SHOK HOLATI. EZILISH SINDROMI. (IN’YEKSIYALAR)
Reja:
Shok belgilari va alomatlari. Shokda birinchi yordam koʻrsatish
Ezilgan jarohatlar belgisi va alomatlari. Birinchi yordam koʻrsatish
Dorilarni parenteral yuborish
Teri ostiga in’yeksiya qilish va dori quyish
Mushaklar orasiga in’yeksiya qilish
Shok, odatda, keng koʻlamdagi ichki yoki tashqi qon ketishi natijasida sodir boʻladi, chunki bu aylanayotgan qon miqdori kamayishiga olib keladi, natijada hayotiy muhim organlarga kislorod yetib borishi kamayadi. Organizmdagi suyuqlikni boshqacha yoʻqotish, masalan, ich ketishi, qayt qilish yoki keng koʻlamda kuyish ham shokka olib keladi. Shok hayot uchun xavfli holat boʻlib, oʻlimga ham sabab boʻlishi mumkin.
Shok belgilari va alomatlari
Shokda qattiq ichki yoki tashqi qon ketishida kuzatiladigan belgi va alomatlar, ya'ni terining rangparligi, sovib ketishi va nam boʻlib qolishi, behollik, bezovtalik, ogʻiz qurishi, tashnalik, nafas olish tezlashishi, miyaning chalgʻishi, hushsizlik kuzatiladi.
Jabrlanuvchiga birinchi yordam koʻrsatish uchun shokni keltirib chiqargan sababni bilish yoki qon ketishini koʻrish shart emas.
Ogʻir – yengilligiga koʻra shokning 4 bosqichi ajratiladi:
Shokning I bosqichi (yehgil shok). Bemorning ahvoli qoniqarli. Es-hushi , odatda, joyida, ba’zan oz-moz tormozlanish boʻladi, reflekslar pasaygan. Pulsi tezlashgan, minutiga 80-100 marta uradi, arterial bosim 100-95 mm. simob ustunidan past emas.
Shokning II bosqichi (oʻrtacha ogʻirlikdagi shok). Roʻy-rost tormozlanish roʻy bergan, teri qoplamlari va shilliq pardalar oqargan. Badan terisi yopishqoq ter bilan qoplangan, nafas tezlashgan va yuzaki. Qorachiqlar kengaygan. Puls minutiga 110-130 marta uradi, arterial bosim 80—70 mm. simob ustunida.
Shokning III bosqichi (ogʻir). Shikastlangan kishining ahvoli ogʻir. Esi kirarli-chiqarli, atrofdagi voqealarni sezmaydi. Terisi yopishqoq sovuq ter bilan qoplangan, gungurt-kul rang, lab, burun va barmoq uchlari koʻkimtir tusda. Pulsi ipsimon, minutiga 140—160 marta uradi. Arterial qon bosimi 60 mm simob ustunida va bundan ham past. Nafas olishi yuzaki, tez, ba’zan siyrak. Bemor qusishi, ostini beihtiyor bulgʻatib qoʻyishi mumkin.
Shokning IV bosqichi (agoniyadan oldingi davr yoki agoniya). Es-hush yoʻqolgan. Puls va arterial qon bosimni aniqlab boʻlmaydi. Yurak tonlari zoʻrgʻa eshitiladi. Nafas agonal, havoni “yutish” tipida boʻladi.
Shokda birinchi yordam koʻrsatish
Har qanday vaziyatda ham birinchi yordam koʻrsatishning asosiy qoidalariga rioya qilinadi. Ya'ni:
1. Jabrlanuvchining normal tana haroratini saqlash uchun uning ustiga koʻrpa yoki palto yopib, undan yotishni iltimos qilinadi.
2. Hayotiy muhim organlarga qon oqimini yaxshilash uchun oyoqini tanadan 30 sm yuqoriga koʻtariladi. Agar boshi, boʻyni, umurtqa pogʻonasi, soni yoki boldiri shikastlangan boʻlsa, yurak xuruji, insultdan shubha boʻlsa, u holda bemorning oyogʻini koʻtarmaslik kerak.
