KUYISH. SOVUQ OLDIRISH

Reja:

1. Kuyish. Kuyish darajalari.

2. Kuyishda birinchi yordam koʻrsatish

3. Sovuq urishi va uning darajalari.

4. Sovuq urishida birinchi yordam.

Kuyish. Kuyish darajalari

Kuyish, odatda, yumshoq toʻqimaning yuqori harorat, kimyoviy moddalar, elektr toki yoki quyosh nurlari ta'siri ostida zararlanishidir.

Kuyishda, dastavval terining ustki qatlami-epidermis zararlanadi. Kuyish kuchayib borsa, terining quyi qatlamlari ham zararlanadi. Kuyish jarayonida teri qoplamining yaxlitligi buziladi, oqibatda zararlangan joyga infektsiya tushishi, suyuqlik yoʻqotilishi yoki zararlangan sohaning harorat me'yori (termoregulyatsiya) buzilishi mumkin. Kuyish chuqur kechsa, toʻqimaning quyi qatlamlari, nafas sistemasi va koʻz ham zararlanishi mumkin.

Kuyishning qattiq yoki yengilligi haroratga, kuyishga olib kelgan sababga ta'sir qanchalik uzoq davom etganligiga, badanning qayerida ekanligiga, qanaqa koʻlamda kuyganligiga, kuyish chuqurligiga, jabrlanuvchining yoshiga va uning salomatligining ahvoliga bogʻliq boʻladi. Odatda, 60 yoshdan oshganlar, 5 yoshdan kichik bolalar hamda surunkali kasallar kuyishga boshqalarga nisbatan kam chidashadi.

Kuyish uni keltirib chiqargan sabablarga hamda badanni qanchalik chuqur zararlantirganligiga koʻra: birinchi darajali (yuzaki, yengil), ikkinchi darajali (oʻrtacha darajada chuqur zararlagan) hamda uchinchi darajali (chuqur zararlagan)ga boʻlinadi.

Birinchi darajali kuyishda terining ustki qatlami zararlanadi. Teri qizarib, quruq va ogʻriqli boʻladi. Kuygan joy shishishi mumkin. Birinchi darajali kuyish, odatda, chandiq qoldirmay, 5-6 kun ichida tuzalib ketadi.

Ikkinchi darajali kuyishda terining har ikki qatlami — epidermis va derma zararlanadi. Bunga yuqori harorat yoki quyoshning kuchli ta'siri, shuningdek ximiyaviy moddalar sabab boʻladi. Teri qizarib, pufakchalar bilan qoplanadi. Bu pufakchalar yorilib, ichidan tiniq suyuqlik oqib chiqib, terini hoʻllaydi. Kuygan teri dogʻli boʻlib koʻrinishi mumkin. Bunday kuyish ogʻriqli boʻlib, kuygan joy shishib ketadi. Odatda, kuygan joy uch-toʻrt haftada, ba'zan chandiq hosil qilib tuzaladi.

Uchinchi darajali kuyishda terining ikkala qatlami hamda ancha quyida joylashgan toʻqimalar — nervlar, qon tomirlar, yogʻ, muskul va suyak toʻqimalar zararlanadi. Juda yuqori harorat, alanga, shuningdek elektr toki ta'sirida hamda yashin urganda uchinchi darajali kuyish roʻy berishi mumkin.

Bunday kuyishda teri koʻmirlanib (qorayib) yoki mumsimon oqarib koʻrinadi. Bu darajada kuyganda ogʻriq kamroq boʻladi, chunki teri qatlamining nerv uchlari zararlanadi. Keng koʻlamda uchinchi darajali kuyishda jabrlanuvchi suyuqlik yoʻqotgani uchun shok holatiga tushib, uning hayoti xavf ostida qolishi mumkin. Shuningdek infektsiya tushish ehtimoli ham bor. Uchinchi darajali kuyish natijasida badanda dagʻal chandiqdar paydo boʻlib, koʻpincha yangi teri koʻchirib oʻtqazishga toʻgʻri keladi.

