YURAK-O‘PKA REANIMATSIYASI. YUQORI NAFAS YO‘LLARINING O‘TKAZUVCHANLIGINI TIKLASH.
Reja:
1. Katta yoshlilarda yurak-oʻpka faoliyatini tiklash tadbirlarini oʻtkazish
2. Bolalarda yurak-oʻpka faoliyatini tiklashni oʻtkazish
3. Nafas olish toʻxtaganda birinchi yordam koʻrsatish: kattalar va bolalarda sun'iy oʻpka ventilyatsiyasini oʻtkazish
4. Goʻdaklarda yurak-oʻpka faoliyatini tiklash tadbirlarini oʻtkazish
5. Yuqori nafas yoʻllari oʻtkazuvchanligini tiklash. Geymlix usuli
Katta yoshlilarda yurak-oʻpka faoliyatini tiklash tadbirlarini oʻtkazish
Agar voqea sodir boʻlgan joyda xavf-xatar boʻlmasa, birlamchi koʻzdan kechirish oʻtkaziladi.
Jabrlanuvchining hushi joyidaligini aniqlash uchun "Sizga yordam kerakmi» deb baland ovoz bilan soʻrab, chapak chalib, trapetsiyasimon muskulini siqish lozim.
Jabrlanuvchi hushsiz boʻlsa jabrlanuvchini asta orqasiga aylantiriladi (zarur boʻlgan taqdirdagina).
Nafas yoʻllarini ochib, nafas bor-yoʻqligi tekshiriladi. Buning uchun boshini orqaga egib, iyagi koʻtariladi. Nafas bor-yoʻqligini aniqlash uchun 5 sekund davomida koʻrish, eshitish va sezish nazoratidan foydalaniladi.
Jabrlanuvchi nafas olmayotgan boʻlsa, jabrlanuvchini qattiq joyga orqasi bilan yotqizib, "Og`izdan-og`izga" ikki marta toʻla puflab, jabrlanuvchining burun kataklari qisiladi. Lablar bilan jabrlanuvchining og`zini zich tutib, 2 marta toʻla puflanadi. havo oʻpkasiga oʻtayotganiga ishonch hosil qilish uchun koʻkrak qafasi koʻtarilishi kuzatiladi.
Tomir urayotgan-urmayotganligini tekshirish uchun 10 sekund davomida tomir urishi tekshiriladi.
Yurakni yopiq massaj qilish uchun:
• Barmoq bilan toʻshning quyi chekkasidagi chuqurchani topib, barmoq shu erga qoʻyiladi. Jabrlanuvchining tovoniga yaqin boʻlgan qoʻlni ishlatish zarur.
• Boshqa qoʻlning kaftini jabrlanuvchining toʻshiga, barmoqlar turgan joydan yuqoriroqqa qoʻyiladi.
• Barmoqlarni chuqurchadan olib, birinchi qoʻlning kaftini boshqa qoʻldan yuqoriroqqa qoʻyiladi.
• Barmoqni koʻkrak qafasiga tekizmaslik kerak.
Toʻshni 15 marta bosiladi. Bosishda qutqaruvchining yelkasi kaftlari ustida turishi lozim. Toʻsh 4 sm dan 5 sm gacha chuqurlikda 10 sekund ichida taxminan 15 marta bosiladi (1 minutda 80 dan 100 martagacha) bosiladi. Bir maromda, tikka, qoʻlni doimo toʻsh ustida tutgan holda bosish kerak. Muolajani oʻtkazayotganda tebratuvchi harakat qilmaslik lozim. Bu bosishning ta'sirini kamaytirib, kuchning bexuda sarflanishiga olib keladi. Navbatdagi bosishni boshlashdan oldin koʻkrak qafasi dastlabki holatiga qaytishiga yoʻl qoʻyib berish kerak.
"Og`izdan-og`izga" 2 marta toʻla puflanadi. Buning uchun boshini orqaga egib, iyagini koʻtarib, nafas yoʻllari ochiladi. Jabrlanuvchining burun kataklarini qisib, ikki marta toʻla puflanadi, har biri 1,5-2 sekund davom etishi kerak. Havo oʻpkaga oʻtayotganiga ishonch hosil qilish uchun koʻkrak qafasi koʻtarilayotgani kuzatiladi.
