BIRINCHI TIBBIY YORDAM KO‘RSATISHNING UMUMIY TAMOYILLARI.
Reja:
1. Shoshilinch vaziyatlarda birinchi yordam koʻrsatishning toʻrt qoidasi.
2. Hodisa roʻy bergan joyni koʻrib chiqishdan maqsad.
3. Jabrlanuvchini birlamchi koʻzdan kechirish va uning hayoti uchun xatarli boʻlgan holatlarni aniqlash.
4. Tez yordamni chaqirganda dispetcherga beriladigan ma’lumotlar.
5. Jabrlanuvchini ikkilamchi koʻzdan kechirishdan maqsad.
Shoshilinch vaziyatlarda birinchi yordam koʻrsatishning toʻrt qoidasi.
Oʻzbekiston Respublikasi VM 1997 yil 23.12 558-sonli “FV da ogohlantirish va unda harakat qilish davlat tizimi (FVDT)” qarorida aholi va hududlarni tinchlik va urush davrlarida muhofaza qilish chora – tadbirlari koʻrsatilgan.
FVVda shunday vaziyatlarda yordam koʻrsatadigan maxsus tashkiliy guruxlar va professional qutqaruv otryadlari bor. Ular shikastlanganlarga yordam koʻrsatish uchun kerak bulgan barcha zamonaviy texnik vositalar bilan ta'minlangan. Lekin shunga qaramasdan aholi va hududlarni katta FV larda toʻliq himoya qila olmaydi. Shuning uchun aholining tayyorgarligi yaxshi boʻlishi kerak. Bino va inshootlar mustahkam qurilgan boʻlishi shart.
Buzilgan vayronalar ostidan shikastlanganlarni qutqarishda qavmu-qarindoshlari yordamida 50% i, erkin jamoa qutqaruvchilari yordamida 30 % i topiladi va qutqariladi.
Shoshilinch vaziyatlarda birinchi yordam koʻrsatishning toʻrt qoidasi mavjud boʻlib, ularni birin-ketin amalga oshirish lozim:
1. Hodisa roʻy bergan joyni koʻrib chiqish.
2. Jabrlanuvchini birlamchi koʻzdan kechirish va uning hayoti uchun xatarli boʻlgan holatlarda unga birinchi yordam koʻrsatish.
3. Tez yordamni chaqirish.
4. Jabrlanuvchini ikkilamchi koʻzdan kechirib, zarur boʻlsa, yana yordam koʻrsatish. Uni uzluksiz kuzatib turib, tez yordam kelguncha xotirjam qilib turish.
Shoshilinch vaziyat ekanligi aniqlangan zahoti diqqat bilan koʻzdan kechiriladi va quyidagilarni aniqlashga harakat qilinadi:
1. Hodisa yuz bergan joy xavf tugʻdirmaydimi?
2. Qanday hodisa roʻy bergan?
3. Jabrlanganlar nechta?
4. Atrofdagilar sizga yordam bera oladilarmi?
Hodisa roʻy bergan joyni koʻrib chiqishdan maqsad.
Joyni koʻzdan kechirayotganda xavfli boʻlgan barcha narsalarga e'tibor berish kerak: elektr simlarining ochiqligi, qulayotgan parchalar, jadal yoʻl harakati, yongʻin, tutun, zararli bugʻlanish, noqulay ob-havo sharoiti, suv havzasining juda ham chuqurligi yoki oqimning tezligi. Agar xavf juda xatarli boʻlsa, jabrlanuvchining yaqiniga bormaslik, zudlik bilan tez yordam va tegishli avariya xizmatini yoki ichki ishlar xodimini chaqirish kerak. Yuqori xavfli vaziyatda yordam tegishli tayyorgarligi va anjomlari boʻlgan malakali xizmat xodimlari tomonidan koʻrsatilishi lozim.