3. Shokni keltirib chiqargan sababni, masalan, tashqi qon ketishini bartaraf etishga harakat qilinadi.
Jabrlanuvchiga tasalli beriladi.
Jabrlanuvchiga hech narsa ichirilmaydi (agar jabrlanuvchi tashnalikni his etayotgan boʻlsa, labini suv bilan hoʻllab turish mumkin).
Ezilish oyoq-qoʻllarning juda ogʻir shikastlanishi boʻlib, bunda muskullar, teri osti yogʻ kletchatkasi, tomirlar va nervlarning majaqlanishi roʻy beradi. Bu shikastlanishlar koʻchki koʻchganda, bombardimonda, zilzilalar vaqtida ogʻir yuk (devor, toʻsin, tuproq) bosib qolganda sodir boʻladi. Ezilish shok rivojlanishi, keyinchalik esa organizmning yemirilgan toʻqimalarining parchalanish mahsulotlaridan zaharlanishi bilan oʻtadi.
Ezilishda birinchi yordamning asosiy vazifasi shikastlangan kishini qulab tushgan ogʻir narsalar ostidan tez fursat ichida qutqarish choralarini koʻrishdan iborat. Ogʻir narsalar ostidan qutqarilgan hamono organizmga majaqlangan toʻqimalardan zaharli parchalanish mahsulotlari tushishiga yoʻl qoʻymaslik uchun arterial qon oqishini toʻxtatishdagi singari oyoq-qoʻllarga, imkon boricha ularning asosiga jgutlar bogʻlash, ularga muz solingan xaltachalar qoʻyib chiqish lozim. Shikastlangan qoʻl-oyoqlarni shinalar bilan immobilizatsiya qilinadi. Bunday bemorlarda shikastlanish roʻy bergan vaqtning oʻzidayoq ogʻir umumiy holat-shok rivojlanadi. Shokka qarshi kurashni yoki uni profilaktika qilish uchun bemorni issiq qilib oʻrab chirmash, aroq, vino, issiq kofe yoki choy ichirish kerak. Imkon boricha narkotiklar (omnopon, 1%li morfiy eritmasidan 1 ml), yurak dorilari yuborish lozim. Bemor zudlik bilan davolash muassasasiga transportda yotgan holatida olib borilishi shart.
Odamni tuproq bosib qolganda ogʻir shikastlanish sodir boʻlishi mumkin. Koʻkrak qafasining qattiq bosilishi natijasida yuqori kavak vena sistemasi boʻyicha qon oqib kelishi qiyinlashadi. Bunda venoz sistemada bosimning oshishi yuz va boʻyindagi mayda venalarning yorilishiga sabab boʻladi. Natijada nafas olish keskin buziladi. Bundan tashqari, shikastlangan kishi bosib qolgan tuproq uyumidan chiqarilgandan soʻng shikastlik bosilish sindromi rivojlanishi mumkin. Yumshoq toʻqimalar, ayniqsa, skelet mushaklari uzoq vaqtgacha bosilgandan soʻng ularda bir qancha toksinli moddalar va mioglobin yigʻiladi. Bosilish bartaraf qilinganidan soʻng bu moddalar umumiy qon oqimiga tushadi va ogʻir intoksikatsiya, atsidoz, yurak, buyrak, jigar funktsiyasining buzilishiga sabab boʻladi. Bu buzilishlar oʻlimga duchor qilishi mumkin.
Bosib qolgan tuproqdan chiqarilgan kishiga birinchi yordamii shikastlanishning ogʻir-yengilligiga muvofiq koʻrsatiladi. Agar shikastlangan kishi terminal holatda boʻlsa, avvalo, nafas yoʻllarining oʻtkazuvchanligini tiklash, ogʻzi va yutqunini tuproqdan tozalash va reanimatsiya tadbirlarini oʻtkazish, sun'iy nafas oldirish va yurakni massaj qilish lozim. Klinik oʻlim holatidan chiqarilgandan keyingina shikastlangan sohalarni koʻzdan kechirish, immobilizatsiya qilish, oyoq-qoʻllar shikastlik bosilganda ularga jgut qoʻyish, ogʻriq qoldiradigan vositalar-promedol yoki omnopon yuborish kerak. Shikastlangan kishini zudlik bilan kasalxonaga transportda olib borish kerak.