Toʻshni bosish va puflash siklini davom ettiriladi. Buning uchun 15 marta bosish va 2 marta puflashdan iborat 3 sikl bajariladi.
Bolada yurak-oʻpka faoliyatini tiklashni oʻtkazish
Eng avvalo, hodisa sodir boʻlgan joyda xavf-xatar yoʻqligiga ishonch hosil qilinadi. Buning uchun jabrlanuvchining hushi joyidaligini aniqlab, "Sizga yordam kerakmi?" deb baland ovozda soʻraladi.
Nafas yoʻllarini ochib, nafas bor-yoʻqligi tekshiriladi. Bolaning boshini asta orqaga egib, iyagini koʻtarib, nafas bor-yoʻqligini aniqlash uchun 5 sekund davomida koʻrish, eshitish, sezish nazoratidan foydalaniladi.
Bola nafas olmayotgan boʻlsa, bolani qattiq joyga orqasi bilan yotqizing, bunda boshi va yuragi bir xil tekislikda boʻlishi kerak. "Og`izdan-og`izga" ikki marta toʻla puflanadi. Buning uchun bolaning burun kataklarini qisib, har biri 1,5-2 sekund davom etadigan qilib ikki marta toʻla puflanadi, havo oʻpkaga oʻtayotganiga ishonch hosil qilish uchun koʻkrak qafasi koʻtarilishi kuzatiladi. Tomiri urayotgan-urmayotgani uyqu arteriyasidagi tomir urishidan tekshiriladi.
Yurakni yopiq massaj qilish uchun qoʻlni toʻg`ri qoʻyish lozim. Barmoq bilan toʻshning quyi chekkasidagi chuqurchani topib, boshqa qoʻl kaftini toʻshning barmoqlar turgan joyidan yuqoriroqqa qoʻyiladi.
Toʻshni 5 marta bosiladi. Bosishda qutqaruvchining elkasi kaftlari ustida turishi lozim. Toʻsh 3 sm gacha chuqurlikda, 3 sekund ichida taxminan 5 marta bosilishi lozim. Bir maromda, tikka, qoʻlni doimo toʻsh ustida tutgan holda bosish kerak. Boshqa qoʻl bilan havo yoʻllari ochiqligini ta'minlash kerak.
Bolaning tomiri urayotgani sezilmasa va u nafas olmayotgan boʻlsa, tez yordam etib kelgunicha yurak-oʻpka faoliyatini tiklash tadbirlarini oʻtkazish davom ettiriladi. Toʻshni 5 marta bosish va bir marta puflashdan iborat siklni bajariladi va tomir urishi tekshiriladi.
Nafas olish toʻxtaganda birinchi yordam koʻrsatish: kattalar va bolalarda sun'iy oʻpka ventilyatsiyasini oʻtkazish
Sun'iy oʻpka ventilyatsiyasi jabrlanuvchining organizmini uning hayotini saqlab qolish uchun zarur boʻlgan kislorod bilan ta'minlash maqsadida jabrlanuvchi oʻpkasiga havo puflashdan iborat.
Sun'iy oʻpka ventilyatsiyasi nafas olmayotgan, biroq tomiri urib turgan jabrlanuvchilarda oʻtkaziladi.
Agar hodisa sodir boʻlgan joyda xavf-xatar boʻlmasa, dastlabki tekshirish oʻtkaziladi. Jabrlanuvchining xushi joyidaligini aniqlash, "Sizga yordam kerakmiq" deb baland ovoz bilan soʻrash lozim.
Jabrlanuvchi hushsiz boʻlsa, jabrlanuvchini asta orqasiga aylantirib (zarur boʻlgan taqdirdagina), nafas yoʻllarini ochib (boshini orqaga egib, iyagini koʻtaring), boshini orqaga egib, iyagini koʻtarib, bolalarda - peshonasiga asta bosib, iyagini ehtiyotkorlik bilan koʻtariladi.
