Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida Bolalarning dam olishini va sogʻlomlashtirilishini tashkil etish departamenti faoliyati yoʻlga qoʻyildi hamda bolalar oromgohlarini yanada takomillashtirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Qadrli ijodkorlar!
Departament tomonidan Oʻzbekiston Kasaba uyushmalarining 120 yilligiga bagʻishlab joriy yilning avgust oyida Oʻzbekiston oromgohlarining madhiyasini yaratish maqsadida oromgohlar haqida yozilgan “Eng yaxshi sheʼr” tanlovi eʼlon qilinganini maʼlum qilamiz.
Tanlovga yuboriladigan sheʼrlar mazmuni quyidagi mezon talablariga mos kelishi lozim:
– yosh avlodni ham maʼnan, ham jismonan ulgʻayishi uchun mamlakatimizda bolalarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish hamda ularga har tomonlama qaratilayotgan eʼtibor, yaratilayotgan shart-sharoit va imkoniyatlar tarannumi;
– mustaqil, tinch-osoyishta diyorda ozod va hur avlodning huzur-halovatda xotirjam dam olayotganini xalqchil ifoda etish;
– bolalarning boʻsh vaqtlarini maroqli oʻtkazishlari boʻyicha olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlarni badiiy tasvirlash.
Departamentning hududiy boshqarmalari, hududiy Yozuvchilar uyushmasi, Oliy ta’lim muassasalari, Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari bilan hamkorlikda nizom va videoroliklarni she’r yozadigan ijodkorlarga yetkazish bo‘yicha ishchi guruh shakllantirib targ‘ibot va tashviqot ishlarini amalga oshiradi.
Tanlovga yuborilgan ijodiy ish (sheʼr)lar joriy yilning 10-avgustidan 25-avgustiga qadar “Oʻzbekiston oromgohlari” telegram kanalining @Oromgohlar_uzb_bot manzilida qabul qilinadi hamda Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi aʼzolaridan iborat hakamlar hay'ati tomonidan koʻrib chiqiladi.
Hakamlar hayʼati tasdigʻidan oʻtib, saralangan sheʼrlar alohida kitob holida chop qilinadi.
Diqqat qiling!
Mutlaq gʻolib deb topilgan sheʼr muallifi 10 million soʻm pul mukofoti bilan taqdirlanadi va mazkur she'r asosida yaratilgan "Oromgoh madhiyasi" respublikamizning taniqli sanʼatkorlari tomonidan kuyga solinib ijro etiladi.
Hurmatli ijodkorlar!
Farzandlarimizning ertasi bugunidan yaxshiroq va porloq bo'lishi yoʻlida qilinayotgan xayrli tashabbuslarga befarq boʻlmasdan siz ham ushbu tanlovda oʻz ijodiy ishlaringiz bilan faol ishtirok eting!
Ma'lumot uchun tel: ☎️+998 94 787 88 18
Bizning rasmiy sahifamiz