AN’OM SURASI
An'om - chorva mollari. Ular haqida bir necha oyatlar bo'lgani uchun sura shu nom bilan nomlangan. Surada Islom aqidasi asoslari, shariat ahkomlari, oilaviy masalalar, jihod ahkomlari, g'ayridinlarga doir ko'rsatmalar, qiyomat, oxirat, payg'ambarlar, dunyo va hayot mohiyatiga taalluqi ma'lumotlar o'z ifodasini topgan. Sura to'laligicha Makkada nozil qilingan. Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. Hamd osmonlar va Yerni yaratgan, zulmatlar va nurni paydo etgan Allohga (xos)dir. So'ngra kufrga ketganlar Parvardigorlariga (soxta ma'budalarni) tenglashtirmoqdalar. 2. (U) Sizlarni (Odam Atoni) loydan yaratib, so'ngra ajal (muddati)ni hal qilgan zotdir. Belgilangan ajal (qiyomat bo'lish vaqti va boshqa hisoblar) ham Uning huzuridadir. (Shundan) keyin (ham) sizlar shak qilmoqdasizlar. 3. U osmonlarda ham, Yerda ham Allohdir. Sir tutganu oshkor qilgan narsalaringizni bilur. Qilayotgan ishlaringizni (ham) bilur. 4. Ularga (Makka mushriklariga) Parvardigorlarining dalillaridan (qanday bir) dalil kelmasin, (baribir) undan yuz o'giruvchi bo'ldilar. 5. Ularga haqiqat (Qur'on) kelishi bilan uni yolg'onga chiqardilar. Ularga o'zlari mazax qilib yurgan narsa (Qur'on)ning xabarlari tez orada kelib qolur. 6. Ulardan oldin necha avlodni halok etganimizni ko'rmadilarmi?! Ularga Yerda sizlarga bermagan imkoniyatlarni berdik, ustilariga osmon (yomg'ir)ni yog'dirdik va ostilaridan anhorlarni oqizib qo'ydik. So'ngra gunohlari tufayli ularni halok qildik va ulardan keyin boshqa avlodni keltirdik. 7. Bordiyu Sizga (ey, Muhammad,) qog'ozga (yozilgan) bitikni tushirsagu uni qo'llari bilan siypalab ko'rganlarida ham (baribir) kufrga ketganlar: "Bu aniq sehrdan boshqa (narsa) emas", - degan bo'lur edilar. 8. Yana ular: "Unga biror farishta tushsa edi", - dedilar. Agar farishta tushirsak, ish hal bo'lur edi. So'ngra ularga muhlat berib o'tirilmas edi. 9. Bordiyu uni (Payg'ambarni) farishta qilganimizda ham, uni erkak (kishi suratida) qilgan va ularga qorong'u (gumon) bo'lgan narsani (yana) qorong'uligicha qoldirgan bo'lar edik. Izoh: Ya'ni tushirilgan farishtani erkak suratida qilganimizdan keyin ular yana: "bu farishta emas", - deb qaysarlik qilgan bo'lur edilar. 10. Sizdan oldingi payg'ambarlar ham istehzo (mazax) qilingan. So'ngra ularni masxara qilganlarni o'sha mazax qilgan narsalari (ya'ni, haqiqat) qamrab oldi (halok etdi). 11. Ayting: "Yerni sayr qilib (aylanib) chiqinglar. So'ngra (payg'ambarni) yolg'onchiga chiqarganlarning (oxir-)oqibati ne bo'lganini ko'ringlar!" 12. Ayting: "Osmonlar va Yerdagi bor narsa kimniki?" Ayting: "Allohniki". (U) O'ziga rahmatni (bor mavjudotga rahm-shafqat qilishni) yozdi (va'da qildi). Sizlarni, albatta, Qiyomat kuniga jam qilajak. Bunda shak yo'qdir. O'zlariga (nisbatan) ziyonkor bo'lganlar (bunga) imon keltirmaydilar. 13. Kecha va kunduzda sokin turuvchi narsalar (ham) Unikidir. U eshituvchi va biluvchidir. 14. Ayting: "Osmonlaru Yerni ixtiro etgan, (o'zgalarga) yedirib, O'zi yemaydigan - Allohdan o'zgani do'st tutayinmi?!" Ayting: "Darhaqiqat, men musulmonlarning birinchisi bo'lishga buyurildim. Aslo mushriklardan bo'lmangiz! (deb ham)" 15. Ayting: "Albatta, men agar Rabbimga nofarmonlik qilsam, ulug' Kunning azobidan qo'rqaman". 16. O'sha kuni kimdan u (azob) chetlatilsa, demak, (Alloh) unga rahm qilibdi. Bu aniq yutuqdir. 17. Agar Alloh Sizga biror zarar (musibat) yetkazsa, Undan o'zga uni bartaraf etuvchi yo'qdir. Agar Sizga biror xayrlik yetkazsa, (bilingki,) U hamma narsaga qodirdir. 18. Bandalari ustidan U g'olibdir. U hikmatli va xabardordir. 19. Ayting: "Guvohlik bo'yicha qaysi narsa kattaroq?" (Yana o'zingiz) ayting: "Alloh. (U) men bilan sizlarning o'rtamizda guvohdir. Sizlarni va (da'vatim) yetib borganlarni ogohlantirish uchun menga ushbu Qur'on vahiy qilindi. Sizlar haqiqatan ham, Alloh bilan birga boshqa ilohlar (ham) bor, deb guvohlik berasizmi?" Ayting: "(Men) guvohlik bermayman". Ayting: "Darhaqiqat, U yagona ilohdir. Men esa, sizlar keltirayotgan shirkdan bezorman". 20. Biz Kitob bergan (yahudiy va nasroniy)lar uni (Muhammadni) o'z o'g'illarini tanigandek taniydilar. O'zlariga ziyon qilganlargina (unga) imon keltirmaydilar. 21. Alloh (sha'ni)ga yolg'on to'qigan yoki Uning oyatlarini yolg'onga yo'yuvchi kimsadan kim ham zolimroq ekan? Albatta, zolimlar tole topmaslar. 22. Ularning hammasini yig'ib, keyin shirk keltirganlarga Biz: "(Alloh deb) hisoblab yurgan sheriklaring qani?" - deydigan Kunni (eslang!) 23. So'ngra ularning fitnasi ("uzri") faqat: "Rabbimiz - Allohga qasamki, (biz) mushrik bo'lmaganmiz!" - deyishlari bo'lur. 24. O'zlari nomidan yolg'on gapirishlarini va to'qib yurgan (soxta ma'bud)larning ulardan yo'qolib ketganini ko'ring! 25. Ular ichida (Qur'on o'qiganingizda) Sizga quloq soladiganlari ham bor. Uni fahmlamasliklari uchun qalblariga parda, quloqlariga og'irlik (paydo) qildik. Har (turli) mo''jizani ko'rsalar (ham) unga ishonmaydilar. Hattoki, Siz bilan bahslashgani huzuringizga kelganlarida, kufrga ketganlar: "Bu avvalgilardan qolgan afsonalardan boshqa narsa emas", - deydilar. 