Nafas bor-yoʻqligini tekshirish uchun nafas bor-yoʻqligini aniqlash kerak. Buning uchun 5 sekund davomida koʻrish. eshitish va sezish nazoratidan foydalanish lozim. Nafas olmayotgan bo'lsa, "Og`izdan-og`izga" 2 marta toʻla puflanadi.
Tomiri urayotgan-urmayotganini tekshirish uchun kekirdakni paypaslab topib, boʻyinning yonida joylashgan chuqurchaga barmoq surib boriladi. Tomir urishi 10 sekund davomida tekshiriladi.
Sun'iy oʻpka ventilyatsiyasini oʻtkazish davom ettiriladi. Buning uchun boshni orqaga egib, iyagini koʻtarish uslubi bilan nafas yoʻllarini havo oʻtadigan holatda tutib turiladi. Jabrlanuvchining burun kataklari qisiladi:
• Kattalarda: har 5 sekundda 1 marta toʻla puflanadi.
• Bolalarda: har 3 sekundda 1 marta toʻla puflanadi.
• Goʻdaklarda: har 3 sekundda 1 marta tuda puflanadi.
Havo oʻpkaga oʻtayotganiga ishonch hosil qilish uchun koʻkrak qafasi koʻtarilishi kuzatiladi. Katta yoshli jabrlanganlarda: shu ishni 1 minut davom ettirib, bu vaqt ichida 12 marta puflanadi. Bolalarda: shu ishni 1 minut davom ettirib, bu vaqt ichida 20 marta puflanadi.
Tomir urishi va nafasni bir necha minut oralatib tekshirib turiladi. Agar jabrlanuvchining tomiri urib turgan boʻlsa-yu, avvalgidek nafas olmayotgan boʻlsa, tez yordam etib kelgunicha sun'iy oʻpka ventilyatsiyasi davom ettiriladi.
Agar jabrlanuvchining tomiri urmayotgan, oʻzi nafas olmayotgan boʻlsa, yurak-oʻpka faoliyatini tiklash ishini (reanimatsiya)ni oʻtkazish boshlanadi.
Jabrlanuvchining tomiri urayotgani va u nafas olayotgani sezilsa, jabrlanuvchini xushiga keltiruvchi holat (tiklanish holati)da yotqizib, nafas yoʻllarini havo oʻtadigan holatda tutib turiladi. Nafas olishini kuzatib turib, qattiq qon ketayotgani ma'lum boʻlib qolsa, u toʻxtatiladi.
Goʻdaklarda yurak-oʻpka faoliyatini tiklash tadbirlarini oʻtkazish
Bir yoshga etmagan goʻdakda tomir urishini aniqlash juda murakkab. Shuning uchun, agar maxsus tayyorgarlik boʻlmasa, nafasi toʻxtagan goʻdakning tomirini bir necha sekunddan ortiq tekshirish mumkin emas. Boʻg`ilishdan boʻlak hodisalarda goʻdaklarda, odatda, nafas toʻxtagach, tomir urishi ham toʻxtaydi.
Goʻdakning tomir urishi katta yoshlilarniki kabi uyqu arteriyasida emas, balki qoʻlning ichki tomonidagi, yelkasiga yaqin yelka arteriyasida tekshiriladi. Goʻdakning qoʻlidagi yelka suyagiga, tirsagiga emas, balki qoʻltiq chuqurchasi yaqiniga ikkita barmoqni qoʻyib, barmoqni qoʻlga yengil botirib, 5-10 sekund davomida tomir urishi tekshiriladi.
Goʻdakning hushi oʻzidaligini aniqlash uchun goʻdakni baland ovoz bilan chaqirib, goʻdakning qoʻl-oyoqini bir oz chimchilanadi.
Goʻdak behush boʻlsa, goʻdakni orqasiga aylantirib, goʻdakni asta oʻzimiz tomon tortib, boshi va boʻynini ushlab turib aylantiriladi.
Nafas yoʻllarini ochib, nafas bor-yoʻqligi tekshiriladi. Buning uchun bolaning boshini bir oz orqaga egib, nafas bor-yoʻqligini aniqlab, koʻrish, eshitish va sezish nazoratidan 5 sekund davomida foydalaniladi.