Kuyishning oldini olish yongʻinga qarshi havfsizlik choralarini koʻrishdan boshlanadi. Buning uchun gugurtni bolalar qoʻli yetmaydigan joyda saqlash, bolalarni hech qachon qarovsiz qoldirmaslik, hujrada yongʻinda tez alanga olishi mumkin boʻlgan materiallarni saqlamaslik, yashash joyda hech qachon benzin yoki tez alanga oladigan boshqa suyuqliklarni saqlamaslik, ovqat tayyorlayotganda kastryul dastaklari plitadan tashqariga chiqib qolmasligiga e'tibor berish, iloji boricha orqa gorelkalardan foydalanish, moy yoki yogʻ yonib ketsa, alangani suv bilan oʻchirishga urinmaslik, ochiq alanga yaqinida aerozol purkamaslik tavsiya etiladi.

Quyosh teriga zarar yetkazib, kuydirishi mumkin. Quyosh ostida uzoq vaqt boʻlish teri raki (saraton) kasalligini va uning erta qarib qolishini keltirib chiqarishi mumkin. Quyoshdan kuyishni bartaraf etish uchun ertalab soat 10 dan kunduzi soat 15 gacha oftobda boʻlmaslik, quyosh nurlarining haddan tashqari ta'siridan saqlanish uchun tegishlicha kiyinib yurish kerak.

Kuyishda birinchi yordam koʻrsatish

Kuyish sabablarini bartaraf etgandan keyin ham yumshoq toʻqima kuyishda davom etib, yanada koʻproq zararlanadi. Kuyish qattiq boʻlmagan holatlarda kuygan joyni sovutish pufakchalar paydo boʻlishining oldini olib, qattiq kuyishda toʻqimalarning zararlanishini kamaytiradi.

Jabrlanuvchi his etayotgan ogʻriqning kuchli-kuchsizligiga qarab kuyish darajasi haqida xulosa chiqarilmaydi. Chunki kuyish oqibati sifatida nerv uchlari zararlangan boʻlishi mumkin. Koʻp hollarda kuygan joyni vrach koʻzdan kechirishi kerak.

Agar kuyish natijasida nafas olish qiyinlashsa, tananing bir necha joyi jarohatlangan boʻlsa, bosh, boʻyin, qoʻl panjalari, oyoq kafti yoki jinsiy a'zolar jarohatlangan boʻlsa, bola yoki yoshi ulugʻ odam jabrlangan boʻlsa, ximiyaviy moddalardan kelib chiqqan va portlash yoki elektr toki urishi oqibati boʻlsa, tez yordam chaqirish kerak.

Birinchi va ikkinchi darajali kuyishda kuygan joyni suvga tiqib yoki unga suv quyib sovutiladi, biroq suv haddan tashqari sovuq boʻlmasligi kerak. Zararlangan joyni sovutgach, infektsiya tushishi, havo tegishiga yoʻl qoʻymaslik hamda ogʻriqni yengillashtirish uchun toza salfetka oʻraladi.

Pufakchalarni yorish mumkin emas, chunki terining butunligi infektsiya tushishidan saqlaydi. Pufakchalar oʻzi yorilgan boʻlsa, zararlangan joyni jarohatlangandagi kabi, sovunlab yuvib, sterillangan bogʻlam bogʻlanadi.

Uchinchi darajali kuyishda tez yordam chaqiriladi va nafas yoʻllari yoki oʻpka kuyganidan gumon qilinsa, nafas olinishini muntazam kuzatib boriladi. (Nafas yoʻllari kuysa, shishib, jabrlanuvchining nafas olishini qiyinlashtirib kuyishi mumkin). Ikkilamchi koʻzdan kechirishda, kuyganlikni koʻrsatuvchi bironta qoʻshimcha belgi bor-yoʻqligini tekshiriladi. Kuygan joyga hoʻllangan sochiq yoki boshqa bironta mato bosiladi. Bu kompress ustiga suv quyib, uni doim sovuq tutib turiladi. Aks holda darrov isib, qurib qoladi. Uchinchi darajali kuyish shok holatiga olib kelishi mumkin. Agar jabrlanuvchi nafas olishda qiynalmayotgan boʻlsa, undan yotib olishini iltimos qilinadi. Kuyishdan jabrlangan odam, odatda, titraydi. Uning tana haroratini bir xilda tutib turish lozim[1].