26. Ular undan (Islomdan) qaytaradilar va undan (o'zlari ham) uzoqlashadilar. Sezmagan hollarida faqat o'zlarinigina halok qiladilar. 27. Do'zax uzra to'xtatib qo'yilganda, "Oh, koshki edi (dunyoga) qaytarilsak, Rabbimiz oyatlarini yolg'onga chiqarmay, mo'minlardan bo'lsak", - deganlarini ko'rganingizda edi! 28. Yo'q! Ularga oldindan yashirib yurgan (sir)lari fosh bo'lib qoldi. Bordiyu (dunyoga) qaytarilsalar ham, (yana o'sha) taqiqlangan narsalarga qaytgan bo'lur edilar. Ular, haqiqatan, yolg'onchilardir! 29. Yana: "Shu dunyo hayotidan boshqa hech narsa yo'q. Biz (qayta) tiriltiriluvchi emasmiz", - degan bo'lur edilar. 30. Parvardigorlari huzuriga turg'izib qo'yilganlarida (Alloh): "Shu (qayta tirilish) haq emas ekanmi?" - deganida, (ular): "Rabbimiz haqqi, yo'q! (haq ekan!)" - deganlarini, (Alloh): "Kufrda bo'lganingiz sababli shu azobni totingizlar!" - deyishini ko'rsangiz edi! 31. Daf'atan qiyomat kelib qolganda, gunohlarini orqalariga ortgan hollarida: "YO hasrato, unda (yorug' dunyoda) qosirlik qilgan ekanmiz", - deb aytadigan paytlariga qadar Allohga yo'liqishni yolg'onga chiqarganlar ziyon ko'radilar. Qarang, qanday yomon narsani orqalaydilar! 32. Bu dunyo hayoti faqat behuda o'yin-kulgidir. Taqvolilar uchun esa oxirat diyori yaxshidir. Aql yuritmaysizlarmi?! 33. Aytgan gaplari Sizni ma'yus (xafa) qilayotganini yaxshi bilurmiz. Ular, aslida, Sizni yolg'onchiga chiqarmayaptilar, balki (bu) zolimlar Allohning oyatlarini inkor etayotirlar. 34. Sizdan oldingi payg'ambarlar ham yolg'onchiga chiqarilganlar. To ularga Bizning yordamimiz kelgunga qadar yolg'onchiga chiqarilganlariga va berilgan aziyatlarga sabr qildilar. Allohning so'zlari (va'dalari)ni o'zgartiruvchi (kuch) yo'qdir. Sizga payg'ambarlar xabaridan (qisman) keldi. 35. Agar ularning e'tirozlari Sizga og'ir botayotgan bo'lsa, Yerga teshik yoki osmonga narvon izlab (bo'lsa ham) ularga biror mo''jiza keltira olsangiz (edi). Agar Alloh istaganda edi, ularni hidoyat uzra jam qilgan bo'lur edi. Bas, (buning hikmatini bilmaydigan) johillardan bo'lmang! Izoh: Ularning imondan yuz o'gi rishlari Payg'ambar (a. s.)ga og'ir botganda, nima qilishlarini bilmay qolar edilar. Oyatdagi ibora o'zbekchadagi "yer qattiq, osmon uzoq" iborasiga o'xshab ketadi. Ikkinchi ma'nosi - mo''jiza sifatida yerni teshish yoki osmonga ko'tarilish bilan ularni lol qoldirib, hidoyat yo'liga kiritmoqchi bo'lishlaridir. 36. Albatta, eshitadiganlar (da'vatingizni) qabul qilurlar. O'liklarni esa, Alloh tiriltirur. So'ngra Uning huzuriga qaytarilurlar. Izoh: O'liklar - kofirlar. Ya'ni ular bu dunyoda eshitmaslar. Ularni Alloh taolo tiriltirgan kuni (oxiratda) eshitishga majbur bo'lurlar. 37. Aytdilar: "Unga Rabbidan biror mo''jiza tushirilsa edi". Ayting: "Albatta, Alloh mo''jiza tushirishga qodirdir. Lekin, ularning aksariyati (buning oqibatini) bilmaydilar". 38. Yerdagi biror jonivor va biror ikki qanoti bilan uchadigan parranda yo'qki, (ular ham) sizlar kabi ummatlar bo'lmasalar. Kitobda (Lavhul-Mahfuzda) biror narsani (yozmasdan) qoldirmaganmiz. So'ngra (hamma ummatlar) Parvardigorlari (huzuri)ga jamlanurlar. 39. Bizning oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlar zulmatlar ichidagi kar va soqovdirlar. Alloh xohlagan kishini adashtirur va xohlagan kishini to'g'ri yo'l uzra (sobit) qilur. 40. Ayting: "Agar rostgo'y bo'lsangiz, o'yladingizmi, agar sizlarga Allohning azobi kelsa yoki sizlarga qiyomat kelsa, Allohdan o'zgaga iltijo qilgan bo'larmidingiz?" 41. Yo'q! Uning o'zigagina iltijo qilgan bo'lardingiz. U esa, xohlasa, so'ragan narsangiz (balo)ni daf etar edi. (Bunday holatda) keltirib yurgan shirklaringni unutasizlar. 42. Sizdan oldingi ummatlarga ham (payg'ambarlar) yuborganmiz. Keyin zora (tavba-tazarru) qilsalar deb, ularni balo va ofatlarga duchor qilganmiz. Izoh: Ya'ni ularni qahatchilik, ochlik, kasallik, o'lim, faqirlik kabi musibatlar bilan sinaganmiz. 43. Ularga Bizning balomiz kelganda, (tavba-)tazarru qilsalar bo'lmasmidi?! Lekin, dillari qotdi va shayton ularga qilib yurgan ishlarini ziynatli qilib ko'rsatdi. 44. (Ular) eslatilgan narsa (sinovlar)ni unutganlarida ularga har narsaning eshiklarini ochib qo'ydik. Toki ularga berilgan narsa (nozu ne'mat)lar bilan shodu xurram bo'lib turganlarida, ularni birdan zabt etdik. Bas, ular (endi) noumiddirlar. 45. Zulm qilganlar qavmining dumi qirqildi, alhamdu lillohi Rabbil-olamin! 46. Ayting: "(O'ylab) ko'rdingizmi, bordiyu Alloh quloq va ko'zlaringizni olib qo'ysa va dillaringizni muhrlab qo'ysa, Allohdan boshqa uni (qayta joyiga) keltiradigan iloh kim ekan?" Oyatlarni qanday tasarruf qilayotganimizga, so'ngra ularning yuz o'girib ketishlariga (bir) boqing! 47. Ayting: "O'zlaringni (bir o'ylab) ko'rdilaringmi - agar Allohning azobi birdaniga yoki oshkora kelsa, zolimlar qavmidan boshqasi halok qilinarmidi?!" 48. Biz elchi (payg'ambar)larni faqat (odamlarga) xushxabar eltuvchi va ogohlantiruvchilar sifatida yuborurmiz. Kimki imon keltirib, (xatolarini) tuzatsa, u (kabi)larga xavf ham yo'q va ular tashvish ham chekmaydilar. 