Goʻdak nafas olmayotgan boʻlsa, goʻdakni qattiq joyga orqasi bilan yotqizib, 2 marta sekin puflanadi. havo oʻpkaga oʻtayotganiga ishonch hosil qilish uchun koʻkrak qafasining koʻtarilishi kuzatiladi.
Tomir urishi yelka arteriyasida 10 sekund davomida tekshiriladi.
Goʻdaklarda sun'iy oʻpka ventilyatsiyasini oʻtkazish
Dastavval hodisa sodir boʻlgan joyda xavf-xatar bor-yoʻkligi, soʻng goʻdakning hushi joyidaligi tekshiriladi. Buning uchun baland ovoz bilan goʻdakning ismini aytib chaqirib, javob qaytarilmasa, oyoq-qoʻlini salgina chimchilab koʻriladi. Goʻdak hushsiz boʻlsa, uni ehtiyotkorlik bilan orqasiga aylantirib (zarur boʻlgan taqdirdagina), boshini bir oz orqaga egib, iyagi koʻtariladi.
Nafas bor-yoʻqligini aniqlash uchun 5 sekund davomida koʻrish, eshitish, sezish nazoratidan foydalaniladi. Goʻdak nafas olmayotqan boʻlsa, boshini bir oz orqaga qilgan holda tutib turiladi. Soʻng goʻdakning burni va og`zini lab bilan zich qamrab olib, 2 marta puflanadi, bunda havoni ehtiyotkorlik bilan oz-ozdan yuborish zarur. Havo oʻpkasiga oʻtayotganiga ishonch hosil qilish uchun koʻkrak qafasi koʻtarilishini kuzatish kerak.
Tomiri urayotgan-urmayotganini tekshirish uchun qoʻlining yuqori qismida yelka arteriyasidagi tomir urishini paypaslab topib, tomir urishini 10 sekund davomida tekshiriladi.
Sun'iy oʻpka ventilyatsiyasini oʻtkazish davom ettiriladi. Buning uchun goʻdakning boshini bir oz orqaga egilgan holatda tutib turib, nafas yoʻllari havo oʻtadigan holatda boʻlishini kuzatib, goʻdakning burni va og`zini lab bilan zich qamrab olib, har 3 sekundda bir martadan engil puflanadi. havo oʻpkaga oʻtayotganiga ishonch hosil qilish uchun koʻkrak qafasi koʻtarilishi kuzatiladi. Shu ishni 1 minut davom ettirib, shu vaqt ichida 20 martaga yaqin puflanadi.
Tomir urishi va nafasni bir necha daqiqa oralatib tekshirib turiladi.
Goʻdakning tomiri urib turgan boʻlsa-yu, avvalgidek nafas olmayotgan boʻlsa, tez yordam yetib kelgunicha sun'iy oʻpka ventilyatsiyasini davom ettirish kerak. Goʻdakning tomiri urmayotgan, oʻzi esa nafas olmayotgan boʻlsa, yurak-oʻpka faoliyatini tiklash ishini oʻtkazishni boshlash lozim.
Goʻdakning tomiri urayotgani va u nafas olayotgani sezilsa, goʻdakni yonboshlatib (xushiga keltiruvchi holatda) yotqizib, nafas yoʻllarini ochiq tutib turib, nafas olishini kuzatib turiladi. qattiq qon ketayotgani ma'lum boʻlib qolsa, uni toʻxtatish kerak.
Uchta barmoqni goʻdakning koʻkrak soʻrg`ichlari orasidan oʻtadigan faraziy chiziqdan quyiroqqa qoʻyib, koʻrsatkich barmoqni shunday koʻtarish kerak-ki, oʻrta va nomsiz barmoq toʻshda koʻkrak soʻrg`ichlari oʻrtasidan oʻtadigan faraziy chiziqdan bir enli pastda boʻlishi kerak. Soʻng toʻsh 2 sm chuqurlikda 3 sekund ichida taxminan 5 marta bosiladi. Bir maromda, tikka, barmoqlarni doimo toʻsh ustida tutgan holda bosish kerak. Keyin goʻdakning boshini bir oz orqaga eggan holda joylashtirib, nafas yoʻllarini ochib, og`zi va burniga lablarni zichlab bosib, 1 marta puflanadi. havo oʻpkaga oʻtayotganiga ishonch hosil qilish uchun koʻkrak qafasining koʻtarilishini kuzatib turish lozim.
