoʻllaniladi. Bu usulga birinchi yordam koʻrsatayotgan odam oʻz qoʻli bilan arteriyani shikastlangan joydan yuqoriroqdan bosadi[1]. Arteriyaning barmoq bilan bosiladigan nuqtalari koʻp, lekin ikki asosiy: yelka va son arteriyalarini eslab qolish kerak. Bu ishni kamida oʻn minut davomida qilish zarur. Buning asosiy kamchiligi shundaki, yordam koʻrsatayotgan odam bu vaqt ichida boshqa ish qila olmaydi.
Qoʻl-oyoqdagi nazorat qilib boʻlmaydigan qon ketishida bogʻlam (jgut) qoʻyish arterial qon ketishini toʻla toʻxtatishning samarali usulidir. Quyida bogʻlam qoʻyish qoidalari keltirilgan:
● Bogʻlam jarohatlangan joydan taxminan 5 sm yuqori qoʻyilishi kerak
● Shikastlangan qoʻl yoki oyoq bilan bogʻlam orasiga qatlam qoʻyiladi
● Boqlam sifatida bir necha bor taxlangan uch burchak bogʻichga oʻxshash gazlama enli boʻlagidan foydalanish mumkin, u qoʻl yoki oyoq atrofiga ikki marta oʻraladi. Arqon yoki chilvirdan foydalanish mumkin emas, chunki ular quyida joylashgan toʻqimani zararlantirishi mumkin.
• Bogʻlamni bir bor bogʻlab, bironta narsa (ruchka, qaychi, taxtacha)ni ustiga qoʻyib, uning ustidan yana bir bor bogʻlab qoʻyiladi, soʻng qon oqishi toʻxtamagunicha aylantiriladi. Narsani ikki marta tugib mahkamlab qoʻyiladi,
• Bogʻlamni har 15-20 daqiqada boʻshatib turiladi. Jgut qoʻyilgan vaqt va sana yozib qoʻyiladi.
Kapillyar qon ketishi belgi va alomatlari:
• Kapillyar qon oqishda qon kichkina jarohatdan oqayotgandek boʻladi.
• Qon past bosim ostida oqib chiqadi.
• Kapillyar tomirdan oqadigan qon arterial qon singari och qizil rangda boʻlmaydi.
• Qon tez quyuladi.
Birinchi yordam koʻrsatish
• Jarohatni antiseptik eritma yoki suv bilan sovunlab yuviladi.
• Ifloslangan jarohatni tozalash uchun toza salfetka yoki sterillangan tampondan foydalaniladi. Doim jarohatning oʻrtasidan boshlab, chetiga qarab tozalab boriladi. Keyingi har ishda salfetka almashtiriladi.
• Kichikroq bogʻlam qoʻyiladi.
• Yaraga infektsiya tushishi xavfi boʻlgan taqdirdagina vrach yordami lozim boʻladi.
• Jarohatni yuvish uchun spirtdan foydalanish mumkin emas.
Ichki qon ketishi
Ichki qon ketishini aniqlash tashqi qon ketishini aniqlashga qaraganda qiyinroq. Chunki uning belgi va alomatlari aniq koʻrinmaydi va ma'lum vaqt oʻtgandan keyingina bilinishi mumkin. Shikastlangan joyda teri qontalashib qoladi. Yumshoq toʻqimalarda ogʻriq boʻlib, shishadi yoki qoʻl tekizganda qattiq tuyuladi. Masalan, qorin boʻshligʻidagi ichki qon ketishida qorin "qattiq" boʻlib qoladi. Jabrlanuvchi hayajonlanadi yoki bezovtalanadi. Tomir tez, lekin sust uradi. Nafas olish tezlashadi. Terining rangi oʻcharadi, qoʻl bilan paypaslaganda sovuq yoki terchil boʻlib turadi. Koʻngil aynib, qayt qiladi. Qondirib boʻlmaydigan tashnalik his etiladi.
