Forsayt uslublari tahlili. Forsayt loyihalar bu to‘g‘ridan to‘g‘ri istiqbolni bashoratlash emas. Forsayt loyihalarni amalga oshirishda bir qancha uslublardan foydalaniladi. Masalan, Yaponiyada asosan Delfi uslubidan, Germaniya va Buyuk Britaniyada bir qancha uslublarning kombinatsiyasidan foydalanilsa, AQSH hamda Fransiyada kritik texnologiyalarni aniqlash bo‘yicha tajribalar mavjud .
Hozirgi kunda Forsayt tadqiqotlarning 30 dan ortiq metodlari mavjud va ularni quyidagi 3 ta guruhga ajratish mumkin:
1. Sifatni baholash metodlari: retronolyatsiya, aqliy hujum, fuqarolik paneli, anjuman va seminarlar, esse (ssenariy) yozish, ekspert paneli, bashoratlash, intervyu, adabiyotlar tahlili, morfologik tahlil, maqsadlar daraxti tuzish (mantiqiy sxema), rolli o‘yinlar, ssenariy, teskari ssenariy, ilmiy fantastika, simulyatsiyali o‘yinlar, tekshirish, SWOT-tahlil, zaif signallar (djokerlar);
2.Soniy baholash metodlari: benchmarking, bibliometriya, indikatorlar (vaqtinchalik qatorlarni tahlil etish), modellashtirish, patentlar tahlili, an’analar ekstrapolyatsiyasi (narsa va hodisaning bir qismini kuzatish asosida olingan natijalarni uning boshqa qismiga yoyish yoki tadbiq etish).
3. Aralash uslublar: tarkibiy tahlil, delfi, asosiy istiqbolli (kritik) texnologiyalar, manbalar sharhi, global trendlar tahlili, soniy ssenariya yaratish, yo‘l xaritasi, manfaatli tomonlar fikri tahlili, o‘zaro ta’sir tahlili, manbalarni skanirlash, sinov, kelajakni bashoratlash, o‘yinlar, global trendlar tahlili, modellashtirish, simulyatsiya, multikriterial tahlil, kelajak yashigi va boshqalar.
Forsayt prinsiplari va uslublarini yaqqol tasavvur qilish uchun yangi innovatsion pedagogik texnologiya “Mental kartalar” dan foydalanmiz.
Mental kartalar (mayndmepping, mindmapping) – hodisa, jarayon, predmetlar to‘g‘risida va yangi g‘oya haqida fikr bildirishning qulay va samarali vizual usuli hisoblanadi. Undan yangi innovatsion g‘oyalarni aniq ketma-ketlikda tuzishda, g‘oyalarni kichik hajmda qayd etishda, ma’lumotlarni tahlil qilish va tasniflashda, muammo bo‘yicha qabul qilingan qarorlarni tartibga solishda foydalanish mumkin. Bu usul an’anaviy usulga nisbatan uncha ko‘p tarqalmagan, lekin fikrni yozma bayon qilishning eng qisqa va tushunarli yo‘li sifatida qabul qilingan .
Mental kartalar (aql, intellekt kartalari), yangi innovatsion pedagogik texnologiya hisoblanib, berilayotgan axborot (mavzu) bo‘yicha mustaqil fikrlash (o‘ylash), talabalarda o‘z fikrini mustaqil ifoda etish, ilmiy-ijodiy fikrlab yangi g‘oyalar bilan boyitish qobiliyatlarini shakllantiradi.
Forsaytdan foydalanishning sifat va samaradorligining asosiy sharti qanday uslubdan foydalanish bilan belgilanadi. Forsayt metodlarini tanlashda asosan quyidagi omillar hisobga olinishi zarur:
Resurlarning mavjudligi, birinchi navbatda va moliyaviy mablag‘lar mavjudligi.
Erishish lozim bo‘lgan natija.
Forsayt tadqiqotlarni amalga oshirish bo‘yicha homiylar
Forsayt tadqiqot amalga oshiriladagan iqtisodiyot sohasining xususiyatlari
Malakali ekspertlar guruhi
Loyihani siyosiy qo‘llab quvvatlanish omillarini mavjudligi (loyiha mavzusi va mazmunini davlat dasturlariga mos kelishi)
Har qanday forsayt tadqiqotlar yoki dasturlar bir necha uslublar kombinatsiyasini hamda boshlang‘ich axborot manbalarini talab etadi.
Forsayt metodlari R. Popper (2006) tasnifiga mos holda yuqorida ta’kidlanganidek 3 guruhga (sifat, soniy va aralash) bo‘linib, sifat ko‘rsatkichlarni aniqlash metodlariga 17 ta, soniy ko‘rsatkichlarni aniqlash metodlariga 6 ta va aralash metodlarga 10 ta metodlar kiritilgan. Xorijiy davlatlar forsayt loyihalari va dasturlarida ko‘pchilik hollarda ekspert paneli, ssenariylar yaratish, Delfi, aqliy hujum, trendlar ekstrapolyatsiyasi, texnologik yo‘l xaritalari ishlab chiqish kabi metodlardan foydalanilgan.
Ekspertlar paneli metodi deyarli barcha forsayt loyihalarda foydalaniladi. Ushbu uslubda dastlab 12-20 mutaxassisdan iborat ekspertlar guruhi shaklllantiriladi va ularga bo‘yicha bir necha oy muhlatda zamonaviy analitik va axborot materiallari hamda innovatsion ishlanmalardan foydalangan holda belgilangan mavzu bo‘yicha kelajak strategiyasini aniqlash topshiriladi. Ekspertlar paneli metodining asosiy afzalliklari: bir necha fan-ta’lim sohalari hamda mutaxassislarining birgalikda faoliyat yurishi; tadqiqot jarayonining barcha bosqichlarida ekspertlarning ishtirok etishi; kuchli isbotlangan dalillar bazasi; innovatsiya poyetnsiali yoki e’tiborga olinmagan tavakkalchilikning ochib berilishi bilan izohlanadi.