● Nima boʻlganini aniqlashga harakat qilish, mayda-chuyda jihatlarga e'tibor berish lozim. Shunda hodisa va olingan jarohat sababi aniqlanishi mumkin. Singan shisha parchasi, toʻkilgan dori idishlari va hokazolar roʻy bergan hodisani oydinlashtiradi. Ular jabrlanuvchi hushsiz boʻlgan va boshqa kishilar boʻlmagan vaqtda ayniqsa muhim omil hisoblanadi.
● Voqea sodir boʻlgan joydagi kishilar bilganlarini aytib berishlari yoki qandaydir yordam koʻrsatishlari mumkin. Agar oʻsha yerda jabrlanuvchining tanishi uchrasa, u bemorning kasaliga yoki allergik reakdiyasiga oid ma'lumotlarni berishi mumkin. Atrofdagi kishilar tez yordam chaqirishlari, yetib kelgan mashinani kutib olishlari va yoʻl koʻrsatishlari, voqea sodir boʻlgan joyni transport va qiziquvchi odamlardan xoli qilishlari va birinchi yordam koʻrsatishda koʻmak berishlari mumkin. Agar atrofda hech kim boʻlmasa, baland ovozda yordamga chaqiriladi.
● Avval jabrlanuvchi hushida ekanligini aniqlash, undan: "Sizga yordam kerakmi?" -deb soʻrash, agar javob boʻlmasa, uning trapetsiyasimon muskulini siqib koʻrish kerak. Tashqi ta'sirlarga javob bermayotgan odam hushini yoʻqotgan boʻlishi mumkin. Bu holat hayot uchun xavflidir. Kishi xushini yoʻqotganda, tilining muskuli boʻshashadi va natijada til ichiga tushib ketishi va nafas yoʻlining toʻsilishi yuz berishi va, demak, nafas olishi toʻxtashi va keyin yurak urishi ham toʻxtashi mumkin.
● Birlamchi koʻzdan kechirish jarayonida jabrlanuvchining nafas yoʻlining ravonligi, nafas olish va tomir urishi bor-yoʻqligini tekshirish lozim.
● Jabrlanuvchini qoʻzgʻatmasdan turib tiriklik belgilarini aniqlash kerak. Jabrlanuvchining nafasi va tomir urishi sezilmagan taqdirdagina, uni orqasi bilan yotqizish mumkin. Bunda uning boshini umurtqa pogʻonasi bilan iloji boricha bir oʻqda qilib ushlab, harakatlantirish lozim.
● Jabrlanuvchining nafas yoʻllarining ochiqligiga ishonch hosil qilish kerak. Ogʻiz va burundan boshlab oʻpkagacha borgan havo oʻtish yoʻllari nafas yoʻli hisoblanadi. Gapirish va baqirish qobiliyatiga ega boʻlgan har qanday odam hushini yoʻqotmagan va nafas yoʻllari ochiq boʻladi.
● Agar jabrlanuvchi hushsiz boʻlsa, uning nafas yoʻllarining oʻtkazuvchanligiga ishonch hosil qilish lozim. Buning uchun uning boshini orqa tomonga engashtirib, iyagi koʻtariladi. Bunda til nafas olish yoʻlining orqa qismini berkitmaydi, oʻpkaga havo oʻtaveradi. Agar jabrlanuvchining boʻyin qismi jarohatlangan deb taxmin qilinsa, nafas yoʻllarini ochish uchun boshqacha usul qoʻllaniladi. Bu usul "boshni orqa tomonga engashtirmasdan pastki jaq’ni oldinga siljitish" deb ataladi. Agar jabrlanuvchining nafas yoʻllariga yot jismlar kirib qolgan boʻlsa, avval ularni olib tashlash lozim.
● Keyingi bosqichda jabrlanuvchining nafas olayotgani tekshiriladi. Agar jabrlanuvchi hushsiz holda boʻlsa, unda nafas olish belgilari borligiga e'tibor berish lozim. Nafas olganda koʻkrak koʻtarilib, tushib turishi zarur. Kishi haqiqatan ham nafas olayotganiga ishonch hosil qilish uchun uning nafasini eshitish va sezish lozim. Buning uchun yuzni jabrlanuvchining ogʻzi va burniga yaqinlashtirib, nafas chiqarishdagi havoni eshitish va sezishga harakat qilish kerak. Bir vaqtning oʻzida koʻkrak qafasining koʻtarilib-tushishini kuzatish va bu ishni 5 sekund davomida bajarish lozim.
