TAHRIM SURASI
Tahrim - harom qilish, taqiqlash. Surada Payg'ambar (a. s.) bilan mankuhalar o'rtalarida o'tgan ba'zi mojarolar, oila va farzand tarbiyasi, tavbaga targ'ib va nihoyat, Nuh va Lut (a. s.)lardek payg'ambarlarning ayollari kofir bo'lganlari, Fir'avndek kofirning ayoli Osiya va Bibi Maryam bint Imronlar esa mo'mina bo'lganlari bayon etilgan. Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Ey, Payg'ambar, nega xotinlaringizning roziligini istab, Alloh Siz uchun halol qilgan narsani harom qilib olursiz! Alloh mag'firatli va rahmlidir. Izoh: Payg'ambar (a. s.) bir kuni Zaynab bint Jahsh ismli xotinlari huzurida asal iste'mol qilib biroz qolib ketadilar. Buni payqagan boshqa xotinlari - Oysha bilan Hafsa onalarimizning rashklari kelib, o'zaro kelishib oladilar va On hazrat chiqishlari bilan: "Og'zingizdan badbo'y hid kelmoqda, nima yedingiz?" deydilar. Badbo'y hidni yoqtirmaydigan Payg'ambar (a. s.) biroz qizishib: "Asal yegandim" - deb, bundan keyin asal yemaslikka qasamyod qiladilar. (Imom al-Buxoriy rivoyati). 2. Darvoqe, Alloh sizlar uchun (ma'lum miqdorda kafforat - jarima to'lab) qasamlaringizni halollab olishni farz qilgan. Alloh xojalaringizdir. U biluvchi va hikmat sohibidir. 3. Payg'ambar xotinlaridan biriga (Hafsaga) bir gapni (cho'risi Moriya talog'i va xalifalikni) xufyona aytganini eslang! Bas, qachonki, (Hafsa) u (sir) haqida (Oishaga) xabar bergach, Alloh uni bundan voqif qildi va u (Hafsaga o'zi bilgan narsaning) ba'zisini bildirdi va ba'zisidan yuz o'girdi (bildirmadi). Bas, qachonki, (Payg'ambar Hafsaga) xabarni aytgach, u: "Kim Sizga bu xabarni berdi?" - dedi, (payg'ambar): "Menga biluvchi va xabardor zot (Alloh) xabar berdi", - dedi. 4. (Ey, Hafsa va Oisha,) agar sizlar Allohga tavba qilsangizlar (o'zlaringizga yaxshi). Chunki dillaringiz (haq yo'ldan) toyib ketdi! (Ammo) agar sizlar uning (Payg'ambarning) zarariga hamkorlik qilsangizlar, u holda, shubhasiz, Allohning O'zi ham, Jabroil ham, ahli solih mo'minlar ham uning himoyachisidirlar. Yana, bulardan keyin farishtalar ham (Payg'ambarga) yordamchidir. 5. (Uning) Parvardigori - agar u sizlarni taloq qilsa - unga sizlardan yaxshiroq juftlarni - muslima, mo'mina (Alloh va Uning payg'ambariga) itoat etuvchi, tavba-tazarru qiluvchi, obida, (mudom Allohning yo'lida) yuruvchi juvon va qizlarni almashtirib berishi mumkin. 6. Ey, imon keltirganlar, o'zlaringizni va oila a'zolaringizni yoqilg'isi odamlar va toshlar bo'lmish do'zaxdan saqlangizki, unda daqal va qattiqqo'l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (tururlar). 7. Ey, kufrda bo'lganlar, bugun uzr aytmay qo'ya qolinglar! Sizlar faqat o'zlaringiz qilib o'tgan amallaringiz bilan jazolanursizlar. 8. Ey, imon keltirganlar, Allohga chin tavba qilinglar, shoyadki, Rabbingiz sizlarning yomonlik (gunoh)laringizni o'chirib, ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga kiritsa! U Kunda Alloh payg'ambarni va u bilan birga imon keltirganlarni sharmsor qilmas. Ularning nurlari oldilarida va o'ng tomonlarida yurar. Ular: "Ey, Rabbimiz, O'zing bizlarga nurimizni komil qilib bergin va bizlarni mag'firat etgin. Albatta, Sen har narsaga qodirdirsan", - derlar. 9. Ey, Payg'ambar, kofir va munofiqlarga qarshi kurashing va ularga qattiqqo'l bo'ling! Ularning joylari jahannamdir! Naqadar mudhish qismat bu! Izoh: Kufr va nifoq ahliga nisbatan munosabatning bu qadar salbiylashuviga ularning o'zlari sabab bo'lgani haqida Tavba surasi, 73-oyat izohida aytib o'tildi. 10. Alloh kofir bo'lgan kimsalar haqida Nuhning xotini va Lutning xotinini misol keltirdi. U ikkisi Bizning bandalarimizdan ikki solih banda (qo'l) ostida edilar. Bas, u (ayol)lar ularga xiyonat qildilar. (Nuh va Lut) Alloh(ning azobi)dan biror narsani u ikkisidan daf qila olmadilar. (Ularga): "Kiruvchilar bilan birga do'zaxga kiringlar!" - deyildi. Izoh: Ya'ni, shunday ulug' payg'ambarlar bilan birga turmush qurib, doimo hamsuhbat bo'lishlariga qaramay ularning xotinlari yovuzliklaricha qoldilar va Allohning qahriga duchor bo'ldilar. 11. Alloh imon keltirgan zotlar haqida Fir'avnning xotinini misol keltirdi. O'shanda u: "Ey, Rabbim, O'zing men uchun huzuringda (jannatda) bir uy bino qilgin, menga Fir'avn va uning qilmishidan najot bergin. Meni zolimlar qavmidan xalos etgin!" - dedi. 12. Yana o'z nomusini saqlagan ayol - Maryam bint Imronni (misol keltirdi). Bas, Biz O'z ruhimizdan unga pufladik (va u Isoga homilador bo'ldi). U Parvordigorining so'zlarini va kitoblarini tasdiq etdi hamda (Allohning amriga) itoat etuvchilardan bo'ldi.