Ichki qon ketishida birinchi yordam koʻrsatish
Har qanday sharoitda ham birinchi yordam koʻrsatish boʻyicha asosiy qoidalarga amal qilish lozim. Shok paytidagi yoki uning kuchayishining oldini olishdagi kabi yordam koʻrsatiladi. Sovuq kompress ogʻriqni kamaytirib, shishni qaytaradi. Shikastlangan joyga muzni dokaga, sochiqqa yoki matoga oʻrab qoʻyiladi. Har soatda 15 minutdan sovuq kompress qilinadi. Zudlik bilan "03" ga qoʻngʻiroq qilish kerak. Ichki shikastlanishni yengiltaklik bilan "shunchaki koʻkargan"ga yoʻymaslik kerak. Jabrlanuvchini koʻzdan kechirib, ichki organlari jiddiy shikastlanganmi-yoʻqmi, aniqlashga harakat qilish, agar jabrlanuvchi qattiq ogʻriq borligidan shikoyat qilsa yoki qoʻli yoxud oyogʻini qimirlata olmasa zudlik bilan tez yordam chaqirish kerak.
Qorin boʻshliqida hayotiy muhim organlar joylashganligi bois bu sohadagi shikastlanish oʻlimga olib kelishi mumkin. Bu yerda joylashgan ichki organlar, organizmning boshqa zonalaridagidan farqli ravishda, himoyalanmagan. Osonlik bilan shikastlanadigan hamda jarohatlanganda kuchli qon ketishiga moyil boʻlgan organlar, masalan, jigar va qorataloq eng muhim organlardir. Bu a'zolardan qon ketganda quyidagi belgilar kuzatiladi:
• kuchli ogʻriq; qorinning ogʻrishi yoki unda ezilishni his etish,
• qontalashning yuzaga chiqishi,
• koʻngil aynishi,
• qayt qilish (ba'zan qon yoki qora qusish),
• behollik,
• axlat (najas)da qon asorati koʻrinishi (axlatning qora rangda boʻlishi).
Qorin boʻshligʻi organlaridan qon ketishi tashqi yoki ichki boʻlishi mumkin. Hatto qon koʻrinmasa ham, ichki organ yorilganda shokka olib keladigan darajada qattiq ichki qon ketishi mumkin. Qorin shikastlanishi juda ogʻriqli boʻladi. Bundan tashqari qorin boʻshligʻiga qon yoki boshqa narsalar tushishi ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Qorin boʻshligʻi organlaridan qon ketganda birinchi yordam koʻrsatish.
Qorin qanday shikastlanmasin birinchi yordam koʻrsatish qoidalariga amal qilish kerak. Zudlik bilan tez yordam chaqirib, shokka qarshi choralar koʻrishga harakat qilish kerak. Tana haroratini normal tutib, tashqi qon ketishida qoʻshimcha yordam koʻrsatish zarur:
1. Jabrlanuvchini ehtiyotkorlik bilan orqasi bilan yotqizish.
2. Jarohat atrofidagi kiyimni yechish.
3. Ochiq jarohatga namlangan toza tampon-bogʻlam qoʻyish. (Krandagi iliq suvdan ham foydalanish mumkin).
4. Qon oqishini toʻxtatish uchun jarohatni bosmaslik kerak.
5. Ichki organlar jarohat orqali tashqariga chiqib qolgan hollarda ularni qorin boʻshligʻiga qaytarib solmaslik zarur.
Burun qonashi
Burunda shikastlanganda qon koʻp ketadigan koʻplab qon tomirlar mavjud. Odatda qon burun kataklaridan oqadi, lekin nafas olganda nafas yoʻliga tushib, boʻgʻilishga yoki qayt qilishga olib kelishi mumkin.
Burun, odatda, zarbadan shikastlanadi. Natijada qon oqadi. Yuqori qon bosimi yoki dengiz sathidan balandlikning keskin oʻzgarishi ham burun qonashiga olib kelishi mumkin.
Burun qonaganda birinchi yordam koʻrsatish
1. Jabrlanuvchidan oʻtirib, boshini bir oz oldinga egishni va ayni mahalda burun kataklarini 10-15 minut siqib turishni iltimos qilinadi.
2. Qon oqishi toʻxtashi bilan, jabrlanuvchiga qayta qonamasligi uchun burnini ishqalamaslikni, kavlamaslikni va qoqmaslikni tayinlanadi.
3. Sanab oʻtilgan choralar yordam bermasa, qon oqishi qaytalasa yoki u yuqori qon bosimining oqibati boʻlsa, vrachga murojaat qilish zarur.
4. Jabrlanuvchi xushdan keta boshlasa, qon erkin oqib chiqishi uchun uni yonboshlatib yotqizb, zudlik bilan tez yordam chaqiriladi.
[1] Rui Manuel da Torre Vieito, Sergio Alexandre Neves Gulmaraes, Advanced Training Manual for First-Aid. Junho 2008.