Ezilgan jarohat katta va ogʻir buyum bilan shikast yetkazish natijasida yuzaga keladi. Bunda jabrlanuvchining yumshoq va suyak toʻqimalari zararlanishi, shuningdek, oyoq-qoʻl yoki tanani ezilishi natijasida yuzaga keladigan buzilishlar kuzatiladi. Jabrlanuvchi imorat vayronalari ostida qolgan boʻlsa, uzoq vaqt bosilib yotish ham muskul toʻqimasi zararlanishiga hamda jarohatlangan joydan toksin (zahar)lar ajralishiga olib keladi. Bu ezilish sindromi “krash sindrom” ham deyiladi. Jabrlanuvchi vayrona ostidan qutqarib olingach, bu toksinlar qon aylanishi sistemasiga tushib, keyingi asoratlarni, masalan, buyrak yetishmovchiligini keltirib chiqarishi mumkin.
Koʻplab sabablar ezilgan jarohatni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, yer qimirlashi, bino qulashi, avariya va boshqa hodisalar.
Ezilgan jarohatlar belgisi va alomatlari
Tananing ezilgan qismida yumshoq toʻqimalar zararlanadi:
Koʻkarish (momataloq)
Shish
Qon toʻla koʻkargan pufaklar
Shok holati alomatlari
Shikastlangan joydan quyida tomir urishi sezilmasligi mumkin
Qattiq ogʻriq turib, odatda, undan keyin sezgi yoʻqoladi.
Vaqti kelib jabrlanuvchining miyasi chalgʻishi hamda moʻljalni yoʻqotishi mumkin.
Jabrlanuvchini vaqtida chiqarib olib, yordam koʻrsatilmasa, majaqlangan jarohat oʻlimga olib borishi mumkin.
Ezilgan jarohatlanishni oldini olish uchun zilzila mahali osonlikcha buzilishi mumkin boʻlgan inshootlar: koʻprik, balkon, veranda tomi yaqinida boʻlmaslikka harakat qilish, avtomobil ostiga kirib remont ishlari olib borayotganda, avtomobil siljib ketishi yoki domkrat tushib ketishining oldini olish uchun uning gʻildiragi ostiga qoʻshimcha narsa tirab qoʻyish, bir-biriga yaqin joylashgan, yurib ketishi mumkin boʻlgan ikki ob'ekt, masalan, toʻxtab turgan ikki avtomobil oʻrtasida turmaslikka harakat qilish va handakda ishlaganda, ularning devori bosib qolmasligi uchun, puxta mustahkamlash zarur.
Ezilish sindromida birinchi yordam koʻrsatish
1. Jabrlanuvchini bosib turgan kuch ostidan imkoni boricha tezroq chiqarib olishga harakat qilish, lekin bundan oldin bosilgan joydan yuqoriga albatta bogʻlam qoʻyish kerak.