Bir minut ichida 20 ga yaqin sikl oʻtkaziladi. Goʻdakda tomir urayotgan boʻlsa-yu nafas boʻlmasa, tez yordam yetib kelgunicha sun'iy oʻpka ventilyatsiyasini oʻtkazish kerak.
Goʻdakning tomir urishi sezilmasa va u nafas olmayotgan boʻlsa, tez yordam yetib kelgunicha yurak-oʻpka faoliyatini tiklash tadbirlarini oʻtkazishni davom ettirish, har necha minutda tomir urishi va nafas olishini tekshirib turish lozim.
Yuqori nafas yoʻllari oʻtkazuvchanligini tiklash. Geymlix usuli
Nafas yoʻllari havoning burun va ogʻizdan boshlab oʻpkaga oʻtish yoʻlidan iborat. Nafas olish yoʻllarini nimadir toʻsib qoʻysa, jabrlanuvchi boʻgʻila boshlaydi va uning organizmi kerakli miqdorda kislorod olmaydi, natijada uning hayoti xavf ostida qoladi. Bunday holat shoshilinch vaziyat hisoblanadi va nafas yoʻllarining oʻtkaza olmasligining sabablarini bartaraf qilish maqsadida birinchi yordam koʻrsatish talab qilinadi.
Nafas yoʻllari oʻtkaza olmasligining sabablari
Nafas yoʻllarining oʻtkaza olmasligi tilning ichga botishi yoki jarohat yoxud allergiyaning ogʻir xili natijasida ogʻiz boʻshligʻi va tomoq toʻqimalarining shishib qolishi oqibatida yuz beradi. Hushsiz holatdagi kishilarda bunga sabab koʻpincha til boʻlib, u tomoqning ichiga kirib qoladi va oʻpkaga havo oʻtishini toʻsib qoʻyadi.
Nafas yoʻllarining oʻtkaza olmay qolishiga sabab ularga yot jismlar, masalan, ovqat, kichik oʻyinchoqlar yoki qusiq, shilimshiq, qon yoki soʻlak kabi suyuq moddalarning kirib qolishidir. Bu holat boʻgʻilish deyiladi. Yot jismlar nafas yoʻllarining tomoqdan tortib oʻpkagacha boʻlgan istalgan joyida tiqilib qolishi mumkin.
Boʻgʻilishning eng tarqalgan sabablari quyidagilardan iborat:
• ovqatning katta boʻlakchasini yaxshilab chaynamasdan yutib yuborishga urinish,
• ovqatgacha yoki ovqatlanish vaqtida spirtli ichimliklarni juda koʻp iste'mol qilish. Alkogol qusish refleksini boʻshashtiradi va ovqat tiqilishi ehtimolini oshiradi,
• tish protezlari ovqat yutish oldidan yaxshi chaynalganligini sezishga xalaqit beradi,
• ovqatlanish vaqtida qizgʻin gaplashish va kulish yoki shoshilib ovqat yeyish,
• ogʻizda ovqat yoki yot jismlar borligida yugurish, oʻynash yoki chopish.
Boʻgʻilishning oldini olish
Tili ichga botishi natijasida xushsiz boʻlgan jabrlanuvchining boʻgʻilishini uni tiklanish holatida yotqizish yoʻli bilan bartaraf qilish mumkin.
Ovqatlanish vaqtida ehtiyotkorlikka rioya qilinsa, boʻgʻilishning oldini olish mumkin.
• yutish oldidan ovqatni yaxshilab chaynash, uni shoshmasdan yeyish, hech nima bezovta qilmayotgan vaqtda ovqatlanish, ovqat ogʻizda turganda gapirmaslikka va kulmaslikka harakat qilish,
• ogʻizda ovqat borligida yurmaslik va boshqa jismoniy ishlar bilan mashgʻul boʻlmaslik,
• yot jismlarni, masalan, ruchka qopqogʻi yoki mixni ogʻizga solmaslik.