49. Oyatlarimizni yolg'onga chiqaruvchilarga esa, buzg'unchilik qilganlari sababli azob yetar. 50. Ayting: "Sizlarga, huzurimda Allohning xazinalari bor ham demayman va g'aybni ham bilmayman. Shuningdek, sizlarga: "Men farishtaman" ham demayman. Men faqat, menga vahiy qilingan narsalargagina ergashaman". Ayting: "Ko'r bilan ko'ruvchi teng bo'ladimi? Fikr yuritmaysizlarmi?" 51. Ular uchun Allohdan boshqa do'st ham, oqlovchi ham bo'lmagan holda Parvardigorlari huzuriga jam bo'lishlaridan qo'rqadiganlarni u (vahiy) bilan ogohlantiring, zora taqvoli bo'lsalar! 52. Ertayu kech (doimo) Parvardigorlarining "yuzi"ni istab, Unga duo (ibodat) qilayotganlarni (huzuringizdan) haydamang! Siz ularning (ishlari) hisobotidan biror narsaga (mas'ul) emassiz. Ular (ham) Sizning (ishlaringiz) hisobotidan biror narsaga (mas'ul) emaslar. Ularni haydab, zolimlardan bo'lib qolmang! Izoh: Ulardan murod bu yerda Bilol, Suhayb, Ammor, Xabbob kabi holati nochor, zaif musulmonlardir. Makka zodagonlari Muhammad (a. s.)dan ularni huzuringdan haydab yuborsang, biz sen bilan gaplashamiz, yoningda past martabali qullar o'tirishidan biz or qilamiz der edilar. 53. "Bizlarning ichimizdan (kelib-kelib) Alloh o'shalarga ne'mat ato etibdimi?!" - deyishlari uchun ularning ba'zilarini ba'zilari bilan ana shunday imtihon qildik. Shukr qiluvchilar (kim ekani)ni Alloh biluvchiroq emasmi?! 54. Huzuringizga oyatlarimizga imon keltirayotganlar kelganlarida, ayting: "Sizlarga salom (salomatlik)! Rabbingiz rahmat (qilish)ni O'ziga yozdi: sizlardan kimki johillikda yomonlik (gunoh ish) qilgan bo'lib, so'ngra o'sha (gunohi)dan keyin tavba qilib, (o'zini) isloh etsa, bas, albatta, U kechirimli va rahmlidir". 55. Ana shunday (uslubda) oyatlarimizni batafsil (bayon) qilurmiz va gunohkorlar yo'li oydinlashishi uchun ham (bayon qilurmiz). 56. Ayting: "Men Allohni qo'yib, sizlar sig'inayotgan (ma'buda)larga ibodat qilishligimdan qaytarilganman". Ayting: "Sizlarning xohishlaringizga ergashmayman. Zero, unda men adashgan bo'lib, hidoyat topganlardan bo'lmay qolurman". 57. Ayting: "Men Rabbimdan (kelmish) hujjat uzradirman. Sizlar (esa) uni yolg'onga chiqardingiz. Sizlar qistayotgan (azob) mening huzurim (ixtiyorim)da emas*. Hukm Allohdan o'zganiki emas. (U) haq (narsa)ni bayon qilur. U ajrim etuvchilarning yaxshisidir". Izoh: Ular qistab so'rayotgan narsalari: "Agar haq payg'ambar bo'lsang, Rabbingdan so'ra ustimizga osmondan tosh yog'dirsin!" - degan talablaridir. 58. Ayting: "Agar sizlar qistayotgan narsa mening huzurimda bo'lganda edi, men bilan sizlar o'rtamizdagi ish (allaqachon) hal bo'lgan bo'lur edi. Alloh zolimlarni yaxshi biluvchidir". 59. G'ayb (yashirin ishlar) kalitlari Uning huzuridadir. Ularni Undan o'zga bilmas. Yana, quruqlik va dengizdagi narsalarni (ham) bilur. Biror yaproq (uzilib) tushsa (ham) uni bilur. Yer zulmatlari (qa'ri)dagi urug' bo'lmasin, ho'lu quruq bo'lmasin, (hammasi) aniq Kitob (Lavhul-Mahfuz)da (yozilgan)dir. 60. U tunda sizlarni "vafot ettiradigan" (uxlatib ruhingiz ixtiyorini oladigan), kunduzi qilgan ishlaringizni biladigan zotdir. So'ngra belgilangan muhlat ado etilishi uchun unda (kunduzi) sizlarni (yana) "tiriltirur" (o'yg'otur). Keyin Unga qaytishlik (bor). So'ngra sizlarga qilgan ishlaringiz xabarini berur. 61. U bandalari ustidan (barcha ishda) g'olibdir. Ustingizga (savob va gunohlaringizni bitib) saqlovchi (farishtalar)ni yuboradi*. Birortalaringizga o'lim kelgan paytda, uni elchi (farishta)larimiz erinmay (o'z vaqtida) vafot ettirurlar*. Izoh: Saqlovchi farishtalar "kiroman kotibin" deb atalmish maloikalardir. Izoh(a): Elchi farishtalar esa, jon oluvchi maloikalardir. Ularni "malakul-mavt" deyiladi. Jon oluvchi farishtalar haqida yana "Noziot" surasidan o'qing. 62. So'ngra (ular) haqiqiy egalari - Alloh (huzuri)ga qaytarilurlar. Hukm esa Unikidir. U hisoblovchilarning tezkoridir. 63. Ayting: "Quruqlik va dengiz zulmat (dahshat va falokat)laridan - Unga oshkora yolvorib va xufyona: "Agar bizga shu (xatar)dan najot bersa, qasamki, albatta, shukr qiluvchilardan bo'lar edik", - deb duo qilganlaringda, kim sizlarni qutqaradi?" 64. Ayting: "Sizlarni ulardan Alloh qutqaradi. So'ngra sizlar (esa yana) shirk keltiraverasizlar". 65. Ayting: "U sizlarga tepangizdan yoki oyoqlaringiz ostidan azob yuborishga yoxud sizlarni (turli) firqalarga aylantirib, ba'zingizga ba'zilar zararini totdirishga (ham) qudrati yetadigan zotdir". Ko'ring, anglab yetsinlar deb oyatlarni qanday (atroflicha) bayon qilamiz. 66. Qavmingiz uni (Qur'onni yoki azobni) yolg'onga chiqardi. Holbuki, u haq edi. Ayting: "Men sizlarga muakkal (soqchi) emasman. 67. Har bir xabarning qaror topadigan o'rni (va vaqti) bor. Tez fursatda bilursizlar" . 68. Oyatlarimizga (nisbatan mensimaslikka) kirishayotganlarni ko'rsangiz, to boshqa gapga ko'chmagunlarigacha, ulardan yuz o'giring! Agarda shayton yodingizdan chiqarsa, (bu) eslatmadan keyin zolimlar qavmi bilan o'tirmangiz! 69. Taqvo qiluvchilar zimmasida u (zolimlar qavmi nomi)dan hech qanday hisobot (berish) yo'q. Lekin (shu kabilardan) saqlanishlari uchun (bu) eslatmadir. 