2. Qattiq qon ketishini toʻxtatiladi.
3. Shokka qarshi chora qoʻllanadi.
4. Singan boʻlsa, tananing shikastlangan qismi immobilizatsiya qilinadi.
5. Singan joy mustahkamlangach, bogʻlam yechib olinadi.
Dorilarni parenteral yuborish
Bu usulda ishlatiladigan dorilar hazm yo‘llari orqali emas, balki teri ichiga, teri ostiga, mushaklar orasiga, vena va arteriyaga, qorin va plevra bo‘shlig‘iga, yurakka, to‘sh suyagiga, orqa miya kanaliga, yallig‘lanish o‘chog‘iga In’yeksiya qilib yuboriladi. Dorilar In’yeksiya qilinganda (hazm shirasi ta’sirida o‘zgarmay va jigarga o‘tmay) organizmga birmuncha tez so‘riladi. In’yeksiya qilish uchun shprits va ignalardan faydalaniladi. "Rekord", "Lyuer" tipidagi, bir marotaba ishlatiladigan va kombinirlangan shpritslar ishlatiladi. "Rekord" tipidagi shprits shisha silindrdan iborat bo‘lib, uning igna o‘rnatiladigan tomonida teshigi va gardishi, shuningdek, metal qopqoq va porsheni bor. Shprits silindri darajalangan: 1 ml ga teng yirik bo‘limlar va bu bo‘limlar o‘z navbatida 0,1 ml ga teng 10 ta mayda qismlarga bo‘lingan. Porshen silindr ichida shunday joylanishi kerakki, u silindr devoriga zich tegib turishi bilan birga oson sirg‘anadigan bo‘lsin.
"Rekord" tipidagi shpritsning hajmi 1 ml dan 20 ml gacha bo‘lib, ignasining kanyulyasi kvadrat shaklida.
"Lyuer" tipidagi shpritsning porshen va silindri shishadan tayyorlangan bo‘lib, hajmi 1 ml dan 50 ml gacha. Shprits ignasining kanyulyasi yumaloq. Porsheni silindrdan osongina chiqib ketib, tez sinadigan bo‘lgani uchun juda ehtiyotkorlik bilan ishlatish kerak.
Kombinirlangan shpritslarning igna o‘rnatiladigan qismidagi gardishi metalldan, silindri va porsheni shishadan yasalgan. Shprits va ignalar quruq holda saqlanishi kerak. Faqat ishlatishdan oldin 70o li spirtga solinadi. In’yeksiya uchun ishlatiladigan ignalarda mandrenlar (ingichka nozik simlar) bo‘ladi. Ulardan ignani tozalashda foydalaniladi. Mushaklar orasiga bo‘yi 10-12 sm, diametri 1-1,2 mm li, teri ostiga bo‘yi 2,5 sm, diametri 0,1-0,2 mm li, venaga bo‘yi 6-7 sm, diametri 0,8-1 mm li ignalar orqali In’yeksiya qilinadi. To‘g‘ri In’yeksiya qilish uchun shpritslarning havo o‘tkazmasligi va ignalarning ravon bo‘lishi katta ahamiyatga ega. Mandrensiz ignalarni tekshirish uchun teshigi orqali suv, havo yoki efir o‘tkazib ko‘riladi. Shprits va ignadan foydalanishdan oldin ular toza suvda 60 daqiqa yoki 2% li soda eritmasida 30 daqiqa qaynatiladi. Bunda gaz, elektr plitalar, shuningdek, elektr plitasiga o‘rnatilgan sterilizatordan foydalaniladi. Shpritslar tezda yaroqsiz bo‘lib qolmasligi uchun sterilizatsiya qilish oldidan uning porsheni, silindri, ignasi alohida dokaga o‘raladi va iliq suvga solinadi. Qaynatilib bo‘lgach, yig‘iladi: oldin porshen kiritiladi, so‘ng mandren olinib, igna o‘rnatiladi. Bu ishlar pinset yordamida amalga oshiriladi: chap qo‘ldagi pinset bilan porshenni olib, uni silindrga kiritiladi. Keyin o‘ng qo‘ldagi pinset bilan ignani muftasidan ushlab silindr konusiga burab mahkamlanadi. Bu ishlardan oldin qo‘lni sovunlab, iliq suvda yoki 5% li nashatir spirti eritmasida tozalab yuvish, so‘ng spirt bilan artib barmoqlar uchiga yod eritmasidan surtish kerak.