● Agar jabrlanuvchi nafas olmayotgan boʻlsa, u holda ogʻzidan havo oʻtkazish yoʻli bilan unga yordam berish lozim. Burun teshiklarini berkitib, avvaliga ikki marta toʻla havo puflanadi. Keyin bir martadan puflash oʻtkaziladi. Bunday muolaja oʻpkaga sun'iy havo yuborish (ventilyatsiyasi) deyiladi.
● Jabrlanuvchini birlamchi koʻzdan kechirishning oxirgi bosqichi tomir urishini tekshirishdir. Bunda tomir urishi aniqlanadi va kuchli qon ketish hamda es ogʻishi belgilari aniqlanadi.
● Odam nafas olayotgan boʻlsa, uning yuragi qisqaradi, demak, bu - tomir urishi bor, degan soʻz. Agar odam nafas olmayotgan boʻlsa, u holda uning tomir urishini tekshirib koʻrish zarur. Buning uchun jabrlanuvchining boʻynidagi uyqu arteriyasini ushlab koʻriladi. Kekirdak olmasi (qoʻshtomoq)ni topib, barmoqlarni boʻyin chetidagi chuqurchaga suriladi. Sekinlashgan yoki kuchsiz tomir urishini aniqlash qiyin boʻladi. Tomir urishi sezilmasa, bu harakatni qaytadan bajariladi va tomir urishini 10 sekund davomida sezib turiladi.
● Agar jabrlanuvchining tomir urishi sezilmasa, koʻkrakni bosish yoʻli bilan yurakni yopiq massaj qilish lozim. Bu muolaja yurak-oʻpka faoliyatini tiklash (reanimatsiyasi) deyiladi.
● Soʻng darhol "103" telefoniga qoʻngʻiroq qilib, tez yordamni chaqirish kerak. Jabrlanuvchiga yordam berilayotgan paytda, iloji boʻlsa, biron-bir odamni qoʻngʻiroq qilishga yuborish kerak. Unda jabirlanuvchining holati, voqea sodir boʻlgan joy, tahminiy tashhis, jabirlanuvchining ismi-sharifi toʻgʻrisida dispetcherga aytiladi.
● Tez yordamni chaqirgandan soʻng, jabrlanuvchining hayotiga katta xavf yoʻqligiga amin boʻlgandan keyin yordamni toʻxtatib, ikkilamchi koʻzdan kechirishni amalga oshirish mumkin. Ikkilamchi koʻzdan kechirishda jabrlanuvchida har xil muammolar borligi ma'lum boʻladi va ular birinchi yordam koʻrsatish lozimligini taqozo etadi. Jabrlanuvchi yosh bola boʻlsa, uning shu yerdagi ota-onasi yoki ular boʻlmasa, kattalarga murojaat qilinadi. Shundan soʻng jabrlanuvchining hayot ekanini bilib, uni umumiy tekshiruvdan oʻtkaziladi.
● Tiriklik belgilariga tomir urishi maromi (chastotasi), nafas olish maromi va hushsizlik darajasi kiradi. Ikkilamchi koʻzdan kechirishning muhimligi shundan iboratki, bunda jabrlanuvchining hayotiga bevosita xavf solmaydigan muammolar topilsa-da, lekin ularni e'tiborsiz va birinchi yordamsiz qoldirilib boʻlmaydi.
● Ikkilamchi koʻzdan kechirishdan soʻng tez yordam kelgunga kadar uning tiriklik belgilarini kuzatishni davom etiladi. Kishining ahvoli asta-sekin yomonlashishi mumkin va toʻsatdan hayot uchun jiddiy xavf (masalan, nafasning yoki yurakning toʻxtashi) paydo boʻlishi mumkin.