Agar kuygan joy katta boʻlsa, butun jarohatlangan joyni birvarakay sovutishga urinmaslik kerak, bu hol jabrlanuvchi tana haroratining umumiy pasayib ketishiga olib kelishi mumkin. Kuygan joyning bir qismini sovutib, qolgan joyiga toza mato yopib qoʻyiladi.

Kimyoviy moddalar ta'sirida kuyishda birinchi yordam koʻrsatish

Kimyoviy moddalar ta'sirida kuyish ishlab chiqarishda ham, uy sharoitida ham roʻy berishi mumkin. Bunday kuyish oqartiruvchi moddalar, suv oqib chiqib ketadigan quvurlar, vanna, hojatxonani tozalash vositalari, boʻyoqni yuvib ketkazuvchi moddalar yoki bogʻdorchilikda ishlatiladigan kimyoviy moddalar ta'sirida yuzaga kelishi mumkin. Kimyoviy modda teriga ta'sir etib turar ekan, kuydirishda davom etaveradi. Shuning uchun bunday modda teriga tushsa, uni darhol bartaraf etish chorasini koʻrish kerak.

Buning uchun:

1. Quruq kimyoviy moddalarni himoyalangan qoʻl bilan teridan sidirib tashlanadi.

2. Kuygan joyni kamida 20 minut davomida sovuq suv quyib yuvib tashlanadi. Yuqori bosimli oqimdan foydalanmaslik kerak, chunki bu kuygan teriga yanada koʻproq zarar keltirishi mumkin. Tez yordam yetib kelgunicha kuygan joyni yuvish davom ettiriladi.

3. Jabrlanuvchidan kimyoviy modda tekkan kiyimini yechishni iltimos qilinadi.

4. Koʻzga kimyoviy modda tushgan boʻlsa, 20 minut davomida yoki tez yordam yetib kelguniga qadar yuvish kerak. Kimyoviy modda sogʻ koʻzga tushmasligi uchun jarohatlangan koʻzni pastroq tutish, zararlangan koʻzni bogʻlab qoʻyish lozim.

Sovuq urishi va uning darajalari.

Past harorat ta'sirida toʻqimalarning shikastlanishiga sovuq urishi deyiladi. Sovuq urishining sabablari turli-tuman va ma'lum sharoitlarda (ortiqcha namlik, tor va hoʻl poyafzal, harakatsiz turish, uzoq vaqtgacha sovuqning ta'sir qilishi, shamol, shikastlangan kishi umumiy ahvolining yomonligi-kasallik, qoq suyak boʻlib oriqlash, mastlik, qon yoʻqotish va hokazo) harorat, hatto noldan yuqori 3-7°C boʻlganda ham sovuq urishi mumkin. Koʻpincha qoʻl-oyoqning distal boʻlimlarini (tanadan uzoq boʻlgan qismi), quloq, burunni sovuq uradi. Sovuq urganda odam avval sovqotadi, keyin bu karaxtlik bilan almashinadi, bunda ogʻriq, soʻngra har qanday sezuvchanlik ham yoʻqoladi. Bunday ogʻriq sezmaslik past harorat ta'siri davom etayotganini bilintirmay qoʻyadi, bu aksari toʻqimalarda tiklanmaydigan jiddiy oʻzgarishlar roʻy berishiga sabab boʻladi.

Ogʻir-yengilligiga va chuqurligiga koʻra sovuq olishning toʻrt darajasi farq qilinadi. Uning darajasini shikastlangan kishini isitishdan keyin, ba'zan bir necha kun oʻtgach aniqlash mumkin.

Sovuq urishining I darajasi terida qon aylanishining buzilishlari bilan xarakterlanadi, lekin bu oʻzgarishlar tiklanadi. Shikastlangan kishining terisi oqarib ketgan, bir oz shishgan, sezuvchanligi keskin pasaygan yoki batamom yoʻqolgan. Isitishdan soʻng teri koʻkimtir-qizil tusga kiradi, shish kamayadi, bunda koʻpincha loʻqillagan ogʻriq boʻladi. Yalligʻlanish (shish, qizillik, ogʻriq bir necha kungacha saqlanib, soʻngra asta-sekin yoʻqoladi. Keyinroq terining poʻst tashlashi va qichishi kuzatiladi. Sovuq urgan soha koʻpincha sovuqqa ojiz boʻlib qoladi.