Eritmalar shpritsga ampuladan yoki keng og‘izli sterillangan stakanchadan olinadi. Suyuqlikni ampulaning keng tomoniga o‘tkazish maqsadida ampula silkitiladi va spirt bilan artib, ingichka tomonini egovlab sindiriladi. Ampuladagi moyli eritmalarni shpritsga olishdan oldin bir necha daqiqa issiq suvda isitiladi. Umuman dorilar shpritsga keragidan birmuncha ko‘proq olinib, silindrdagi havoni chiqarish vaqtida ana shu ortiqcha dori chiqarib tashlanadi. Buning uchun shpritsning ignali tomonini yuqoriga qilib tik ushlanadi. Silindrdan gazli pufak chiqquncha, ya’ni dori tomchisi tashqarida quriguncha porshen bosiladi. Havo kirmasligi uchun shprits gorizontal holda ushlanadi. In’yeksiya qilib bo‘lgach, shprits issiq suvda yuvilib, efirda chayqab quritiladi, so‘ng igna teshigiga mandren kiritib qo‘yiladi.
Teri ostiga in’yeksiya qilish va dori quyish
Teri osti yog‘ qavati kletchatkasi qon tomirlariga juda boy bo‘lgani uchun bir necha ml dan 0,5 l gacha dori yuborish mumkin. Moyli eritmalar juda sekin so‘rilgani sababli faqat 2-3 ml in’yeksiya qilinadi. Bundan tashqari, oson so‘rilishi uchun ular ishlatishdan oldin isitiladi. Teri osti In’yeksiya si yelka, son, qorin, kurak ostiga orqa tomondan qilinadi. Terida shish yoki oldin qilingan In’yeksiya oqibatida qattiqlik paydo bo‘lsa, o‘sha joyga In’yeksiya qilish mumkin emas. In’yeksiya qiladigan joy spirtli paxta bilan ikki marta artiladi. Birinchi marta 10-15 sm joy, ikkinchi marta bevosita in’yeksiya qilinadigan joy artiladi. Bemorning terisi kir bo‘lsa, toza bo‘lguncha artib, keyin In’yeksiya qilinadi. Eritmalarni in’yeksiya qilish uchun ingichka igna, moyli dorilarni in’yeksiya qilish uchun yoʻg‘onroq igna, teri ostiga dori quyish uchun uzunligi 90 mm, teshigi 1 mm li igna ishlatiladi.
In’yeksiya qilish uchun chap qo‘l bilan bemorning terisi qat-qat qilib yig‘ib ushlanadi va igna bo‘yining taxminan 2/3 qismi tezlik bilan kiritiladi. Bunda shpritsning silindri I va III-IV barmoqlar orasida ushlanadi. II barmoq igna muftasining ostida bo‘lishi kerak. Igna teriga kiritilgandan keyin I barmoq bilan porshenni bosib, dori yuboriladi. Keyin In’yeksiya qilingan joyga spirtga botirilgan toza paxtani chap qo‘l bilan qo‘yib, igna tez tortib olinadi. Dori qaytib chiqmasligi va teri osti yog‘ qavatida tez tarqalib ketishi uchun In’yeksiya qilingan joy chap qo‘ldagi paxta bilan yengil massaj qilinadi va bu joyga yod surtiladi. Yodga namlangan paxtani In’yeksiya qilingan joyda uzoq ushlash mumkin emas, aks holda terini kuydirib qo‘yadi. Moyli eritmalar infeksiya qilinganda ko‘pincha qattiqlik infiltrat hosil bo‘ladi. Bundan tashqari, In’yeksiya qilingan joyga In’yeksiya kiradigan bo‘lsa, yiringli infiltrat ro‘y beradi. Teri qizarishi yoki qattiqlik sezilishi bilan darhol isituvchi kompress qilinadi. Agar yiring to‘plangan bo‘lsa, jarohat kesib tozalanadi. Bemor ko‘p suyuqlik yo‘qotganda (ko‘p qusganda, ichi ketganda), zaharlanganda, operatsiyadan keyin, ba’zan ko‘p qon yo‘qotganda teri ostiga eritma quyiladi. Ko‘pincha izotonik eritma (0,85% li osh tuzi eritmasi bilan 5% li glyukozaning teng miqdordagi aralashmasi) ishlatiladi. Katta odamga ana shunday eritmadan 300-500-1000 ml teri osti yog‘ qavatiga, son sohasining oldingi tashqi qismiga yuboriladi. Bunda Esmarx krujkasi yoki Bobrov