70. Dinlarini o'yin va behuda narsa qilib olgan va bu dunyo hayoti aldab qo'yganlarni (parvo qilmay) qo'yavering! Har bir jon (o'z) qilmishi sababli halok bo'lishi, Allohdan boshqa hech bir do'st va oqlovchi bo'lmasligi, bor badalni bersa ham undan olinmasligini u (Qur'on) orqali eslating! (O'z) qilmishlari sababli azoblanadiganlar ana o'shalardir. Ular uchun kufrda bo'lganlari tufayli qaynoq suvdan iborat ichimlik va alamli azob (bordir). 71. Ayting: "Allohni qo'yib, bizga foyda ham, zarar ham yetkazmaydigan narsaga iltijo qilamizmi va Alloh bizni hidoyat yo'liga solgandan keyin (yana) ortimizga qaytarilamizmi?! (Unda) xuddi jinlar og'dirib ketgach, yerda hayronlikda yurganda o'rtoqlari: "Bizga kel!" - deb chaqirgan kimsaga o'xshab qolamiz-ku! Ayting: "Allohning hidoyatigina (haqiqiy) hidoyatdir. (Biz esa) butun olamlarning Rabbiga bo'yin sunishga buyurilganmiz". 72. (Bizga yana): "Namozni mukammal ado etingiz va Undan qo'rqingiz! U esa, huzuriga sizlar jam bo'ladigan zotdir" (deb buyurilgan). 73. U osmonlar va Yerni hikmat bilan yaratgan zotdir. "Bo'l!" - degan kuni (istagani) bo'ladi. Uning so'zi haqdir. Sur chalinadigan kuni (ham) hukmronlik faqat Unikidir. Yashirin va oshkora (narsalarni) biluvchidir. U hakim va xabardor zotdir. Izoh: Sur - o'zbekchada surnay. Isrofil (a. s.)ga qiyomat kuni uni ikki bor chalishga amr bo'ladi. Birinchisida Yer yuzasidagi barcha tirik jon o'ladi. Ikkinchisida avvalinu oxirin hamma o'tganlar tiriladi. 74. Ibrohim otasi Ozarga: "Sanamlarni iloh qilib olasizmi? Men Sizni va qavmingizni zalolatda ko'rayapman", - deganini eslang! 75. Shu tarzda Ibrohimga osmonlar va Yerning mulku saltanati (ajoyibotlari)ni ko'rsaturmiz. Chinakam ishonuvchilardan bo'lishi uchun (shunday qildik). 76. Tun zulmati uni qoplaganda yulduzni ko'rib: "Mana shu - rabbim", - dedi. (U) botib ketganda esa: "Botib ketuvchilarni yoqtirmayman", - dedi. 77. Chiqayotgan oyni ko'rib: "Mana shu - rabbim", - dedi. Botib ketganda esa: "Agarda Rabbim meni hidoyatga solmasa, albatta, adashganlar qavmidan bo'lib qolurman", - dedi. 78. Chiqayotgan quyoshni ko'rib: "Mana shu - rabbim. Shu kattaroq-ku!" - dedi. Botib ketganda esa: "Ey, qavmim, albatta, men sizlar keltirayotgan shirkdan bezordirman. Izoh: Ibrohim (a. s.) ulug' payg'ambarlardan bo'lib turib nechun quyosh, oy, yulduzlarni rabbim dedi, degan savol tug'ilishi tabiiy. Javobiga mufassirlar aytmishlarki, Xalilulloh bu so'zlarni chin dillari bilan e'tiqodan aytganlari yo'q, balki ularga sig'inadigan mushriklarni masxara qilib, "shu ham parvardigor bo'ldimi, botib ketishini qaranglar"- demoqchi bo'lganlar. 79. Men to'g'ri yo'lni tanlagan holimda yuzimni osmonlar va Yerni ixtiro etgan Zotga qaratdim. Men mushriklardan emasman", - dedi. 80. Qavmi u bilan bahslashdi. (Shunda) u dedi: "Men bilan Alloh haqida bahslashasizlarmi? Axir, (U) meni hidoyatga yo'llagan bo'lsa?! Men sizlar keltirgan shirkdan qo'rqmayman. Illo, Rabbim biror narsani xohlasa (o'sha bo'lur). Rabbim ilm jihatidan har narsani qamrab olgan. (Buni) eslab ko'rmaysizlarmi? 81. Sizlar keltirgan shirkdan qanday ham qo'rqayinki, sizlarga biror hujjat qilib tushirmagan narsani Allohga shirk keltirishdan qo'rqmayotgan bo'lsalaring?!" (Bu) ikki guruhning qaysinisi (qo'rqmay) xotirjam bo'lishlikka haqliroqdir? Biladigan bo'lsangiz (ayting!) 82. Imon keltirgan va imonlarini zulm (shirk) bilan qorishtirmaganlar - aynan o'shalarga xavfsizlik (bordir) va ular to'g'ri yo'l topganlardir. 83. Ibrohimga qavmi ustidan bergan hujjatimiz ana shudir. Xohlagan kishimizni darajalarga ko'tarurmiz. Albatta, Rabbingiz hikmat va ilm sohibidir. 84. Unga (Ibrohimga) Ishoq va Ya'qubni ato etdik. Hammasini hidoyatga yo'lladik. Oldin Nuhni ham hidoyatga yo'llagan edik. Uning zurriyotidan Dovud, Sulaymon, Ayyub, Yusuf, Muso va Horunni (ham yo'lladik). Chiroyli ish qiluvchilarni mana shunday taqdirlaymiz. 85. Zakariyo, Yahyo, Iso va Ilyosni (ham hidoyatga yo'lladik). Hammasi solihlardandir. 86. Ismoil, al-Yasa', Yunus va Lutni ham (hidoyatga yo'lladik). Hammalarini olamlar uzra afzal qildik. 87. Shuningdek, ularning ota-bobolaridan, zurriyotlaridan va aka-ukalaridan (ba'zilarini ham afzal qildik). Ularni tanlab olib, To'g'ri yo'lga ravona qildik. 88. Allohning hidoyati shudir. U bilan xohlagan bandalarini yo'lga soladi. Agar mushrik bo'lganlarida qilgan (savobli) amallari yo'qqa chiqqan bo'lur edi. 89. Ana o'shalar Biz Kitob, hukm (Hikmat) va payg'ambarlik bergan zotlardir. Agar ularni ana ular (Makka mushriklari) inkor etsalar, ularni inkor etmaydigan qavmni ularga vakil qilib qo'yganmiz. Izoh: Ya'ni payg'ambarni vakil qilib qo'yishimiz mumkin. Ikkinchi tafsiri - barcha mo'min-musulmonlarga, uchinchi tafsiri - arab bo'lmagan xalqlarga, to'rtinchi tafsiri - farishtalarga vakolat berurmiz, so'ngra ular o'z ishlarini qilurlar. 90. Aynan o'shalar Alloh hidoyatiga musharraf bo'lgan zotlardir. Bas, (Siz ham) ularning yo'liga iqtido qiling! Ayting: "Sizlardan uning (payg'ambarlik xizmati) uchun haq so'ramayman. U faqat olamlar uchun eslatmadir". 