Goʻdaklar va bolalar xavfli guruhga kiradi. Shuning uchun ota-onalar va qarovchilar quyidagi tavsiyalarga rioya qilishlari kerak:
• bolalarni baland stul yoki xavfsiz oʻrindiqqa oʻtq’azib, keyin ovqatlantirish, yosh bolalarga qoʻlida yoki ogʻzida ovqat borligida yurishga ruxsat bermaslik,
• goʻdaklar va bolalarni yumshoq ovqatlar bilan kam miqdorlarda ovqatlantirish. U ovqatlanayotganda doimo kuzatib turish,
• bolaning yonida u ogʻziga solishi mumkin boʻlgan mayda buyumlar yoki oʻyinchoqlar boʻlmasligini tekshirish,
• havo sharlariga tegishga yoʻl qoʻymaslik, chunki agar shar yorilsa, bola oʻzi bilmagan holda sharning mayda boʻlakchalarini yutib yuborishi mumkin.
Boʻgʻilish belgilari va alomatlari
Katta yoshdagi jabrlanuvchi, odatda, boʻgʻilib qolganini imo-ishora bilan koʻrsata oladi. Goʻdaklar yoki bolalar toʻsatdan nafas ololmasa, ehtimol, nimadandir boʻgʻilgan boʻladi.
Boʻgʻilishda birinchi yordam
Agar jabrlanuvchining nafas yoʻllari qisman oʻtkaza olmasa, unga yoʻtalib, tomoqni ochishiga halaqit bermaslik kerak, shunda, balki, yot jism oʻzidan-oʻzi chiqib ketar. Yoʻtala olgan yoki gapira olgan kishi nafas olish uchun kerakli havoni oladi. Jabrlanuvchiga yoʻtalib tomoqni ochishni aytib, uning yonida boʻlish lozim. Agar yoʻtal toʻxtamasa, tez yordamni chaqirish darkor.
Kimdir yot jismlar kirgani tufayli boʻgʻilgan boʻlsa, iloji boricha tezroq nafas yoʻllarining oʻtkazuvchanligini ta'minlash kerak.
Bunday holda birinchi yordam koʻrsatish qoringa turtish yoki Geymlix usuli deb ataladigan yoʻlni qoʻllashga asoslanadi[1]. Keskin turtkilar natijasida yot jism nafas yoʻllaridan xuddi shampan shishasidagi poʻkak singari otilib chiqadi. Qoʻllaniladigan usul jabrlanuvchining es-xushiga, yoshiga, goʻdak yoki bolaligiga bogʻliq.
Qoringa turtish oʻpkadagi havo nafas yoʻllaridagi yot jismni surib chiqarishga majburlab, yoʻtal qoʻzgʻaydi.
Semiz odamlar va homilador ayollar uchun boshqa usullar qoʻllaniladi.
Agar qoringa turtish uchun jabrlanuvchini quchoqlab olish imkoni boʻlmasa yoki agar jabrlanuvchi homilador ayol boʻlsa, koʻkrakka turtki beriladi.
Ba'zi hollarda kattalarga boʻgʻilganda birinchi yordam koʻrsatilayotganda qorniga emas, balki koʻkragiga turtiladi. Buning uchun bemorning orqasiga turib, qoʻllarni jabrlanuvchining q’oʻltigʻidan oʻtkazib, koʻkrak qafasini quchoqlab olinadi. Qoringa turtgandagi kabi bir qoʻlni musht qilib, uni bosh barmoq tomondan koʻkrakning oʻrta qismiga siqiladi. Musht qovurgʻalarda emas, balki koʻkrakning markazida boʻlishi kerak. Mushtni ikkinchi qoʻlning kafti bilan ushlab ichkariga yoʻnalgan holda turtiladi. Yot jism chiqib ketmaguncha, jabrlanuvchi nafas olmaguncha, kuchli yoʻtalmaguncha yoki es-xushini yoʻqotmaguncha shunday turtishlar takrorlanadi.