Sovuq urishining II darajasi teri yuza qatlamlarining nekrozi bilan yuzaga chiqadi. Isitishdan soʻng shikastlangan kishining oqargan terisi toʻq qizil-koʻkimtir tusga kiradi, tezda toʻqimalar shishib rivojlanib, sovuq urgan joy atrofiga ham tarqaladi. Sovuq urgan sohada tiniq yoki oq rangli suyuqlik bilan toʻlgan pufakchalar hosil boʻladi. Shikastlangan sohada qon aylanishi asta-sekin tiklanadi, terida sezuvchanlikning buzilishi uzoq vaqtgacha saqlanib qolishi mumkin, biroq ayni vaqtda birmuncha ogʻriq boʻlishi qayd qilinadi.

Sovuq urishining bu darajasida umumiy hodisalar roʻy beradi: tana harorati koʻtariladi, et junjikadi, ishtaha va uyqu yomonlashadi. Ikkilamchi infektsiya rivojlanmasa, shikastlangan sohada terining nekrozga uchragan yuza qatlamlari granulyatsiya va chandiq hosil qilmay asta-sekin (15-30 kunda) koʻchib tushadi. Bu joydagi teri uzoq vaqtgacha koʻkimtir, sezuvchanligi past boʻlib qoladi.

Sovuq urishining III darajasida qon ta'minotining buzilishi (tomirlar trombozi) terining hamma qavatlari va yumshoq toʻqimalarning har xil chuqurlikda nekrozga uchrashiga olib keladi. Bunda nechogʻli chuqur shikastlanganlik asta-sekin aniqlanadi. Dastlabki kunlari teri nekrozi qayd qilinadi: gemorragik va toʻq qoʻngʻir rangli suyuqlik bilan toʻlgan pufakchalar paydo boʻladi. Terining nekrozga uchragan qismi atrofida yalligʻlangan gardish (demarkatsion chiziq) paydo boʻladi. Chuqur toʻqimalarning shikastlari 3-5 kun oʻtgach, avj olayotgan nam gangrena koʻrinishida aniqlanadi. Toʻqimalarning sezuvchanligi butunlay yoʻqoladi, biroq bemorlar azob beradigan ogʻriqdan nolishadi.

Sovuq urishining bu darajasida umumiy hodisalar bir muncha koʻp yuzaga chiqadi. Intoksikatsiya bemorning qattiq titrab-qaqshashi va terlashi, kayfiyatining buzilishi, atrofdagi hodisalarga befarq qarashida koʻrinadi.

Sovuq urishining IV darajasi toʻqimalarning hamma qatlamlari, jumladan, suyaklarning ham jonsizlanishi bilan xarakterlanadi. Bunday chuqur sovuq urishda tananing shikastlangan qismini isitib boʻlmaydi, u sovuqligicha qoladi va hech narsani sezmaydi. Teri qora suyuqlik bilan toʻlgan pufaklar bilan qoplanadi. Shikastlanish chegarasi asta-sekin aniqlanadi. Roʻy-rost demarkatsion chiziq 10-17 kun oʻtgach paydo boʻladi. Shikastlangan zona tezda qorayadi va quriy boshlaydi (moʻmiyolanadi). Nekrozga uchragan sohaning koʻchib tushish protsessi koʻpga choʻziladi (1—2 oy), jarohat juda sekin bitadi.

Bu davrda bemorning umumiy ahvoli yomonlashadi, organlarda distrofik oʻzgarishlar kuzatiladi. Doimiy ogʻriq va intoksikatsiya bemorni holdan ketkazadi, qon tarkibi oʻzgaradi, bemorlar boshqa kasalliklarga tezda chalinadigan boʻlib qoladilar.

Sovuq urishida birinchi yordam.