91. Allohni qadriga loyiq qadrlamadilar, dedilarki: "Alloh bashar (zoti)ga hech narsa nozil qilgan emas"*. Ayting: "Odamlar uchun nur va hidoyat sifatida Muso keltirgan, sizlar uni sahifa-sahifa qilib olib (bir qismini) oshkora, ko'pini esa maxfiy tutgan va (unda) o'zlaringiz va ota-bobolaringiz bilmagan (ilm)larni bildirilgan Kitob (Tavrot)ni kim nozil qilgan edi?" (Yana o'zingiz:) "Alloh (nozil qilgan edi)", - deb ayting! So'ngra ularni o'z ravishlariga qo'yib bering - o'ynab (adashib) yuraversinlar. Izoh: Bu oyatning nozil bo'lishi sabablaridan biri, tafsirlarda aytilishicha, Muhammad (a. s.)ning huzuriga Molik ibn as-Sayf degan bir yahudiy dinining peshvosi kelib, ahmoqona bahs boshlaydi. Rasul (a. s.): "Tavrotda Alloh taolo semiz ulamoni yoqtirmaydi, deyilmaganmi?" - deb so'raydilar. U: "(Ha, shunday) deyilgan", - deb javob beradi. Rasul (a. s.): "Unda sen nechun buncha semizsan?" - deganlarida, u darg'azab bo'lib: "Alloh hech bir insonga (shu jumladan Musoga ham) ilohiy kitob (Tavrot) tushirgan emas", - deb hatto o'z diniga ham shakkoklik qilgan ekan. 92. Bu (Qur'on) bir muborak, o'zidan oldingi (ilohiy kitoblar)ni tasdiqlovchi, Ummulquro* (deb atalmish Makka ahli)ni va uning atrofidagi kishilarni ogohlantirishingiz uchun Biz nozil qilgan Kitobdir. Oxiratga imon keltiradiganlar unga (ham) imon keltiradilar va ular namozlarini muhofaza qiladilar (davomatli o'qiydilar). Izoh: "Ummulquro" - shaharlar onasi. 93. Alloh sha'niga yolg'on to'qigan, hech narsa vahiy qilinmagan bo'lsa-da, "Menga vahiy qilindi", - degan, shuningdek, "Alloh nozil etgan kabi (men ham oyatlarni) nozil qilaman", - degan kimsalardan kim ham zolimroqdir? Bu zolimlarni o'lim iskanjasida (qolganlarida) farishtalar qo'llarini (ularga) cho'zib: "Jonlaringni chiqaringlar! Bugun Alloh sha'niga nohaq (noloyiq sifatlar)ni gapirganingiz va Uning oyatlariga (amal qilishdan) kibrlanganingiz sababli xorlik azobi bilan jazolanasizlar", - deb turgan holatlarini (bir) ko'rsangiz edi! 94. Alloh qiyomat kuni aytur: "Huzurimizga sizlarni birinchi marta qanday yaratgan bo'lsak, shunday yolg'iz-yolg'iz keldingiz. Sizlarga (mulk qilib) bergan (boylik)larni ortingizda qoldirdingiz. Oralaringizda (Allohga) sherik deb gumon qilib yurgan shafoatchi (oqlovchi)laringizni sizlar bilan birga ko'rmayapmiz. Orangiz uzilib qolibdi. (Oqlaydi deb) o'ylab yurgan (but)laringiz (esa) sizlardan g'oyib bo'libdi". 95. Alloh don va urug'larni yoruvchi (va undiruvchi)dir. O'likdan tirikni chiqaradi va (U) tirikdan o'likni chiqaruvchidir. Ana o'sha Allohdir. Bas, qayoqqa og'ib ketayapsizlar? 96. (U) tong ottiruvchidir. Tunni oromgoh, quyosh va oyni esa hisob belgilari qilib qo'ydi. Bu qudratli va dono zotning o'lchovidir. 97. U sizlar uchun quruqlik va dengiz qorong'uliklarida yo'l topishingiz uchun yulduzlarni yaratgan zotdir. Biladigan kishilar uchun oyatlarni keng bayon qildik. 98. U sizlarni bir jon (Odam Ato)dan paydo qilgan zotdir. Demak, (inson uchun ona qorni) qarorgoh va (ota pushti) omonatgoh (ekan). Fahmlaydigan qavm uchun oyatlar tafsilotini berdik. 99. U osmondan suv (yomg'ir) tushirgan zotdir. U bilan har narsani (yerdan) undirib chiqardik. Undan yashil giyoh (poliz ekinlari)ni chiqardik. Undan (boshoq kabi) zich tarkibli donlarni chiqaramiz. Xurmodan esa, uning shoxidagi (meva) boshlari (yerga) yaqini (va yaqin bo'lmaganlari) bor. Shuningdek, uzumzor bog'lar, bir-biriga o'xshagan va o'xshamagan zaytun va anorlarni (chiqardik). Ularning mevalagandagi (g'o'r) mevasiga va pishganiga (ibrat ko'zi bilan) boqing! Shu (bilgan)laringizda, albatta, imonli qavmlar uchun alomatlar bordir. 100. Allohga jinlarni sherik qildilar. Vaholanki, ularni (O'zi) yaratgan. Bilmagan holda Unga o'g'il va qizlarni to'qib chiqardilar. U (Alloh) bular tavsif etayotgan (sifat)lardan pok va a'lodir. 101. (U) osmonlar va Yerning ixtirochisidir. Uning yori (jufti) bo'lmagan bo'lsa, qayoqdan unga farzand bo'lsin?! Hamma narsani yaratdi. U hamma narsaning bilimdonidir. 102. Ana o'sha Alloh Rabbingizdir. Undan o'zga iloh yo'qdir. U hamma narsaning yaratuvchisidir. Bas, Unga ibodat qilingizlar! U har narsa uzra vakil (kuzatuvchi)dir. 103. Ko'zlar Uni idrok etmas. Ko'zlarni U idrok etar. U daqiq narsalarni biluvchi va (hamma ishdan) xabardordir. 104. Rabbingizdan sizlarga dilkash dalillar keldi. Kimki (qalb ko'zi bilan) ko'ra olsa, o'ziga (yaxshi). Kimki ko'rlik qilsa, o'ziga (yomon)dir. Men ustilaringizda qo'riqchi emasman. 105. Sizga (oldingi ilohiy kitoblardan) dars olib o'rgangandirsan, deyishlari uchun va biluvchi qavmga bayon qilib berishimiz uchun (bu) oyatlarni mana shunday tasarruf qilmoqdamiz. 106. Rabbingizdan Sizga vahiy etilgan narsa (oyat)larga ergashing. Undan o'zga iloh yo'q. Mushriklardan (esa) chetlaning! 107. Agar Alloh istasa, (ular) shirk keltirmagan bo'lur edilar. Sizni esa ular ustidan qo'riqchi qilib qo'yganimiz yo'q. Siz ularga muakkal (biriktirilgan) ham emassiz. 