Agar jabrlanuvchining yonida hech kim boʻlmasa, u holda mustaqil ravishda qoringa ikki xil usulda turtki berish mumkin. Bir qoʻlni musht qilib, uni bosh barmoq tarafdan qorinning oʻrta qismiga, kindikdan bir oz yuqoriga, koʻkrak chetidan ancha pastga bosiladi. Mushtni ikkinchi qoʻlning kafti bilan ushlab, yuqoriga keskin turtki beriladi. Yoki oldinga egilib, qandaydir qattiq jismga, masalan, stulning suyanchigʻi, panjara-toʻsiq yoki rakovinaga qorinni tirab, ichkariga bosiladi.
Agar xushsiz yotgan jabrlanuvchida nafas yoʻllarining oʻtkaza olmay qolishi tilning ichga botishi natijasida yuz bergan boʻlsa, u holda boshni orqaga egib, iyakni koʻtarish yoʻli bilan nafas yoʻlining ochilishini ta'minlash mumkin. Agar bunga toʻqimalarning shishganligi sabab boʻlgan boʻlsa, tezda tibbiy yordam chaqirish lozim, chunki nafas yoʻlini ochishning boshqa yoʻli yoʻq. Boshni orqaga egib, iyakni koʻtarish usuli tomoqni tilning ichga botishiga toʻsqinlik qiluvchi holatga keltiradi. Jabrlanuvchining yana qandaydir jarohat olganligi ehtimoli boʻlsa, uning nafasi bor-yoʻqligini tekshirmay turib, uni qoʻzgʻatilmaydi. Jabrlanuvchi nafas olmayotgan boʻlsa, bir qoʻl bilan boshi va boʻynini ushlagan holda, ikkinchi qoʻl bilan uni orqasi bilan yotqiziladi. Shundan soʻng bir qoʻl bilan boshini orqasiga egib, shu vaqtning oʻzida ikkinchi qoʻl bilan iyak koʻtariladi. Jabrlanuvchining burun teshiklarini siqib, uning oʻpkasiga ikki marta havo puflanadi. Agar havo oʻpkaga ravon oʻtsa, jabrlanuvchining nafas yoʻllari ochiq hisoblanadi.
Nafas yoʻllarini ochishning boshqa usuli boshni orqaga egmasdan pastki jagʻni koʻtarishdan iborat. Bosh yoki umurtqa pogʻonasida jarohat bor - yoʻqligiga shubha tugʻilganda, har doim shu usul qoʻllaniladi. Avtomobil halokati, balandlikdan agʻdarilish, suvga shoʻngʻish yoki sport mashgʻulotlaridagi kabi kuchli zarba ta'sirida shikastlangan jabrlanuvchida shunga oʻxshash jarohat borligini taxmin qilish lozim. Bunday vaziyatda engakni koʻtargan holda boshni orqaga egish usuli oʻrniga boshni orqaga egib pastki jagʻni koʻtarish yoʻli qoʻllaniladi. Shunday qilinganda bosh va boʻyin harakati minimal boʻladi.
Ikkala qoʻlning barmoqlari bilan pastki jagʻning turtib chiqqan burchaklarini ushlab, uni oldinga siljitiladi. Ikkala qoʻl bandligidan jabrlanuvchining burnini yuz bilan yoki ikkala bosh barmoq bilan berkitib, uning oʻpkasiga ikki marta havo puflash mumkin.
Yot jism chiqib ketishi yoki jabrlanuvchi nafas olishi yoki yoʻtala boshlashi bilanoq turtish va urishni toʻxtating. Yot jism nafas yoʻllaridan chiqib ketganligiga ishonch hosil qilish kerak. U erkin nafas olayotgani yoki hali ham qiynalayotganini aniqlash zarur. Qorin va koʻkrakka turtishlar ichki a'zolarga shikast yetkazishi mumkinligidan jabrlanuvchini tekshirish uchun yaqin oradagi shifoxonaga yuborish lozim.
Yot jism chiqib ketmaguncha, jabrlanuvchi nafas olmaguncha yoki kuchli yoʻtalmaguncha, jabrlanuvchi hushsiz boʻlib qolguncha qoringa turtish davom ettiriladi.