Birinchi yordam shikastlangan kishini va ayniqsa tanasining sovuq urgan qismini zudlik bilan isitishdan iborat. Sovuq urgan bemorni imkon boricha issiq xonaga olib kirish kerak. Avvalo, tananing sovuq urgan qismini isitish, unda qon aylanishini tiklash lozim.

Bunga sovuq urgan sohani spirtga hoʻllangan toza qoʻl bilan, ba'zan ancha vaqtgacha massaj qilish yoʻli bilan erishiladi. Terida sezuvchanlik tiklanishi bilan ishqalashni toʻxtatish mumkin. Tananing sovuq urgan qismlarini qor bilan ishqalash mumkin emas, chunki bu sovuq urishini kuchaytiradi, qor zarrachalari esa terini shikastlaydi, bu hol sovuq urgan sohaga infektsiya tushishiga imkon beradi. Terida shish va pufakchalar boʻlganda uni ishqalash va massaj qilish mumkin emas. Bunday hollarda issiq vannalar yordamida isitish lozim. Suv haroratini 20-30 minut ichida asta-sekin 20° dan 40°C gacha oshira borish mumkin. Bunda sovuq urgan joyni sovun bilan kirdan tozalash kerak.

Vannadan va ishqalashdan soʻng shikastlangan sohani quritish (artish), steril bogʻlam bogʻlash va issiq qilib oʻrab-chirmash kerak. Sovuq urgan sohalarga yogʻ va malhamlar surtmaslik kerak, chunki bu keyinchalik ularni birlamchi tozalashni ancha qiyinlashtiradi.

Shikastlangan kishini umuman isitish boʻyicha tadbirlar birinchi yordam koʻrsatishda katta ahamiyatga ega. Bemorlarga issiq kofe, choy, sut beriladi. Sovuq urgan kishini tibbiyot muassasasiga tez yetkazish ham birinchi yordam hisoblanadi. Uni transportda olib borishda yana sovqotishiga yoʻl qoʻymaslik kerak. Butun organizmni qattiq sovuq urganda umumiy muzlash roʻy beradi. Umumiy sovqotish va muzlash kuch-kuvvatini yoʻqotib, yoʻlda adashib qolgan, kasalliklardan tinka-madori qurigan yoki juda oriqlab ketgan kishilarda roʻy beradi. Koʻpincha qattiq mastlik holatida boʻlgan shaxslar muzlab qolishadi.

Umumiy sovqotish avj olayotgan vaqtda avvaliga charchoqlik, karaxtlik, uyquchanlik sezgisi paydo boʻladi. Tana harorati bir necha gradusga pasayganda behushlik holati yuz beradi. Shunday holatda sovuq ta'sirining davom qilishi tezda nafas olish va qon aylanishining toʻxtashiga olib keladi.

4 Sovuq urishida birinchi yordam. Shikastlangan kishini, avvalo, iliq xonaga olib kirish, soʻngra uni isitish chorasini koʻrish lozim. Asta-sekin isitish kerak. Yaxshisi, vannada isitgan ma'qul. Suv xona haroratida boʻlishi kerak. Tananing hamma qismlarini birin-ketin massaj qilinib, suvni asta-sekin 36°C gacha isitiladi. Teri pushti rangga kirgandan va oyoq-qoʻllarning qotib qolishi yoʻqolgandan keyin tiriltirish boʻyicha tadbirlar oʻtkaziladi, sun'iy nafas oldiriladi, yurak massaj qilinadi. Bemor oʻzicha nafas ola boshlagandan va es-hushi joyiga kelgandan soʻng uni karavotga olib yotqiziladi, issiq qilib oʻrab qoʻyiladi, issiq kofe, choy, sut beriladi. Oyoq-qoʻllarning sovuq urganligidan darak beradigan alomatlar boʻlganda tegishli yordam koʻrsatiladi. Shikastlangan kishilarni albatta davolash muassasasiga olib borish kerak. Transportda olib borishda ularnipg qaytadan sovqotmasligi uchun hamma choralarni koʻrish shart.



[1] Rui Manuel da Torre Vieito, Sergio Alexandre Neves Gulmaraes, Advanced Training Manual for First-Aid. Junho 2008.