apparatidan foydalaniladi. Bobrov apparati darajalarga bo‘lingan, hajmi 1-2 l li bankadan iborat bo‘lib, og‘zi rezina po‘kak bilan berkitiladi. To‘g‘ri burchakli qilib qayrilgan kalta va uzun ikkita shisha naycha apparat po‘kagi orqali bankaga kirgizilib, uzun rezina naycha orqali igna bilan tutashtirilgan bo‘ladi. Apparatdan foydalanayotganda banka og‘zidan po‘kak chiqib ketmasligi uchun bankaga zanjirli metall mufta kiygiziladi. So‘ng bankaga kalta naycha orqali havo yuboriladi. Unda yuqori bosim hosil bo‘lib, suyuqlik uzun naycha orqali bankadan ignaga, keyin teri ostiga o‘tadi. Yuboriladigan eritma harorati 400 bo‘lib, sovib qolmasligi uchun apparatga paxta o‘rab, issiq suv quyilgan tog‘oraga solib qo‘yiladi. Tog‘ora karavot oldidagi o‘rindiq yoki skameykada turishi lozim. Ignani badanga sanchishdan oldin havoni chiqarib yuborish maqsadida tog‘oraga 25-50 ml eritma chiqariladi. Igna ustini salfetka bilan berkitib muolajani bajarib bo‘lguncha ushlab turiladi. Teri ostiga bir xil miqdorda eritma yuborish uchun ahyon-ahyonda bankaga havo yuborib, bosim bir muvozanatda saqlab turiladi. Teri ostiga yuboriladigan suyuqlik miqdori 500 ml dan ortmasligi kerak. Dorini yuborib bo‘lgach, rezina naychani qisqich bilan qisib, sterillangan doka bilan terini bosib turib igna sug‘urib olinadi. So‘ngra yengil massaj qilib, yod surtiladi. Yuborilgan dori tez so‘rilib ketishi uchun grelka yoki kompress qilinadi. Bobrov apparatini ishlatishdan oldin u qismlarga ajratilib, dokaga o‘rab sterillanadi. Buning uchun avtoklavdan foydalanish yoki harorati 150-200 darajali quritish shkafida qizdirish mumkin. Shisha va rezina naychalar bir-biridan ajratib olinib, yaxshilab qaynatiladi. So‘ngra organizmga yuboriladigan dori bilan chayiladi. Bobrov apparati orqali yuboriladigan dorilar teri ostiga bir tekis tarqalishi uchun ignani badandan sug‘urib olmagan holda bir necha marta bir oz sug‘urib, terining boshqa tomoniga yo‘llash kerak. Bundan tashqari aseptika qoidalariga rioya qilish zarur.
Mushaklar orasiga in’yeksiya qilish
Mushaklar teriga va teri osti kletchatkasiga qaraganda kam sezuvchan, qon tomirlariga boy bo‘lganligi va qisqarishi tufayli dorilar organizmga tez so‘riladi. Lekin mushaklar orasiga, ko‘pincha teri ostiga In’yeksiya qilish mumkin bo‘lmagan dorilar, masalan, akrixin va magneziy sulfat eritmalari, davo zardoblari yoki sekin so‘riladigan dorilar (bioxinol, ekmonovotsillin, bitsillin) yuboriladi. Mushaklar orasiga uzunligi 7-8 sm teshigi keng ignalar bilan, asosan, dumbaga In’yeksiya qilinadi. In’yeksiya qilishdan oldin dumbadan xayolan ikkita perpendikulyar chiziq o‘tkaziladi. Chiziqning biri quymich do‘ngi orqali vertikal, ikkinchisi son suyagining katta ko‘sti orqali gorizontal o‘tib dumba 4 ta kvadratga bo‘linadi. Dori tashqi ustki kvadratga yuboriladi. Sababi, bu joyda yirik qon tomirlari va nerv tolalari kam bo‘ladi. Bemor qorni bilan yotqizilib, In’yeksiya qiladigan joy spirt va yod bilan artiladi, so‘ng dori yuboriladi. Muolaja tugagach, In’yeksiya qilingan joy spirtga ho‘llangan paxta parchasi bilan yengil massaj qilinadi. Ba’zan son mushaklari orasiga In’yeksiya qilinadi. Bunda suyak pardasi shikastlanmasligi uchun igna birmuncha egri tomonga yuboriladi. In’yeksiya noto‘g‘ri qilinsa, quyidagi asoratlar ro‘y berishi mumkin.
