VAZ-ZORIYOT SURASI 

Zoriyot - haydovchilar demakdir. Ya'ni, bulutlarni haydab yuruvchi shamollar. Alloh shu so'z bilan qasamyod etgani sababli suraning o'zidan olib unga nom etib qo'yilgan. Surada oxiratda ro'y beradigan voqealardan Alloh taolo O'z bandalarini ogoh etib, bu dunyoda ezgu amallarni qilib borishlik bilan unga hozirlik ko'rish lozimligi ta'kidlanadi. Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Qasamyod etaman (bulutlarni) haydab yuruvchi (shamol)larga, 2. yuk (yomg'ir) tashuvchi (bulut)larga, 3. (suv yuzida) yengil suzuvchi (kema)larga 4. va (Alloh buyurgan) ish(lar)ni taqsimlovchi (farishta)largaki, 5. sizlarga va'da qilinayotgan narsa (qayta tirilish), shubhasiz, rostdir 6. va albatta, (Qiyomat kunida hisob-kitob qilingandan keyin) jazo (va mukofot) ham voqe bo'luvchidir! 7. (Yulduzlar harakat qiladigan) yo'llar egasi bo'lmish osmonga qasamki, 8. albatta, sizlar (ushbu Payg'ambar xususida) qarama-qarshi so'z uzradirsizlar! 9. Undan (Qur'ondan va Payg'ambardan) burilgan (baxtsiz) kimsa og'ib ketur. 10. (O'sha) yolg'onchilarga o'lim! 11. Ular (jaholat) girdobida adashib yuruvchi kimsalardir. 12. (Ular) jazo (qiyomat) kuni qachon bo'lishini so'rarlar. 13. (U Kun) ular do'zaxda sinaladigan Kundir. 14. (O'shanda ularga aytilur): "Sinovingizni totinglar! Sizlar (dunyodalik paytingizda) shoshtirgan narsa mana shudir!" 15. Albatta, taqvodorlar jannatlar va buloqlar uzra bo'lurlar. 16. Parvardigorlari ularga ato etgan narsalarni (mukofotlarni) olgan hollarida (bo'lurlar). Zero, ular bundan ilgari (dunyoda) ezgu ishlarni qiluvchi edilar. 17. (Ular) tunning ozgina (qismidagina) uxlar edilar. 18. Saharlarda ular (Allohdan) mag'firat so'rar edilar. 19. Ularning mol-mulklarida soil va mahrum (muhtoj) kishilar uchun (ajratilgan) haq (ulush) bo'lar edi. 20. (Ey, insonlar,) yerda ishonuvchilar uchun alomatlar bordir. 21. O'zlaringizda ham. Axir, ko'rmaysizlarmi?!  22. Osmonda esa sizlarning rizqlaringiz (yomg'ir) va sizlarga va'da qilinayotgan narsa (jannat) bordir. 23. Bas, osmon va Yerning Parvardigoriga qasamki, albatta, u (va'da) xuddi sizlarning so'zlashingiz kabi (haq va rost)dir! 24. (Ey, Muhammad,) Sizga Ibrohimning aziz mehmonlari haqidagi xabar keldimi? 25. O'shanda ular (Ibrohim) huzuriga kirib: "Salom", - deyishganda, u ham: "Salom. (Bular) notanish qavm-ku", - dedi. . 26. So'ngra u asta oilasi oldiga chiqib, bir semiz buzoqni (so'yib, pishirib) keltirdi. 27. Uni ularga yaqin qilib, "(Taomdan) yemaysizlarmi?" - dedi. 28. (Lekin ovqatga qo'l cho'zishmagach,) ulardan xavfsiray boshladi. (Shunda) ular: "Qo'rqmagin. (Biz farishtalar taom yemaymiz)", - dedilar va (Ibrohimga) bir dono o'g'il (tug'ilishi) xushxabarini berdilar. 29. Shunda (Ibrohimning) xotini qichqirgancha keldida, (ajablanganidan) o'zining yuziga urib: "(Axir, men) tug'mas kampir(man)ku!" - dedi. 30. Ular aytdilar: "Parvardigoring mana shunday, dedi. Albatta, Uning O'zi hikmat va bilim sohibidir". 31. (Ibrohim) dedi: "Ey, elchilar, yumushlaringiz nedir?" 32. Aytdilar: "Bizlar bir jinoyatchi qavmga (Lut qavmiga) yuborildik. 