Bir yoshdan katta boʻlgan bola boʻgʻilganda unga birinchi yordam katta odamlarga koʻrsatilganidek boʻladi. Albatta, bunda bolaning ogʻirligi va gavdasi nazarda tutiladi. Shunga koʻra qoringa beriladigan turtki kuchi, tabiiyki, kattalarga qoʻllaniladigandan ancha farq qiladi. Usulning boshqa tomonlari bir xil boʻladi. Bir yoshdan kichik goʻdak boʻgʻilganda birinchi yordam koʻrsatish ikki barmoq bilan koʻkrakka turtish va orqa tomoniga kaft bilan urishdan iborat. Goʻdaklarning qorniga turtish mumkin emas.
Agar goʻdak boʻgʻilgan boʻlsa goʻdakning yuzini pastga qilib toʻnkariladi, uning boshi va boʻynini ushlab, boshini gavdasidan pastda qilib, bilak ustiga yotqiziladi va yuzini pastga qilib toʻnkariladi. Soʻng orqasiga 5 marta urib-urib, uni qoʻlga olib son ustida tutiladi. Ikkinchi qoʻl kafti bilan goʻdakning kuraklari oʻrtasiga 5 marta keskin urib-urib qoʻyiladi.
Bu usul yot jism chiqib ketmaguncha, goʻdak yigʻlamaguncha, nafas olmaguncha yoki kuchli yoʻtalmaguncha va goʻdak xushini yoʻqotmaguncha davom ettiriladi.
Hushidan ketgan goʻdakka nafas yoʻllari butunlay oʻtkaza olmay qolganida birinchi yordam koʻrsatishdan avval goʻdakning hushi joyidaligi tekshiriladi, baland ovoz bilan goʻdakning nomini aytib chaqiriladi, agar sezmasa, badanini chimchilab koʻriladi.
Agar goʻdak nafas olmasa, 2 marta puflash oʻtkaziladi. Buning uchun boshini orqasiga egib turib, goʻdakning ogʻzi va burnini lab bilan yaxshilab yopib, 1-1,5 sekund davomida 2 marta puflash oʻtkaziladi. oʻpkaga nafas oʻtayotganiga ishonch hosil qilish uchun koʻkrak qafasining koʻtarilishini kuzatib turiladi.
Agar havo shunda ham oʻpkaga oʻtmasa tez yordam chaqiriladi. Goʻdakning yuzini pastga qilib toʻnkarib, uning boshi va boʻynini ushlab, uni bilak ustiga qoʻyib, yuzini pastga qaratib (boshi gavdasidan pastda boʻlsin), orqasiga 5 marta urib-urib qoʻyiladi. Soʻng goʻdakni orqasi bilan yotqizib, boshi va boʻynini ushlab, goʻdakni tizza ustiga orqasi bilan yotqizib, boshini gavdasidan pastda qilib ushlanadi. Koʻkrakka 2 sm chuqur botadigan qilib 5 marta turtiladi. Ogʻiz boʻshligʻida yot jismlar borligi tekshiriladi. Buning uchun bosh barmoq bilan tilini pastki jagʻga tomon bosib, uni bir oz siljitiladi.
Agar ogʻizda yot jism bor boʻlsa, bukilgan barmoq bilan uni bir harakat bilan olib tashlash kerak. Nafas yullarini ochib, 2 marta puflanadi. Buning uchun goʻdakning boshini orqasiga egib, iyagi bir oz koʻtariladi. Lab bilan goʻdakning ogʻzi va burnini yaxshilab berkitib, 1-1,5 sekund davomida 2 marta puflanadi.
Agar havo oʻpkaga oʻtmasa, quyidagi holatlar yuz bermaguncha orqasiga urib-urib qoʻyish, koʻkrakni turtish va ogʻizga puflash ketma-ketligi takrorlanadi:
• yot jism chiqib ketmaguncha,
• goʻdak nafas ola boshlaguncha yoki yoʻtala boshlaguncha,
• tez yordam yetib kelguncha.
Agar havo oʻpkaga oʻtayotgan boʻlsa, nafas va tomir urishi bor-yoʻqligi tekshiriladi.
[1] Rui Manuel da Torre Vieito, Sergio Alexandre Neves Gulmaraes, Advanced Training Manual for First-Aid. Junho 2008.