Ushbu metodning kamchiliklariga: ekspertlar xatolari (inson omilining ishtiroki); guruhda juda ko‘p sonli ekspertlar ishtirok etishi evaziga natijalarning turlicha bo‘lishi mumkinligi; tadqiqotlar o‘tkazish jarayoni katta mablag‘, mehnat sarfi va resurslar talab etishi bilan belgilanadi.
Ssenariylar metodi kelajakni bashoratlab uning adekvat variantlarini yaratishning eng samarali uslubi hisoblanadi. Bunda kelajak ssenariylarining har biri alohida shart-sharoitlarni hisobga olishi nazarda tutiladi. Ushbu metodning afzalliklariga: hozirda ko‘zga ko‘rinmayotgan krizis holatlarni hisobga olish; real muammo bo‘yicha umumiy tushuncha hosil bo‘lishi; biror iqtisodiyot sohasi yoki xo‘jalik subyektini rivojlanishining obyektiv kelajak variantlarini aniqlanishi; ekspertlarda strategik fikrlashni va jamoada ishlash kompetentliklarini shakllanishi kabi omillar kiradi. Asosiy kamchiliklariga professional ekspertlar guruhini shakllantirish muammosi, subyektivlikning yuqori darajasi, natijalarni yetarli darajada dalillar bilan izohlanmasligi, yuqori mehnat va mablag‘ sarfi kiradi.
Delfi metodi bashoratlash va ekspetizatsiya maqsadida foydalaniladi. Ushbu metod 1953 yilda Gordon va Xelmer tomonidan RAND Corp. (SSHA) kompaniyasida ishlab chiqilgan. Ushbu metod kompleks muammo bo‘yicha asosiy omillarni aniqlash hamda ularning yuzaga kelish ehtimoli, oqibatlari va samradorligini baholash yuzasidan o‘tkaziladigan forsayt tadqiqotlarda ishlatiladi. Ushbu metodning asosiy afzalligi olinadigan natijaning keng tarmoqli, shaffof va obyektiv bo‘lishi bilan belgilanadi.
Aqliy hujum metodi A. Osborn tomonidan 1953 yilda ishlab chiqilgan.
Bu ekspertlarning ijodiy faolligi asosida muammolarni samarali yechish metodi hisoblanadi. Fikr va g‘oya bildirishdagi erkinlik hamda natijalarning baholanmasligi guruh ishtirokchilarida turli fikr-g‘oyalarning shakllanishiga olib keladi. Bu uslubda asosiy e’tibor sifatga emas, songa qaratildi, ya’ni qancha ko‘p omil to‘planishi maqsad qilib qo‘yiladi. Keyingi bosqichda esa amaliyotda qo‘llash imkoni mavjud bo‘lgan eng samarali g‘oya ajratib olinadi. Bu yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asosiy tavakalchiliklarni aniqlash, ularni hal etishning bir necha variantlarini ishlab chiqish hamda uzoq muddatli alternativ strategiyalarni shakllantirishga yordam beradi. Aqliy hujam uncha ko‘p moliyaviy xarajatlar talab etmaydi va bashoratlashning ishonchli va aprobatsiyadan o‘tgan metodi hisoblanadi. Lekin, bashoratlashda faqat ushbu metoddan foydalanilsa to‘liq yaxshi natija olish mumkin bo‘lmaydi.
Trendlar ekstrapolyatsiyasi metodi hodisa va jarayonlarning bir sohasini ilmiy tadqiqot qilgan holda boshqa sohasi bo‘yicha xulosalar chiqarishga asoslanadi. Ushbu metodda asosan o‘tgan davrlardagi hodislarni kelajakda rivojlantirish orqali xulosalar olinadi. Ushbu metodning afzalligi aniq va yetarli ma’lumotlar mavjud bo‘lganda tezkor va kam mablag‘lar hisobiga natijalarga erishishdir. Kamchiliklariga esa ushbu metod soniy ko‘rsatkichlar asoida amalga oshirishi sababli, ushbu ko‘rsatkichlar ishonchlilik darajasining kamligi, ekstrapolyatsiya natijalari talqinining to‘g‘ri kelmasligi, o‘zgaruvchan va rivojlanuvchi omillar va ularning evolyutsiyasini baholash imkoni yo‘qligi bilan baholanadi.
Texnologik yo‘l xaritalari ishlab chiqish metodi dastlab Motorola kompaniyasi tomonidan 1970 yillarda foydalanilgan. Ushbu metod uzoq muddatli strategik rivojlanishning texnologiyasini ishlab chiqishda foydalaniladi. Ushbu metodning afzalliklariga tahdidlarni, imkoniyatlarni va afzalliklarni hisobga olish imkoniyatining mavjudligi, asosiy omillarni strategik reja ketma-ketligi asosida birlashtirish mumkinligi kiradi. Natijada ishlab chiqilgan yo‘l xaritasi sohaning eng “nozik” tomonlarini aniqlashga, innovatsiyalarni investitsiyalashda, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalar ishlab chiqishda, kadrlar siyosatida qaysi sohalar imtiyozli va birlamchi bo‘lishini aniqlashga imkoniyat yaratadi. Kamchiliklarini katta mablag‘ va resurslar kerakligi, ekspertlarni yo‘l xaritalari ishlab chiqish bo‘yicha katta tajriba hamda bilimga ega bo‘lishi talab etilishi bilan izohlash mumkin.