1. Igna o‘tmas, eski va qisqa bo‘lsa, ko‘pincha mushaklar orasida sinib qolishi mumkin. Ba’zan bemorlarga aytmay turib In’yeksiya qilinganda ham ignaning sinishiga sabab bo‘ladi. Igna sinib mushak orasida qolsa, darhol olib tashlash kerak (rentgen qilib, operatsiya yo‘li bilan olib tashlanadi).
2. Nerv ustunlari va nerv tolalarini zararlantirish oqibatida oyoq-qo‘lning harakati va sezuv qobiliyati buziladi (falaj yoki shol bo‘lib qoladi).
3. Ko‘pincha moyli aralashmalar In’yeksiya qilinganda arteriya va venaga tushib qolib, dori emboliyasiga olib keladi. Bunday hollar shishgan joyga ikkinchi marta In’yeksiya qilinganida ro‘y berishi mumkin. Emboliya yuz berganda o‘pka, yurak, miya qon tomirlari teshigini to‘sib qo‘yishi natijasida odam o‘lib qolishi mumkin.
4. Shpritslar, ignalar yaxshi sterillanmasa, qo‘lni tozalashda va ampulalarni sindirganda aseptika qoidalariga rioya qilinmasa yiringli, gazli infeksiya, qoqshol va zardob gepatiti kasalliklari kelib chiqadi. Igna va shpritslarni 30 daqiqa qaynatish bilan zardob gepatiti viruslari o‘lmaydi. Shuning uchun faqat avtoklavda sterillash kerak. O‘tmas igna bilan In’yeksiya qilish natijasida to‘qimalarda qon to‘plami yiring boylashi mumkin.
5. Kalta ignalar bilan In’yeksiya qilinganda yoki In’yeksiya qilinadigan joy noto‘g‘ri tanlanganda aseptik abstsess hosil bo‘ladi. Bunda mushaklar orasiga yuboriladigan dori teri osti yog‘ qavatiga tushib qoladi va In’yeksiya dan keyin uzoq vaqt o‘tgan bo‘lsa ham yallig‘lanish jarayoni ro‘y berishi mumkin.
Mushaklar orasiga ko‘pincha penitsillin yoki streptomitsin yuboriladi. Penitsillin dozasi birliklar bilan o‘lchanib, bir martalik miqdori 50000 birlik, bu miqdori shifokor ko‘rsatmasi bilan oshirib boriladi. Penitsillinni ishlatishdan oldin 0,25 yoki 0,5% li novokain eritmasida eritiladi. Ba’zan piramidonning 1% li eritmasiga yoki osh tuzining fiziologik eritmasiga aralashtirib ishlatish mumkin. Penitsillinli flakonning metall qopqog‘ini spirt bilan artgach, unga igna sanchib shpritsdagi eritma yuboriladi. Igna qopqoqda qoldiriladi. Flakondagi penitsillin erigach, eritma shpritsga qayta tortib olinadi. In’yeksiya yangi sterillangan igna bilan qilinadi. Penitsillinning organizmga yuboriladigan miqdori qo‘yidagi usul bilan belgilanadi. Flakonda 500000 birlik penitsillin poroshogi bor deb faraz qilsak, flakonga 5 ml suyuqlik solinsa, uning har bir ml da 100000 birlik penitsillin erigan bo‘ladi. Bemorga 200000 birlik penitsillin yuborish zarur bo‘lsa, flakondan 2 ml, 300000 birlik penitsillin yuborish kerak bo‘lsa, 3 ml eritma olinadi va hokazo. Streptomitsin eritmasi ham yuqorida aytilgan usulda tayyorlanadi va In’yeksiya qilinadi.