108. Allohdan o'zgaga sig'inadiganlar (butlari)ni so'kmangiz! Aks holda, ular haddan oshib, bilmasdan Allohni so'kib yuboradilar. Shunga o'xshab har bir ummat ishini o'ziga chiroyli ko'rsatib qo'ydik. So'ngra qaytar joylari Parvardigorlari huzurigadir. Ana o'shanda ularga qilgan ishlarining xabarini berur. 109. Agar ularga oyat kelsa, albatta, imon keltirishlari haqida jiddu jahd bilan Allohga qasam ichadilar. "Oyatlar Allohning huzuridadir", - deb ayting! Qaydan ham bilursizlar, (oyatlar) kelganda ham, balki imon keltirmaslar. 110. Birinchi marta unga imon keltirmaganlaridek, dillari va ko'zlarini teskari qilib qo'yamiz va o'z tug'yonlarida gangib yurgan hollarida ularni tark eturmiz. 111. Mabodo, Biz ularga farishtalarni tushirsak va o'liklar (tirilib) ularga gapirsa hamda hamma narsani kafil sifatida ularga (ularning muqobiliga) jam qilganimizda ham Alloh xohlaganidan boshqalari imon keltirmagan bo'lar edilar. Lekin, ularning aksariyati (buni) bilmaydilar. 112. Shuningdek, har bir payg'ambarga insu jin shaytonlarini dushman qilib qo'ydik. Ular aldash maqsadida soxta xushsuxanlik bilan bir-birlariga vasvasa qiladilar. Agar Rabbingiz xohlasa, (bunday) qilmagan bo'lur edilar. Ularni to'qiyotgan (bo'hton)lari bilan birga qo'yavering. 113. Shuningdek, har bir payg'ambarga insu jin shaytonlarini dushman qilib qo'ydik. Ular aldash maqsadida soxta xushsuxanlik bilan bir-birlariga vasvasa qiladilar. Agar Rabbingiz xohlasa, (bunday) qilmagan bo'lur edilar. Ularni to'qiyotgan (bo'hton)lari bilan birga qo'yavering. 114. (Ularga ayting): "Allohdan boshqa hakam izlayinmi, holbuki, U sizlarga Kitob (Qur'on)ni batafsil nozil qilgan zotdir". Biz Kitob bergan (Ahli Kitob)lar u (Qur'on)ning haqiqatan Rabbingizdan nozil qilinganligini biladilar. Bas, aslo shak qiluvchilardan bo'lmang! 115. Rabbingiz so'zi rostlik va adolatda kamoliga yetdi. Uning so'zlarini o'zgartiruvchi (kuch) yo'q. U eshituvchi va biluvchidir. 116. Yer (yuzi)dagi ko'p kishilar (so'zi)ga itoat qiladigan bo'lsangiz, Sizni Alloh yo'lidan yanglishtiradilar. (Ular) faqat gumonga beriladilar va faqat yolg'onchilik qiladilar. 117. Albatta, Rabbingiz (Uning) yo'lidan yanglishgan kimsani ham yaxshi biluvchi va U hidoyat topganlarni ham yaxshi biluvchidir. 118. Bas, agar Uning oyatlariga imon keltiruvchi bo'lsangizlar, (so'yishda) Allohning nomi aytilgan narsa (ma'lum hayvonlar go'shti)dan yeyaveringizlar. 119. Sizlarga ne bo'ldiki, Allohning nomi aytilgan narsa (hayvon go'shtlari)dan yemaysizlar?! Vaholanki, (U) sizlarga harom qilgan narsalarni, zarurat holatingiz mustasnoligini batafsil bayon qilgan edi. Albatta, ko'pchilik o'z havoyu xohishlari tufayli bilmasdan (o'zlarini) yanglishtiradilar. Albatta, Rabbingiz tajovuzkorlarni biluvchiroqdir. 120. Gunohning oshkorasini ham, maxfiysini ham tark etingizlar! Albatta, gunoh qilganlar qilmishlari tufayli jazolanurlar. 121. Allohning nomi aytilmagan narsalardan yemangizlar! Zero, u fosiqlikdir. Shaytonlar esa, o'z do'stlari (mushriklar)ni sizlar bilan bahslashish uchun vasvasa qilurlar. Agar ularga itoat qilsangizlar, albatta, sizlar (ham) mushrikdirsizlar. 122. O'lik (kofir) bo'lgan odamni (imon bilan) tiriltirib, unga odamlar ichida u sababli yuradigan nur (imon)ni berganimizdan keyin zulmatlar ichida (qolib,) u (yer)dan chiqmaydigan kimsaga o'xshaydimi?! Shunga o'xshash, kofirlarga o'z ishlari ziynatli (ko'rinadigan) qilib qo'yildi. 123. Shuningdek, har bir qishloqda, uning yirik jinoyatchilarini u yerda makr qiladigan etib qo'ydik. (O'zlari) sezmagan holda (ular) faqat o'zlarigagina makr qiladilar. 124. Ularga biror oyat (yoki mo''jiza) kelsa, aytadilar: "Bizga Allohning (boshqa) payg'ambarlariga berilgani kabi oyat (yoki mo''jiza)lar berilmaguncha, sira imon keltirmaymiz". Alloh payg'ambarlikni qayerga qo'yish (ravo ko'rish)ni yaxshi biluvchidir. Jinoyat qilganlarga makr qilganlari sababli Alloh huzurida xorlik va shiddatli azob muhayyodir. 125. Alloh kimni hidoyatga yo'llashni iroda etsa, uning ko'ksi (qalbi)ni Islom uchun (keng) ochib qo'yadi. Kimni adashtirishni iroda etsa, ko'ksini go'yo osmonga ko'tarilib ketayotgandek, tor va siqiq qilib qo'yadi. Shunday qilib, Alloh imon keltirmaydiganlarga (loyiq) jazoni ravo ko'rar. Izoh: Bu oyati karimadagi "ko'ksini go'yo osmonga ko'tarilib ketayotgandek tor va siqiq qilib qo'yadi" - degan jumla Qur'oni karimning eng yuksak ilohiy mo'jiza ekanligiga dalolat qiladi. Zero, ko'kka ko'tarilgan sayin havoning siyraklashuvi nazariyasi fizika va astronomiya fanida hali u davrda kashf qilinmagan edi. 126. Rabbingizning to'g'ri yo'li shudir. Eslatma oluvchi qavm uchun oyatlarni batafsil bayon etdik. 127. Ular uchun Parvardigorlari huzurida tinchlik diyori (jannat) bordir. Qilgan (solih) amallari sababli, U ularning do'stidir. 128. Ularning hammasini jam etadigan Kunda (aytamiz): "Ey, jinlar to'dasi! Insonlardan (siz chalg'itganlar sonini) ko'paytirdingiz-ku?" (Shunda) ularning insonlardan bo'lgan do'stlari: "Ey, Rabbimiz! (Biz shunchaki) bir-birimizdan foydalandik va biz uchun O'zing belgilagan ajalimizga yetib keldik", - deganlarida, (Alloh) aytadi: "Joyingiz - do'zax, u yerda mangu qolursizlar, illo Alloh xohlagan (vaqtlar) bundan mustasnodir. Albatta, Rabbingiz hikmat va ilm sohibidir. " 129. Shunday qilib, zolimlarning qilmishlari sababli birini biriga yaqin (ro'baro') qilib qo'yamiz. 