33. Loy sopolidan qilingan toshni ular uzra yog'dirishimiz kerak. 34. Parvardigoring nazdida haddan oshuvchi kimsalar uchun (har bir toshga) belgi qo'yilgan (nomlari yozib qo'yilgan). " 35. Bas, Biz u joydagi mo''minlardan bo'lmish kishilarni chiqarib yubordik. 36. U joyda bir xonadondan (Lut xonadonidan) o'zga musulmonlarni topmadik. 37.Biz (kofirlarni halok qilganimizdan so'ng) alamli azobdan qo'rqadigan zotlar uchun u joyda alomat qoldirdik. 38. Muso (qissasi)da ham (ibrat bordir). Eslang, Biz uni aniq hujjat bilan Fir'avn oldiga yuborgan edik. 39. U o'z arkoni (davlati)ga suyanib, imon keltirishdan yuz o'girdi va: "(Muso) sehrgar yoki majnun", - dedi. 40. Bas, Biz uni ham, qo'shinlarini ham ushlab, ularni dengizga otdik (g'arq qilib yubordik). U malomatga loyiqdir.  41. Od (qabilasi qissasi)da ham (ibrat bordir). Qaysiki, Biz ularning ustiga yaxlit (foydasiz) bo'ronni yuborgan edik. 42. U (bo'ron) nimaning ustidan o'tsa, albatta, uni (halok etib), xuddi chirigan suyaklardek qilib qo'yar edi. 43. Samud (qabilasining qissasi)da ham (ibrat bordir). Qaysiki, ularga (man etilgan tuyani so'yib yuborganlarida) "bir vaqtgacha (ya'ni, uch kungacha tiriklik ne'matidan) bahramand bo'lingiz", - deyilgan edi. 44. Bas, ular Parvardigorning amri (itoati)dan kibr qilishgach, qarab turgan hollarida ularni chaqmoq urdi. 45. Bas, ular (qochish uchun o'rinlaridan) turishga ham qodir bo'lmadilar va (hech kim tomonidan) yordam beriluvchi ham bo'lmadilar. 46. (Mazkur qavmlardan) oldin Nuh qavmini ham (halok qilgandirmiz). Chunki, ular fosiq (itoatsiz) qavm edilar. 47. Osmonni Biz "qo'llar" bilan barpo etdik. Darhaqiqat, Biz qudratlidirmiz. 48. Yerni esa (yoyib) to'shab qo'ydik. Bas, (Biz) naqadar yaxshi yoyuvchidirmiz! 49. Sizlar eslatma olishlaringiz uchun Biz har bir narsani juft-juft qilib yaratdik. 50. (Ey, Muhammad, ularga ayting): "Bas, Allohga (imon keltirish uchun) qochinglar! Albatta, men sizlar uchun U zot(ning azobi)dan aniq ogohlantiruvchidirman. 51. Alloh bilan birga yana boshqa iloh bor, demanglar! Albatta, men sizlar uchun U(ning azobi)dan anig' ogohlantiruvchidirman". 52. Xuddi shuningdek, ulardan (Makka mushriklaridan) avvalgi (kofir)larga (biror) payg'ambar kelsa, ular ham, albatta, uni sehrgar yoki majnun, der edilar. 53. Ular o'sha (so'z)ni bir-birlariga vasiyat qilib qoldirganmilar? Yo'q! Ular tug'yonga ketgan qavmlardirlar! 54. Bas, (ey, Muhammad,) Siz ulardan yuz o'giring! Endi Siz malomat qilinuvchi emassiz. 55. Eslating! Zero, eslatma mo'minlarga manfaat etkazur. 56. Men jin va insni faqat O'zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim. 57. Men ulardan biror rizq istamasman va ular Meni taomlantirishini ham istamasman. 58. Zero, Allohning O'zi (barcha xaloyiqqa) rizq beruvchi, quvvat sohibi va qudratlidir. 59. Bas, zolim (kofir)lar uchun, shubhasiz, xuddi (ilgari o'tgan kofir) do'stlarining nasibalari kabi (azobdan) nasiba bordir. Bas, ular Meni(ng azobimni) qistamay qo'ya qolsinlar! 60. Bas, kofir bo'lgan kimsalarga va'da quilinayotgan Kunlarida ularning hollariga voy!