130. Ey, jinlar va insonlar jamoasi! Sizlarga O'zlaring (o'z jinslaringiz)dan payg'ambarlar kelib, sizlarga oyatlarimni aytib, ushbu Kuningizga yo'liqishingizdan ogohlantirgan emasmidilar? Ular (javob berib): "O'zimizga qarshi guvohlik beramiz", - deydilar. Ularni (shu) dunyo hayoti aldab qo'ygan. (Natijada) o'zlarining zarariga, kofir bo'lganlari bo'yicha guvohlik berdilar. 131. Bu (ishimizning boisi) Rabbingizning aholisi g'ofil (ogohlantirilmagan) qishloqlarni zulman halok qiluvchi emasligidir. 132. Har (kim) uchun qilgan amallaridan (kelib chiqib belgilangan) daraja (maqom)lar bor. Rabbingiz (ularning qilayotgan amal (ish)laridan g'ofil emasdir. 133. Rabbingiz boy va marhamatlidir. Agar xohlasa, sizlarni ketkazib (yo'q qilib), sizlardan keyin (o'rningizga) sizlarni boshqa qavm zurriyotidan paydo qilgani kabi O'zi xohlagan (avlod)ni keltiradi. 134. Albatta, sizlarga va'da qilinayotgan narsa (oxiratdagi ishlar) keluvchidir. Sizlar (o'lib ketish bilan bizni) ojiz qoldiruvchi emassizlar. 135. Ayting (ey, Muhammad!): "Ey, qavmim! Makoningizda (o'z aqidangizda) turib, amal qilavering. Men (ham), albatta, amal qiluvchiman. Diyor (oxirat)ning oqibati kimga bo'lishini bilajaksizlar. Albatta, zolimlar tole topmagaylar". 136. (Mushriklar U) yaratgan ekin va chorvalardan Allohga ulush ajratib(o'z aqidalari bo'yicha): "Bu Alloh uchun, bunisi sherik (but)larimiz uchun", - deydilar. Bas, butlari uchun bo'lgani Allohga yetib bormaydi. Alloh uchun bo'lgani sherik (but)lariga "yetib" boradi. Qilgan hukmlari naqadar yomon! 137. Shunday qilib, ko'p mushriklarga o'z sherik (but)lari ularni halokatga uchratish va dinlarini chalkashtirib yuborish uchun o'z bolalarini o'ldirish (kabi noxush ishlar)ni chiroyli (ma'qul) ko'rsatib qo'ydilar. Agar Alloh xohlaganida, buni qilmagan bo'lur edilar. Ularni o'z bo'htonlari bilan (o'z hollariga) qo'yavering. 138. Ular o'z (aqida)laricha: "Bu chorva va ekinlar harom. Ularni faqat biz ravo ko'rganlargina yeydilar. Bu hayvonlarni esa minish harom qilingan. (So'yishda) Allohning nomi aytilmaydigan hayvonlar ham bor", - deb, U (Alloh)ning sha'niga bo'hton to'qiydilar. To'qigan bo'htonlari sababli (U) ularni jazolagay. 139. Yana aytadilarki: "Bu hayvonlarning qorinlaridagi narsalar faqat erkaklarimiz uchundir. Xotinlarimizga esa harom qilingandir". Agar (qorindagi narsa) o'lik bo'lsa, hammalari (eru xotinlar) sherik emish. Bu vasflariga (yarasha Alloh ularni) jazolagay. Albatta, U hikmat va ilm sohibidir. 140. O'z bolalarini ilmsizlik qilib johilona o'ldirgan va Allohga tuhmat qilib, ular uchun Alloh rizq qilib bergan (hayvonlar)ni haromga chiqarganlar, albatta, (o'zlariga) ziyon qildilar. (Ular) haqiqatan adashdilar va to'g'ri yo'lga yuruvchi bo'lmadilar. 141. U (Alloh) shunday zotki, (so'ritoklarga) ko'tarib qo'yiladigan va ko'tarib qo'yilmaydigan (uzumzor) bog'larni, ta'mi turlicha (bo'lgan) xurmo va mevali daraxtlarni, (rang va ta'mda) o'xshash va o'xshamas zaytun va anorlarni paydo qildi. Meva hosil qilganda, mevasidan yengizlar. Hosil yig'ish kunida (muhtojlarga) haqqini (ushri va xirojini) beringlar* va isrof qilmangizlar. Albatta, U isrof qiluvchilarni sevmaydi. Izoh: "Ushr" va "Xiroj" haqida shar'iy hukmlarda ko'p zikr etiladi. Ushr - bu olinadigan hosilning o'ndan birini Alloh yo'liga sadaqa sifatida berish. Xiroj esa, ushrdan ko'proq, hatto hosilning yarmigacha berish. Fiqh kitoblarga murojaat qilinsin. 142. Hayvonlardan esa, yuk ko'taradigan va (so'yish uchun) yotqiziladiganlarini (paydo qildi). Alloh sizlarga rizq qilib berganlaridan yenglar. Shayton izlaridan ergashmangizlar. Albatta, u sizlarga aniq dushmandir. 143. Sakkiz juft (hayvonlar) - qo'ydan ikki (jins) va echkidan (ikki jins)ni (yaratdi). Ayting: "Shu ikki erkagini harom qilganmi yoki ikki urg'ochisinimi yoxud ikkala urg'ochi bachadonlaridagi (homila)nimi? Agar rostgo'y bo'lsangiz, ilm (hujjat) bilan menga xabar beringiz!" 144. Shuningdek, tuyadan ikki (jins), qora moldan ikki (jinsni) yaratdi. Ayting: "Shu ikki erkagini harom qilganmi yoki ikki urg'ochisinimi yoxud ikkala urg'ochi bachadonlaridagi (homila)nimi? Yoki Alloh shu (hukm)ni buyurayotganiga guvohmisizlar? Odamlarni adashtirish uchun ilmsizlik bilan Alloh sha'niga yolg'on to'qigan kimsadan kim ham zolimroqdir?!" Albatta, Alloh zolimlar qavmini hidoyat etmagay. 145. Ayting: "Menga vahiy qilingan narsa (Qur'on)da yeydigan kishiga o'limtik, to'kilgan qon, cho'chqa go'shti - u, albatta, palid - va (so'yishda) Allohdan o'zganing nomi atalgan "fisq" (hayvon)dan boshqa yeyish harom qilingan narsani topmayapman". Bas, kimki zaruratda qolib, (boshqaga) zulm qilmagan va (zarurat) haddidan oshmagan holda (ularni yesa), albatta, Rabbingiz kechirimli va rahmlidir. 146. Yahudiy bo'lmish kimsalarga barcha tuyoqli (hayvon)larni harom qildik. Sigir va qo'ylardan yog'larini ularga harom qildik. Illo, biqinlaridagi yo ichlaridagi yoki suyakka qotishgan narsa (yog'lar)ni (harom qilmadik). Bu ularning tajovuzkorliklari sababli jazolaganimizdir. Biz, albatta, rostgo'ydirmiz. 147. Agar Sizni yolg'onchiga chiqarsalar, ayting: "Rabbingiz rahmati kengdir. Uning azobi (esa) jinoyatchilar qavmidan qaytarilmaydi". 148. Mushrik bo'lmish kimsalar: "Alloh xohlaganida biz ham, ota-bobolarimiz ham mushrik bo'lmagan va biror (halol) narsani harom qilmagan bo'lur edik", - deyishadi. Ulardan oldingilar ham, to azobimizni totmagunlaricha, (payg'ambarlarni) xuddi shunday yolg'onchiga chiqarganlar. Ayting: "Sizlarda bizga chiqaradigan (ko'rsatadigan) ilm (hujjat) bormi? Sizlar faqat gumonga ergashmoqdasiz va sizlar faqat yolg'on so'zlamoqdasiz". 149. Ayting: "Yetuk hujjat faqat Allohnikidir. Agar xohlaganda edi, hammalaringizni (hidoyatga) yo'llagan bo'lur edi". 150. Ayting: "Mana shu (narsalar)ni Alloh harom qilganligiga guvohlik beruvchi guvohlaringizni keltiringiz!" Agar guvohlik bersalar, (Siz) ular bilan birga guvohlik bermang. Bizning oyatlarimizni yolg'onga chiqarganlarning havoyi (nafs)lariga ergashmang! Ular Parvardigorlariga (o'zgalarni) tenglashtirayotirlar. 151. Ayting: "Kelinglar, Rabbingiz sizlarga harom qilgan narsalarni o'qib beray: - U zotga biror narsani sherik qilmangiz, ota-onaga yaxshilik qilingiz, bolalaringizni qashshoqlikdan (qo'rqib) o'ldirmangiz - Biz sizlarni ham, ularni ham rizqlantirurmiz - fahsh ishlarning oshkorasiga ham, pinhonasiga ham yaqinlashmangiz, Alloh taqiqlagan (jon)ni nohaq qatl qilmangiz! Aql yurgizishlaringiz uchun (Alloh) hukm qilgani shu(lar)dir. 152. To voyaga yetgunicha yetimning moliga yaqinlashmangiz, magar chiroyli yo'l bilan (bo'lsa durust). O'lchov va tarozini adolat bilan to'la ado etingiz! Hech bir jonni toqatidan tashqarisiga taklif (amr) qilmaymiz. Gapirganingizda (guvoh sifatida) garchi qarindoshingiz bo'lsa ham, adolatli bo'ling! Allohning (olgan) ahdiga esa vafo qiling. Eslatma olishlaringiz uchun (Alloh) qilgan hukm(lar)i mana shu(lar)dir. 153. Albatta, mana shu (Mening) To'g'ri yo'limdir. Unga ergashingizlar! (Boshqa turli) yo'llarga ergashmangiz! Aks holda, ular sizlarni Uning yo'lidan ayirib qo'yadi. Taqvoli bo'lishlaringiz uchun (Alloh) qilgan hukm(lar)i mana shu(lar)dir". 154. So'ngra, chiroyli (savobli) amal qilgan(lar)ga (ne'matlarimizni) mukammal berish va barcha narsa tafsiloti uchun hamda hidoyat va rahmat bo'lishi uchun Musoga Kitob (Tavrot)ni berdik, toki ular (Isroil avlodi) Parvardigorlari bilan muloqotda bo'lishlariga imon keltirsinlar. 155. Mana bu Biz nozil qilgan muborak Kitob (Qur'on)dir, unga ergashingiz va taqvoli bo'lingiz, toki rahm qilingaysizlar. 156. "Bizdan oldingi ikki toifaga kitob nozil qilingan edi. Biz esa ularni o'rganishdan g'ofilmiz", - deyishlaringiz 157. yoki: "Agar bizga (ham) kitob nozil qilinganda edi, biz ulardan ko'ra hidoyatliroq bo'lar edik", - deyishlaringiz (Bizga ma'lum bo'lgani uchun Qur'onni nozil etdik). Albatta, sizlarga Rabbingizdan hujjat, hidoyat va rahmat keldi. Bas, Allohning oyatlarini yolg'onga chiqargan va ulardan yuz o'girgandan ko'ra kim zolimroq ekan?! Oyatlarimizdan yuz o'girganlarni, yuz o'girib yurganlari tufayli yomon azob bilan jazolagaymiz. 158. Ular faqat (jon oluvchi) farishtalar kelishini yo Rabbingiz (azobi) kelishini yoki Rabbingiz belgilari (qiyomat alomatlari)dan ba'zisi kelishinigina kutmoqdalar. Rabbingiz belgilaridan ba'zisi kelgan kuni esa, oldin imon keltirmagan yoki imonida yaxshilik orttirmagan jonga (bu) imoni foyda bermaydi. Ayting: "Kutaveringiz, biz ham kutuvchilarmiz". 159. Dinlarini (firqalarga) bo'lib, (turli) guruhlarga aylanganlar (uchun) biror narsada (Siz mas'ul) emassiz. Ularning ishi Allohga (havola). So'ngra (U) ularni qilib yurgan amallaridan ogoh qilur. 160. Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o'n barobar (ko'paytirib yozilur). Kimki (bir) yomon (gunoh ish) qilsa, faqat o'sha (gunoh) miqdorida (bir gunohga yarasha) jazolanur. Ularga zulm qilinmagay. 161. Ayting: "Rabbim meni To'g'ri yo'lga, rost dinga, (haq yo'lda) barqaror Ibrohimning diniga yo'lladi. (U) mushriklardan emas edi". 162. Ayting: "Albatta, namozim, ibodatim va hayotu mamotim olamlar Rabbi Alloh uchundir. 163. Uning sherigi yo'qdir. Mana shu(aqida)ga buyurilganman va men (Allohning buyruqlariga) taslim etuvchilarning avvaliman. " Izoh: Ya'ni o'zim da'vat qilayotgan dinga o'zim birinchi bo'lib kirganman. 164. Ayting: "Allohdan o'zga parvardigor qidirayinmi, vaholanki, U har narsaning Rabbi bo'lsa?!" Har bir jon (egasi) faqat o'zi uchun ish qiladi. (Hech bir) ko'taruvchi (gunohkor) o'zga (jon)ning yuki (gunohi)ni ko'tarmaydi. So'ngra qaytish joyingiz Alloh huzuridir. O'shanda sizlarga kelisha olmay yurgan (ish)laringizdan xabar berur. 165. U sizlarni Yerning xalifalari qilib qo'ygan va ato etgan (ne'mat)larida sizlarni sinash uchun ba'zilaringizni ba'zilaringizdan (yuqori) darajalarga ko'targan zotdir. Albatta, Rabbingiz jazoda tezkor va U kechirimli va rahmlidir.